Orombaxsh musiqa – ruh ozig‘i

Qadimda ma’noli so‘z va mumtoz musiqa barcha xalqlarda muqaddas sanalgan. Dunyo so‘z tufayli yaralgan bo‘lsa, odam jismiga jon musiqa yordamida kirgan, degan rivoyat azaldan ko‘pgina xalqlarning bitiklarida mavjud.

Inson hayotida qo‘shiqning hamisha o‘z o‘rni, o‘z vazifasi bo‘lgan. Qo‘shiq kishilarni yashashga, kurashga chorlagan, mehnatga, muhabbatga ruhlantirgan, ularning dardu qayg‘usiga malham, baxtu quvonchiga sherik bo‘lgan…

O‘tmishda qo‘shiq matnini xalqning eng donishmand, eng tajribali, eng mashhur shoirlari yozishgan. Ular go‘zal, eng ma’noli, eng ta’sirchan so‘zlarni tanlab-tanlab olishgan. Bulbul bilan bahs boylashadigan mohir bastakorlar ularga kuy bastalagan, qumrini dog‘da qoldiradigan hushovoz hofizlar ularni jo‘shib ijro etgan.

Qo‘shiq dunyoda ana shunday muqaddas, ilohiy bir mo‘jiza sanaladi. Undan tom ma’noda zavqlanish uchun mumtoz va zamonaviy ashulachilikda uch muhim jihat-teran ma’noli va ta’sirchan she’r, go‘zal va orombaxsh musiqa, yoqimli va jarangdor ovoz o‘zaro muvofiq kelishi kerak.

Kimdir san’atga oshno bo‘libdimi, demak, uning ko‘nglida birovga yomonlik qilish niyati bo‘lmaydi. Chunki, qo‘shiqlar eng avvalo inson qalbiga ezgulik, insoniylik kabi tuyg‘ularni olib kiradi. Go‘zallikni teran anglagan inson oddiy bir bargning shivirini tinglab ham halovat topishi mumkin Lekin inson uchun u dunyoga kelgach, ilk bora eshitadigan qo‘shig‘i – bu alla hisoblanadi. Alla eshitib, ulg‘aygan yigit-qizlarga onasi o‘zining yurak tubidagi eng inja tilaklarini bildiradi. Pok qalbdan chiqqan so‘zlar esa ezgu duolardek ijobat bo‘lsa ne ajab.

Tadqiqotchilar Abu Ali ibn Sinoning musiqaga oid asarlar yaratib, ularning faqat bir qismi bizgacha yetib kelganligi haqida ma’lumot beradilar. Shulardan biri “Musiqa bilimiga oid to‘plam” bo‘lib, bunda alloma tovushning sezgi a’zolariga ta’siri, uning yoqimli va yoqimsizligi, uni eshitganda lazzatlanish yoxud g‘azablanish hissining paydo bo‘lishi kabi masalalarga to‘xtaydi. Bu asarda musiqaning kishi hayotiga qanchalik zarurligi haqida ham fikrlar bayon etiladi. Uning fikricha, inson tabiatan yoqimli narsalar orqali yengil tortsa, uning aksi holatida esa oromi yo‘qolib, ruhi bezovta bo‘ladi. Inson ma’naviy-ruhiy kamolotga musiqa san’atisiz erisha olmaydi.

Homila asab tizimining to‘g‘ri rivojlanishiga va uning faoliyati takomillashishiga ko‘p narsalar ta’sir qiladi. Biroq, biz ularga doimo e’tiborsiz bo‘lamiz. Masalan, ko‘pchilik kishilar kundalik eshitadigan milliy musiqalarimizni asabga qanday ta’siri borligi xususida bosh qotirishmaydi. Vaholanki, me’yorida eshitilgan musiqa sog‘lom kishilarga qanchadan qancha kuch-quvvat baxsh etadi. Hattoki, bemor asablarini davolashga ham yordam beradi. Shveysar etnografi O. Shtel “Gipnoz va tetiklik vaqtida omma ongiga ta’sir o‘tkazish” kitobida qadimgi Xorazm tabiblari o‘lim to‘shagida yotgan bemorlarni surnay, nog‘ora, doira yordamida tetiklashtirishga harakat qilganlarini yozib qoldirgan. Faqat unda qanday musiqa chalinganligi yozib o‘tilmagan. Balki, bu musiqa “Surnay navosi”dir yoki “Surnay lazgisi”dir, degan taxminlar bor. Chunki, bunday musiqa ohanglarida shunday kuch borki, u faqatgina sog‘lom kishini kuch-quvvatga to‘ldirish emas, balki bemorni jonlantirish va harakatga keltirish xususiyatiga ham egadir. O‘tmishda turli millatlarda askarlar jangga otlanganda ularni ruhlantirish uchun musiqa chalingan. Ajdodlarimiz karnay va nog‘ora sadolari ostida dushman bilan olishgan.

Yana o‘qing:  «To‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzi» umummilliy harakati nimalarni o‘z ichiga oladi?

Bundan bir necha yillar muaddam germaniyalik mutaxassilar homilador ayollarga klassik musiqalarni eshittirib ko‘rishgan. Taqdiqotlarda ishtirok etgan bo‘lajak onalarning farzandlari keyinchalik ruhan sog‘lom, asablari tinch bo‘lib o‘sganligi kuzatilgan. Ammo rep yo‘nalishidagi og‘ir musiqalar inson fe’l-atvoriga salbiy ta’sir etib, uni jazavaga soladi, hamda ruhiyatda tajovuzkorlikni uyg‘otadi. Homila va go‘daklar uchun bunday qo‘shiq va musiqalarni tinglash hatto, halokatli ta’sir etishi mumkin. Shunday ekan farzandingiz qanday musiqa tinglashiga befarq bo‘lmang, aziz ota-onalar!

Tabiblar qaysi cholg‘u asbobi qaysi kasallikka ijobiy ta’sir qilishini yaxshi bilishgan.

Masalan, ular vazmin musiqa ohangi qon bosimini pasaytirsa, sho‘x musiqa esa aksincha qon bosimini oshirish xususiyatiga egaligini anglaganlar.

Hozirgi vaqtda ruhshunoslar (psixologlar), ruhshunos-shifokorlar (psixoterapevtlar)ning ko‘pchiligi turli ta’sirchan musiqa ohanglaridan bemor salomatligini tiklashda foydalanishayotir.

Qarshixon XOLXO‘JAYEV,

tibbiyot fanlari nomzodi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: