Sherzodbek xorijda davolandi

Uzoq kutilgan o‘g‘il farzand dunyoga kelganida Bobur aka va Noila opalarning quvonchi ichiga sig‘madi. Yangi mehmonga yaxshi niyatlar bilan Sherzodjon deya ism qo‘yishdi.

Afsuski, ularning xursandchiligi uzoqqa cho‘zilmadi. Tibbiy tekshiruvlardan keyin bolada tug‘ma yurak nuqsoni borligi aniqlandi. Bu xabarni eshitgan ota-ona farzandining og‘ir dardga chalinganidan qattiq tashvishga tushishdi. Sherzodjon ham kun sayin holsizlanib, tez-tez shamollaydigan bo‘lib qoldi.

Shundan so‘ng Bobur aka farzandini Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasi shifokorlari ko‘rigiga olib bordi. Tekshiruvlardan keyin mutaxassislar bemorning ahvoli og‘ir ekanligi, uni imkoni boricha tezroq operatsiya qilish lozimligini ta’kidlashdi. Lekin jarrohlik amaliyoti uchun zarur bo‘ladigan mablag‘ yo‘qligi sababli Bobur aka qiyin ahvolda qoldi. Otaning holatini ko‘rgan shifokor unga yurtimizda bolalar salomatligini tiklash uchun beg‘araz ko‘mak beradigan nodavlat notijorat tashkilotlari borligini tushuntirdi.

Ana shundan keyin Bobur aka “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondining o‘zi istiqomat qiladigan Sirdaryo viloyatidagi filialiga murojaat qildi. Fond mutaxassis xodimlari bemorning ahvoli bilan yaqindan tanishib chiqqach, uni chet ellik shifokorlar qabuliga ro‘yxatga qo‘ydi.

Oradan hech qancha vaqt o‘tmay Sherzodjonni koreyalik shifokorlar chuqur tibbiy tekshiruvdan o‘tkazdi. Xorijlik mutaxassislarning yakuniy xulosasiga ko‘ra u davolanish uchun Koreyaga yuborildi.

Quvonarlisi, operatsiya muvaffaqiyatli o‘tdi. Sherzodjon qisqa muddatli tibbiy muolajalardan so‘ng sog‘-salomat yaqinlari bag‘riga qaytdi.

– Farzandimni salomat ko‘rganimda sevinch yoshlarimni yashirolmadim, – deydi Bobur aka. – Endi o‘g‘lim ham boshqa tengdoshlari qatori sport bilan shug‘ullana olishi, uni ortiq surunkali charchoqlar bezovta qilmasligini o‘ylab, qalbim quvonchga to‘ldi. Sherzodjon hozirda o‘zini ancha yaxshi his qilyapti. Buning uchun hukumatimizdan, qolaversa, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondining jonkuyar xodimlaridan cheksiz minnatdorman.

Shu o‘rinda aytish kerak, bugun yurtimizda onalar va bolalar salomatligini asrash davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. E’tiborlisi, bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni aholiga tushuntirish bo‘yicha davlat tashkilotlari bilan bir qatorda nodavlat va notijorat muassasalari ham samarali faoliyat yuritmoqda. “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi ham bu borada qator xayrli ishlarni yo‘lga qo‘ygan.

Mana bir necha yildirki, fond Koreya Respublikasining qator tibbiyot muassasalari, nufuzli universitetlari bilan hamkorlikda yurtimiz aholisini sog‘lomlashtirish bo‘yicha samarali ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Jumladan, “Cha” universiteti qoshidagi “Pundan Cha” gospitali, “Sedjong” gospitali, Janubiy Koreyaning “JCI-Korea” xalqaro yoshlar tashkiloti homiyligida 2010–2016 yillar davomida 39 nafar yurak tug‘ma nuqsoni bo‘lgan bemor bolalar to‘liq sog‘lomlashtirildi.

Yana o‘qing:  Kursantlar qasamyod qabul qilishdi

– Aholi tomonidan bo‘layotgan murojaatlar soni yildan yilga ortib bormoqda. Xususan, 2016 yil fondga 211 ta ariza kelib tushgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich joriy yilning sentyabr oyida 560 taga yetdi. Hozirgi kunda fond tomonidan sog‘lomlashtirilgan bolalar soni 446 nafarni tashkil etadi, – deydi “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi onalik va bolalik bo‘limi boshlig‘i Jumabek Nurov.

O‘ylaymizki, ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ezgu va xayrli ishlar bundan keyin ham bardavom bo‘lajak.

Charos XUSHVAQTOVA,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: