Zaharlanishdan qo‘rqasizmi?
Unda xantal sizga ko‘makchi
Ushbu o‘simlik urug‘ida 25-35 foiz yog‘ mavjud. U preslash orqali olinadi. Gorchitsa o‘ziga xos, o‘tkir va xushbo‘y hidli ziravor bo‘lib, uning turi juda ko‘p. Ammo, uning oq, jigarrang va qora rangli turi oziq-ovqat sanoatida keng qo‘llaniladi.
Oq xantal O‘rta Yer dengizi hududida, uning jigarrang turi esa Himolay tog‘lari yon bag‘rida o‘sadi. Qora rangli xantal o‘simligi Yaqin Sharqdan boshqa o‘lkalarga tarqalgan. Qizig‘i shundaki, 5 ming yil muqaddam yozilgan sanksirt tilidagi qo‘lyozmalarda ham xantal o‘simligi urug‘ining shifobaxsh xususiyatlari tilga olingan. Qadimgi Gretsiyada xantal bo‘tqasini ishtaha ochuvchi ziravor sifatida aholi xush ko‘rib iste’mol qilgan. Xantal pastasini esa rimliklar kashf etishgan.
Tayyor xantal bo‘tqasi o‘tkir hidli va biroz taxir ta’mga ega. Uni go‘shtli, baliqli, sabzavotli taomlar hamda buterbrod, sendvich va shuningdek, pitssa kabi yeguliklar bilan iste’mol qilish mumkin. Chunki, gorchitsa nafaqat ishtahani ochadi, balki u badhazm va yog‘li ovqatlarni ham yaxshi hazm qildiradi. Shuningdek, moddalar almashinuvini yaxshilaydi. Xantal so‘lak ajralishini 8 barobarga oshiradi. Bu ziravor yallig‘lanishga qarshi, antioksidant, ya’ni o‘smalar va shishlarning oldini oluvchi hamda yengil surgi doriday ta’sir etuvchi xususiyatga ega mahsulot.
Mutaxassislarning fikricha organizmni sog‘lomlashtirishda ham uning o‘ziga xos o‘rni bor. O‘t pufagi yallig‘lanishi, jigar xastaligi, ateroskleroz (qon tomirlarida yomon xolesterin sababli to‘planib qoladigan yog‘li tiqilmalarni eritishda), hazm buzilganda, meteroizm (el paydo bo‘lsa), revmatizm (bod) kasalligida qo‘llaniladi. Misol uchun, yosh bolalarda ishtaha bo‘lmasa, ular intutiv tarzda xantalni ko‘rsa og‘ziga solishga harakat qiladi. Xantaldan tayyorlangan dori vositalari mahalliy ta’sirlantirish hamda o‘rab oluvchi xususiyatga ega. Ya’ni, xantalli qog‘oz (gorchichnik)lar gripp va O‘RVI (o‘tkir respirator virusli infeksiyalar)da qo‘llanilsa, bemor tanasini yoki oyog‘iga vanna qilinsa, uni qizdiradi.
Biroq, bu muolaja xasta kishining tana harorati ko‘tarilmagan paytda tavsiya etiladi. Yana xantalning uchuvchi efir yog‘lari antibakterial, fitonsid xususiyatga ega bo‘lganligi sababli oziq-ovqat sanoatida ularni tez buziladigan mahsulotlarni saqlashda qo‘llaniladi. Shuningdek, xantal panjarasimon suyak (Gaymor bo‘shlig‘i)dagi tiqilmalarni ochishda yordam beradi. Issiq shishlarning so‘rilishida ham u ijobiy samara beradi.
Agar xantal urug‘ini maydalab, uni asal bilan aralashtirib ichilsa, doimiy ravishda tomoq qichib, yo‘tal tutishini bartaraf etadi.
Erkaklarda mijoz sustligi (impotensiya)ni hamda ayollarda “bachadon bo‘g‘ilishi” xastaligini davolashda ham gorchitsa urug‘i foydali. Mabodo och qoringa yanchilgan urug‘ini kukun holida maydalab, undan ozgina ichilsa, odam tiniq fikrlaydi. Shuningdek, xantal har qanday zaharlanishning oldini oladi va ko‘zni ravshan qiladi. Yana uning tarkibida kaliy, kalsiy, magniy moddalari ham mo‘l.
O‘simlik moyi ham shifobaxsh
Xantal yog‘i tarkibida A, Ye, D, V6, RR, K va R vitaminlari mavjud. Shuningdek, u tabiiy antibiotik ham hisoblanadi. Undan tayyorlangan yog‘ ham antigelmint (gijjalarni haydash) ta’siriga ega. Uning tarkibidagi xlorofillar esa qon tarkibini yaxshilaydi. Ya’ni, qonda oq qon tanachalari – leykotsitlar hamda qizil qon tanachalari – eritrotsitlar va gemoglobin ko‘rsatkichini oshiradi. Agar xantal yog‘i boshqa moylarga qo‘shilsa, u asta-sekin oksidlanadi va ushbu mahsulotlarni uzoq muddatga konservalab qo‘yadi. Bu yog‘ oz miqdorda, ta’bga ko‘ra iste’mol qilinsa, emizikli onalar sutini oshiradi. Organizmda yog‘lar almashinuvi buzilganda, kuyish, terining yuza qismidagi yaralarda va arterosklerozda ijobiy ta’sirga ega.
Xantal kukuni
Xantal kukuni surtilgan dorivor vosita – maxsus to‘rtburchak qog‘ozlar – gorchichniklar hammamizga bolalikdan tanish. Ammo bolada teri kasalliklari (diatez – chilla yara) temiratki va boshqa shu kabi kasalliklar mavjud bo‘lsa bunday muolaja tavsiya etilmaydi. Gorchichniklar ikki kurak usti va umurtqa pog‘onasiga qo‘yilmaydi.
Qarshi ko‘rsatmalar
Xantaldan tayyorlangan dori vositalarini buyraklar yallig‘langanda hamda sil xastaligida, shuningdek, me’da-ichak tizimi kasalliklari gastrit, me’da va o‘n ikki barmoq ichak yarasida tavsiya etilmaydi. Xantal bo‘tqasini ko‘p iste’mol qilish qizilo‘ngach shilliq qavatini kuyganday ta’sirlantirib, yallig‘lantiradi. Shuningdek, bu mahsulot xafaqon (gipertoniya) kasalligida, yurak – qon tomir tizimi xastaliklarida hamda allergiyaga moyil bemorlarga ya’ni, astma (ziqqinafas)da tavsiya etilmaydi.
Gulchehra ShIRINOVA