Hamdam bo‘l, ezgulik!
“Bori elg‘a yaxshilik qilg‘ilki, mundin yaxshi yo‘q”. Shoh va shoir, ulug‘ bobokalonimiz Zahiriddin Muhammad Bobur ta’biri bilan aytilgan ushbu hikmat mana, necha asr o‘tsa hamki o‘zining qadr-qimmatini yo‘qotgani yo‘q. Aksincha, kundan-kun dolzarbligini oshirib borayapti. Ana shunday qutlug‘ ayyom kunlari arafasida esa kishilarni ezgulikka, yaxshilik qilishga da’vatdek yangramoqda.
Prezidentimiz 2017 yilni Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili deya nomlashni taklif qilgan lahzalardayoq kishilarning qalbidagi umid, ertangi kunga ishonch yanada mustahkamlandi. Axir, buning zamirida millatimizga xos bo‘lgan, qon-qonimizga singib ulgurgan mehr-oqibat, saxovat kabi insoniy fazilatlar mujassam edi. Ayniqsa, umumxalq bayrami – Qurbon hayiti arafasida ana shunday ezgu ishlarni eslaymiz, xotirlaymiz. Birovlarga yordam qo‘lini cho‘zgan kishilarga havas bilan qaraymiz.
Oydan tushganmisiz?
“Tez yordam” shifokori kuyinib gapirdi.
– Oydan tushganmisiz, opa? Yetti soatdan beri ovoramiz. Bunday kimsalar ko‘p, axir.
Ulardan jamiyatga nima foyda?
U biroz mashina oynasidan atrofga razm soldi va yana ayolga so‘z qotdi:
– Sizday odamlar ko‘p bo‘lganda edi, jamiyatimiz bunday qusurlardan tozalangan bo‘lar edi.
Yaqinda Sergeli tumani Qo‘yliq – 5-mavze hududida bir vaqtlar ichkilikka ruju qo‘ygan, sog‘lig‘ini yo‘qotib yurolmay qolgan, ust-boshi kir kishini ko‘rib qolgan ayol shoshilinch tez tibbiy yordamga murojaat qiladi. “Tez yordam” shifokori bilan birgalikda mahalla profilaktika nozirining qabuliga borishadi. U esa xasta kishini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish zarurligini aytadi. Shifokor Abror Mahmudov esa “Mendan o‘tdi, egasiga yetdi” qabilida ish tutmaydi. Bu daydi kishining nasl-nasabi, manzili bilan qiziqa boshlaydi hamda profilaktika noziridan bu borada amaliy yordam so‘raydi.
Xullas, profilaktika nozirining sa’y-harakatlari natijasida sayoq kishi haqidagi qisman ma’lumotlar topildi. O‘zini Rinat Kazakov deb tanishtirgan bu kimsa Mirobod tumani Qo‘yliq – 3-mavzeda istiqomat qilgan. Ma’lum sabablarga ko‘ra uyidan ayrilib, ko‘chada qolgan.
Shu tariqa sayoq kishini Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib kelishadi. Bu yerda uni yuvib-tarab, tibbiy yordam ko‘rsatishadi. Hatto, muassasa jarrohi Ravshan Madiyev xonasida turgan hali ohori to‘kilmagan ko‘ylak va shimini ham unga kiydiradi.
Shifokor profilaktika noziriga qo‘ng‘iroq qilsa, telefon tinimsiz band bo‘ladi. Keyin ular Sergeli tuman IIB ga borishadi. U yerdagi mutasaddi kishining tavsiyasi va ko‘rsatmasi bilan Rinat Kazakov vaqtinchalik maxsus reabilitatsiya markaziga yotqiziladi. Hozir u muassasadagilar parvarishida. U uch mahal issiq ovqat va vaqtincha bo‘lsa ham boshpana bilan ta’minlangan.
Ayol esa kechasi bilan uning kelajagini o‘ylab uxlolmay chiqqanini aytadi. Darhaqiqat, ertaga maxsus reabilitatsiya markazidan chiqqach, Rinat Kazakov qayerga boradi? Mayli, bu boshqa masala. Asosiysi, xalqimizda mehr-saxovat kabi tushunchalar hali ham muqaddas ekanida. Darvoqe, bu ayol ham begona emas, u shundoqqina yonimizda, biz bilan bir jamoada uzoq yillardan beri mehnat qilib kelmoqda. “Tez yordam” vrachi Abrorjon ham qasamiga va insoniy fazilatlarga sodiq shifokor.
Bir kundayoq uch qizga ona bo‘ldi
– Kechirasiz, opajon, – deya yo‘lovchi ayolni to‘xtatdi uch qizdan biri. – Shu atrofda ijara uy yo‘qmi? Ko‘chada qoldik.
Salom-alikdan so‘ng bu qizlar “Mehribonlik” uyida tarbiya topgani, poytaxtga ish izlab kelgani, ayni vaqtda boshpanasiz qiynalayotganidan boxabar bo‘lgan ayol ularni o‘zi turadigan ijara uyi tomon yetakladi. Ko‘ngli ochiq, qo‘li chaqqon qizlar tez orada yangi uyga moslashib ketishdi. Kechagina notanish bo‘lgan ayol bilan ona-boladek apoq-chapoq bo‘lib olishdi. O‘ziga arzimasdek tuyilgan muruvvatidan ayolning ko‘ngli shod. Ular meni ona deb chaqirishayapti, deydi u. Muhimi, ozgina e’tibor, ozgina g‘amxo‘rlik. Qizlar ham o‘z ishini topibdi. Ularning biriga o‘zi tug‘ilgan, tarbiya topgan viloyatidan hukumatimiz tomonidan uy ham ajratib berilibdi. Ha, kishilarning hojatini chiqarmoq, ularning boshiga tashvish tushganda yelkama-elka turmoq ham fazilat. Bu ayol ham tahririyatimizga tez-tez kelib turadi, maqolalari bilan ishtirok etadi.
Bu ikki voqea yonimizda, atrofimizda yurgan ikki saxovatpesha kishining boshidan kechirgani. Ammo atrofga razm solaylik. Bunday ezgu niyatli odamlar, sizu biz bilmagan mehr-oqibatli insonlar qancha!
To‘ydan ortgani “mehribonlik” uyiga
Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda bir voqea sharhi ovoza bo‘ldi. Haqiqatda, tahsinga loyiq ish bo‘libdi. Qizi unashtirib qo‘yilgan ota to‘y maslahatiga yig‘ilganlarni bir gap bilan hayratda qoldirdi.
– To‘yni oddiygina “Xatmi Qur’on” bilan o‘tkazamiz.
Davrada “shivir-shivir” gap tarqaldi. Hamma o‘zicha munosabat bildirishga chog‘landi.
– Ota, – deya oldi o‘g‘il o‘zida jur’at topib va biroz o‘ylanib, – Qo‘ni-qo‘shni, mahalla-ko‘y nima der ekan?
– Qiz meniki, to‘y meni. O‘zim istagandek o‘tkazaman, – dedi ota.
– Qolaversa, – dedi o‘g‘il, – Qudalarning bunga munosabati qanday bo‘larkin?
– U yog‘ini o‘ylamay qo‘yaver, – vazminlik bilan javob qaytardi ota. – O‘zim hammasini yotig‘i bilan ularga tushuntiraman.
– Orzu-havas bilan yig‘ingandik. Buncha mahsulotni nima qilamiz?
– Uvol bo‘lmaydi, – munozaraga nuqta qo‘yadi ota.
To‘y kuni kutilmaganda o‘g‘il otasiga tahsinlar o‘qiydi. Shunday olijanob otasi borligidan faxrlanadi. O‘sha kuni singlisining to‘yi munosabati bilan shahardagi “Mehribonlik” uylarida osh tarqatiladi. Bu ota-bobolarimizdan qolgan ibrat. Mehr, saxovat, oqibatu muruvvat kabi insoniy fazilatlarga beriladigan mukofot ham bebahodir. Darhaqiqat, bu voqealar bilan tanishar ekanmiz, odamning ko‘ngli munavvar tortadi. Hayotga, kelajakka, insoniyatga bo‘lgan umidi yuksaladi. Shunday saxovatpesha odamlar bilan davrdosh, millatdosh bo‘lganidan ich-ichidan faxrlanadi. Ularga intiladi. Ularday bo‘lishga o‘zida kuch izlaydi. Shu o‘rinda O‘zbekiston Xalq shoiri Sirojiddin Sayyidning misralari yodimga tushadi.
…Dunyoning bu pallalari topilmaydi,
Eshiklari tun-kun ochiq, yopilmaydi.
Mehr keyin do‘konlarda sotilmaydi,
Mehringizni qizg‘anmang bir-biringizdan.
Bahodir HALIMOV