Qobusnoma – qadimiy odobnoma
Uning yoshlar tarbiyasida ahamiyati katta
Ajdodlarimiz qadimdan yoshlar tarbiyasiga alohida e’tibor berib kelishgan. Yurt taqdiri, ravnaqi yoshlar ta’lim-tarbiyasiga chambarchas bog‘liq ekanini dildan his etgan.
Darhaqiqat, biz ham ota-bobolarimiz an’analariga amal qilib farzandlarimiz tarbiyasiga jiddiy e’tibor qaratayapmiz. Xususan, Prezidentimiz tashabbusi bilan kitobxonlik madaniyatiga, kitob orqali bolalarni tarbiyalashga erishmoqdamiz. Bu borada bizdan oldin o‘tgan dunyo ilm-fani, madaniyati, adabiyoti va san’atiga munosib hissa qo‘shgan ulug‘ siymolar yaratgan ishlari biz uchun asosiy qo‘llanmaga aylanmoqda. Ana shunday nodir asarlardan biri Kaykovusning “Qobusnoma”sidir. Afsus bugun ba’zi yoshlarimiz ushbu kitob mazmunidan bexabar qolmoqdalarki, bu aynan ularning “ommaviy madaniyat”ga ko‘r-ko‘rona, bilib-bilmay, tushunib-tushunmay ergashayotganlarida bilinmoqda desak, ayni haqiqatni gapirgan bo‘lamiz.
Mazkur asar hayot sinovlarida toblangan insoniy tuyg‘ular haqida. Xususan, kitobda shoh Kaykovus o‘zining hayotiy tajribalari bilan o‘g‘li Gilon shohni tarbiyalashni istaydi va o‘zining bu pand-nasihatlarini dilbandi uchun eng qimmatbaho meros deb ta’kidlaydi. U o‘z asari “Qobusnoma”da farzandi Gilon shohga murojaat qilib deydi: “Ey farzand, umidim shuki, sen shu pandlarni qabul qilgaysan. Bilgilki, xalqni rusmi, odati shundayki, yugurib-elib, qidirib-axtarib dunyodan biror narsa hosil qiladilar va narsalarini o‘zlarining yaxshi ko‘rgan kishisiga qoldirib ketadilar. Men dunyoda mana shu so‘zlarni hosil qildim, sen mening uchun eng qimmatbaho xazinasan. Menga safar vaqti yaqinlashdi, dunyodan nima hosil qilgan bo‘lsam, sening oldingga qo‘ydim, toki o‘zingga bino qo‘ymagaysan va o‘zingga nomunosib ishlarni qilmagaysan”.
Shoh Kaykovus bola tarbiyasiga katta e’tibor qaratgan. Ayni uning “Qobusnoma” asarida tarbiya, axloq masalalari asosiy o‘rinni egallaydi.
Kitob 44 bobdan iborat. Kaykovus “Ota-onani hurmatlash haqida” bobida g‘oyat muhim bir fikrni bayon qiladi. Bu o‘rinda o‘zbek va tojik xalqlarining “Nima eksang, shuni o‘rasan” degan mashhur bir maqolini ishlatadi. Unga ko‘ra kishi odamlarga yaxshilik qilsa, kattalarga hurmat, kichiklarga muruvvat qo‘lini cho‘zsa, uning bu ezgu ishlari boshqalardan qaytadi, yomonlik, dilozorlik kabi qilmishlari ham, albatta, o‘ziga o‘zgalardan qaytadi.
Kaykovus yana ushbu bobda o‘g‘liga nasihat qilib deydi: “… o‘z farzanding seni hurmat qilishini istasang, sen ham ota-onangni hurmatini joyiga qo‘y, zero sen ularga qanday munosabatda bo‘lsang, xuddi shunday o‘zingga qaytgay”. U bu bilan ota-onaning ko‘nglini ranjitmaslikka, ularni hurmatini qilib, shirinso‘z bilan xushmuomala bo‘lishga undaydi.
Kaykovus o‘g‘lini xalqqa yaqinlashishga, uning manfaatini ko‘zlashni farzandiga uqtiradi: “Xalqning ozgina yaxshiligini ko‘p ko‘rgil, qaysi narsa xalq manfaatiga yaqin turishini o‘rgan”, – deya yozadi.
Baland martabaga erishishni nasl-nasab bilan bog‘lamaydi, balki aql-idrok va hunar bilan bog‘laydi.
Kaykovus o‘z asarida tarbiyaga alohida e’tibor qaratar ekan, tarbiyani inson aqlini va shaxsiy hayotni shakllantiruvchi omillardan deb biladi. Bunda inson ruhiyatini yuksaklarga ko‘tarishni ilgari suradi, salbiy illatlarning sabablarini izlaydi. Xususan, insonning kamol topishida tarbiyaning ta’sir o‘rni yuqori ekanligini e’tirof etishni burch deb biladi. Uning fikricha, yoshlarga tarbiya berishdan maqsad ularni nafaqat bugun, balki kelajak uchun ham kerakli shaxslar qilib voyaga yetkazishdir. Shuning uchun muallif asarda yoshlarning xulq-atvoriga, fe’liga alohida e’tibor beradi. Shuningdek, asarda do‘stu dushmanga qanday munosabatda bo‘lish kabi masalalar ham yoritilgan. Bola boshidan degandek, farzandni tug‘ilgandan tarbiyalash, unga odob-axloq me’yorlarini o‘rgatish, ilmu hunarli qilish, bolaning mehnatga bo‘lgan ko‘nikmasini hosil qilish zarurligini, aks holda “kechikkan” tarbiyaning hech bir ta’siri bo‘lmay, zarur samarani bermasligini Kaykovus aytib o‘tgan. “Qobusnoma”da yoshlikda bor kuch-quvvatni bilim olish, kasb-hunar o‘rganishga sarflash ayni muddao ekanligi ta’kidlangan.
Yoshlarni milliy qadriyatlar, sharqona odob-axloq ruhida tarbiyalashni istar ekanmiz, bu kabi asarlarni ularga ulashish bu boradagi eng ezgu ishlardandir.
Malohat BADALBOYEVA,
Respublika IIV Yong‘in xavfsizligi instituti
Gumanitar va ijtimoiy-iqtisodiy fanlar kafedrasi katta o‘qituvchisi