Maktab va moslashuv

Birinchi sinf o‘quvchisining ruhiyatidagi o‘zgarishlar jarayoni

Inson hayotida unutilmas daqiqalar ko‘p bo‘ladi. Ana shunday betakror lahzalardan biri ilk bora maktab ostonasiga qadam qo‘yish, o‘quvchi degan nomga erishishdir.

Tabiiyki, bu davrda ularning ruhiyatida turli o‘zgarishlar ro‘y beradi. Bolada o‘z hatti-harakatlari, xulq-atvorini boshqalar bilan taqqoslash va o‘zini xolis baholay olish xususiyatlari paydo bo‘ladi. Ko‘rgazmali obrazlar, predmetlarni bevosita idrok etadigan tafakkur shakllanadi.

Maktab davriga moslashish jarayoni

Birinchi sinf o‘quvchilarida odatda maktabning tashqi ko‘rinishiga bo‘lgan qiziqish yuqori bo‘ladi. Bolalar uchun u yerga borib-kelish o‘zgacha zavq bag‘ishlaydi. Asta-sekinlik bilan dars soatida o‘tirish, mashg‘ulotlarda ko‘p qolib ketish kabi o‘zgarishlar unga ta’sir eta boshlaydi. Shu sababli iqtidorli pedagoglar bolaga o‘quv yilining boshidan og‘irlik qilmaydigan topshiriqlar, intellektual harakatlar talab qiladigan masalalar berishga harakat qiladi.

Bola dars va uy vazifalarini bajarish bilan bog‘liq yangi kun tartibiga o‘rganishi kerak. Shu sabab kattalar bolaga qo‘yiladigan yangi talablarni tushuntirishlari va ularning bajarilishini nazorat qilishlari lozim.

Keyingisi muloqot jarayoni bilan bog‘liq qiyinchiliklardir. Bunda o‘quvchi sinfdoshlari bilan yangicha munosabat o‘rnatishi zarur bo‘ladi. O‘zgarishlarni u asosan o‘quv yilining o‘rtalarida his qila boshlaydi. Umumiy qilib aytganda bu xatti-harakatlarning ixtiyoriy xususiyati bo‘lib, o‘quvchi ishlarni avvaldan rejalashtirish, ongli ravishda faoliyat maqsadlarini tanlashni o‘rganadi. Ya’ni, u biror masalani yechish davomida har bir harakatning tartibi, variantlarini qidiradi. Maktab yoshida bola xulq-atvorining axloqiy normalari intensiv shakllana boshlaydi. Kichik yoshdagi o‘quvchilar ushbu normalarni o‘zlashtirish uchun psixologik jihatdan tayyor bo‘ladi. O‘qituvchi ulardagi ijobiy axloqiy jihatlarni rag‘batlantirishi, salbiylari shakllanishining oldini olishi zarur. Bu yoshdagi bolalarning o‘zaro munosabatlari asosan tashqi hayotiy va tasodifiy omillar bilan belgilanadi.

Fiziologik o‘zgarish

O‘sish va rivojlanish murakkab jarayon. Bunda butun organizm ishtirok etadi. Ushbu biologik jarayon bir maromda kechadi. Bola jismidagi to‘qimalar va a’zolar katta odam organizmidan sifat va son jihatdan farq qiladi. O‘sishning tezlashish davri, bola hayotining ma’lum bosqichlariga mos keladi. U bola sog‘lig‘i va jismoniy harakatlarining eng muhim ko‘rsatkichi hisoblanadi. Unda organizm rivojlanadi va bu holat tana tuzilishining murakkablashishi demakdir. Rivojlanish tufayli butun organizm vazifalari va xususiyatlari takomillashadi. Kichik maktab yoshidagi bolalarda suyaklari zo‘r berib o‘sadi va mushak kuchi ortadi.

Yana o‘qing:  Onajon

Sut tishlari tushib, o‘rniga doimiy tishlar chiqadi. Bola uy muhiti yoki bolalar jamoasiga hamda maktab hayoti sharoitiga o‘tadi. Harakat va mehnat malakasi shakllana boradi. Bolajonlar bu yoshda kattalar jamoasiga ko‘proq aralishishga intiladi. Maktab yoshidagi bolani mushak-bo‘g‘im boylami juda qo‘zg‘aluvchan bo‘ladi. Bu mushak boylamlari va paylarning kattalarnikiga qaraganda nihoyatda qayishqoq bo‘lishi bilan xarakterlanadi. Unda bolaning qo‘l mushaklari tez rivojlanib, harakatlari tobora tez va ravon bo‘lib boraveradi. Biroq, yetti yoshgacha bo‘lgan bola uzoq davom etadigan mushak zo‘riqishiga bardosh bera olmaydi. Binobarin bir joyda uzoq o‘tirishi yoki to‘g‘ri o‘tirmasligi oqibatida uning umurtqa mushaklari noto‘g‘ri rivojlanishi yoki zo‘riqishi mumkin.

Ushbu davrda umurtqa pog‘onasining barcha bo‘g‘inlari shakllanadi. Miyaning og‘irligi oshib, uning rivojlanish darajasi ortadi, analitik-sintetik faoliyati takomillashadi. Bolaning bo‘yi va og‘irligi mutanosib o‘sadi. Katta mushaklar kichik mushak tizimidan avvalroq rivojlanadi. Shuning uchun bolalar serharakat, yugurib charchamaydigan, lekin yozuv mashqlaridan tez toliquvchan bo‘ladi. Shu sabab 1-2 sinflarda yozuv mashqlari juda ko‘p bo‘lmasligi kerak.

Psixolog Shahnoza XALILOVA

tavsiyalari asosida

Ch. XUSHVAQTOVA

tayyorladi.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: