Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Bugungi kunda mamlakatimizda 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi asosida barcha soha va tarmoqlarda ulkan o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada jamiyat hayotida ezgu qadriyat va an’analarni chuqur qaror toptirishga, xususan, xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodning ma’naviy-intellektual salohiyati, ongu tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirishda, ona Vatani va xalqiga muhabbat va sadoqat tuyg‘usi bilan yashaydigan barkamol shaxsni tarbiyalashda beqiyos ahamiyatga ega bo‘lgan kitobxonlik madaniyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ushbu yo‘nalishda tegishli huquqiy-me’yoriy bazani mustahkamlash, tashkiliy-amaliy ishlarni zamon talablari asosida olib borish, bu masalaga keng jamoatchilikni jalb etish bo‘yicha keyingi paytda birmuncha ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidlash lozim.
Ayni vaqtda o‘tkazilgan kuzatish va tahlillar bu sohada o‘z yechimini kutayotgan bir qator dolzarb muammolar borligi va ularni keng ko‘lamda hal etish zarurligini ko‘rsatmoqda. Xususan, xalqimiz, avvalo, yoshlarning ma’naviy-ma’rifiy, badiiy-estetik talablariga javob beradigan kitoblarni yuksak sifat bilan chop etish, joylarga, ta’lim muassasalariga vaqtida va maqbul narxlarda yetkazish, milliy va jahon adabiyotining eng sara namunalarini tarjima qilish, farzandlarimizda bolalikdan boshlab kitob, jumladan, elektron kitob o‘qish ko‘nikmasini shakllantirish, jamiyatimizda mutolaa madaniyatini yuksaltirish bilan bog‘liq muhim masalalarni hal etish dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda.
Ayniqsa, noshirlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va yanada rivojlantirish, yurtimizda sog‘lom raqobatga asoslangan bosma va elektron kitoblar bozorini shakllantirishni bugun hayotning o‘zi taqozo etmoqda.
Ma’naviy hayotimizni yuksaltirishda ulkan ahamiyatga ega bo‘lgan ana shunday muhim vazifalarni kompleks hal qilish, kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini takomillashtirish, o‘zbek va dunyo adabiyotining eng yaxshi namunalarini internet tarmoqlariga joylashtirish va ularni targ‘ib qilish hamda keng kitobxonlar ommasiga yetkazish ishlarini samarali tashkil etish maqsadida:
- Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Dasturda ko‘zda tutilgan quyidagi asosiy vazifalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilsin:
kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish, noshirlik va matbaa sohalarini yanada rivojlantirishga oid normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan kitoblarni, ayniqsa, bolalarga mo‘ljallangan adabiyotlarni chop etishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash;
kitob mahsulotlari bo‘yicha davlat buyurtmasining asosiy yo‘nalishlarini shakllantirish, adabiy-badiiy, o‘quv-uslubiy, ilmiy-nazariy, ilmiy-ommabop va ko‘rgazmali adabiyotlarni chop etish va tarqatish tizimini takomillashtirish, ixtisoslashtirilgan kitob do‘konlari faoliyatini rivojlantirish;
jahon adabiyotining eng sara namunalarini o‘zbek tiliga tarjima qilish bo‘yicha davlat buyurtmalari berish, ularni zarur nusxalarda yuksak sifat bilan nashr etish va moliyalashtirish tizimini yo‘lga qo‘yish, kitob tarqatish tizimini yanada rivojlantirish va kitob mahsulotlarining narxini shakllantirish va sotish bo‘yicha aniq mexanizmlarni ishlab chiqish choralarini belgilash;
axborot-kutubxona faoliyatini kuchaytirish, ta’lim muassasalari axborot-resurs markazlarining kutubxona fondlari, kutubxonalar, tashkilot va muassasalarning “Ma’naviyat xonalari”ni o‘quv-uslubiy, texnik adabiyotlar, adabiy-badiiy, ma’rifiy va ilmiy-ommabop kitoblar bilan boyitish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash;
nashriyotlar va matbaa sohasi mutaxassislarini, badiiy va texnik muharrirlar, grafikachi rassomlar, axborot-kutubxona xodimlarini tayyorlash, malakasini oshirish va rag‘batlantirish tizimini takomillashtirish;
lotin yozuviga asoslangan yangi o‘zbek alifbosidagi ilmiy-texnik, adabiy-badiiy va ensiklopedik adabiyotlarni yanada ko‘paytirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish;
O‘zbekiston Milliy kutubxonasi va axborot-kutubxona markazlaridagi barcha turdagi axborot-kutubxona resurslarining yagona bazasini shakllantirish va undan boshqa axborot-kutubxona muassasalarida turib foydalanishni ta’minlash;
qishloq aholisiga kutubxona xizmati ko‘rsatish tizimini tashkil etish choralari to‘g‘risida tadbirlar rejasi loyihasini tayyorlash va amalga oshirish;
mamlakatimizda internet orqali zarur adabiyotlarni topish va xarid qilish imkonini beradigan eReader elektron o‘quv qurilmalarini ishlab chiqarishni tashkil etish, ularning axborot bazasiga umumta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari, oliy o‘quv yurtlari uchun darsliklar, o‘quv qo‘llanmalari, o‘quv-uslubiy, ilmiy-nazariy manbalarni joylashtirish, bunday mahsulotlarni arzon narxlarda sotib olish mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar tayyorlash;
mazmunan sayoz, milliy ma’naviyat va qadriyatlarimizga, axloq me’yorlariga mos kelmaydigan, yoshlar tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan adabiyotlarni tayyorlash, bosib chiqarish va tarqatishning oldini olish choralarini ko‘rish;
kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirishga doir targ‘ibot ishlarini tizimli va samarali tashkil etish, bu borada kitobxonlar, kutubxonachi va targ‘ibotchilar o‘rtasida “Eng kitobxon maktab”, “Eng kitobxon mahalla”, “Eng kitobxon oila”, “Eng faol kutubxonachi” kabi ko‘rik-tanlovlarning saralash va respublika bosqichlarini yuqori saviyada o‘tkazishni yo‘lga qo‘yish.
- O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini takomillashtirish hamda axborot-kutubxona faoliyati sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi etib belgilansin.
- Belgilab qo‘yilsinki:
dasturda ko‘rsatilgan chora-tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish tegishli vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda ularning mansabdor shaxslarining ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari har bir shahar va tumanda kitob savdosiga ixtisoslashgan do‘konlarni tashkil etish, ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida yuridik shaxs maqomidagi tadbirkorlik sub’yektlariga foydalanilmayotgan davlat mulki ob’yektlarini tekin foydalanish uchun berilishini ta’minlaydi;
savdo aylanmasida kitob sotish ulushining hajmi 70 foizdan ko‘p bo‘lgan yuridik shaxs maqomidagi tadbirkorlik sub’yektlarining alohida statistik hisobi yuritiladi va ular 2020 yil 1 yanvarga qadar yagona soliq to‘lovini to‘lashdan ozod etiladi;
O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga shu yo‘nalishda muntazam ravishda maxsus ko‘rsatuv va eshittirishlar, maqolalar tayyorlash va e’lon qilish tavsiya etiladi.
- O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, tijorat banklariga kitob savdosiga ixtisoslashtirilgan zamonaviy do‘konlar, shuningdek, nashriyot va matbaa korxonalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ularning aylanma mablag‘larini to‘ldirish hamda yangi kitob do‘konlarini qurish uchun Markaziy bankning yillik qayta moliyalashtirish stavkasidan oshmagan foizlarda imtiyozli kreditlar ajratish tavsiya etilsin.
- O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:
qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
- Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi X.Sultonov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2017 yil 13 sentyabr