Jarrohlik amaliyotida xorij tajribasi
Bolaligidan qalbida shifokor bo‘lishni niyat qilgan O‘tkirjon 1996–2003 yillar davomida Buxoro Davlat tibbiyot institutida tahsil oldi.
Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida tug‘ilib voyaga yetgan bo‘lg‘usi shifokor keyinchalik olgan bilimlarini mustahkamlash maqsadida Rossiyada o‘qishini davom ettiradi. U 2006–2009 yillarda Rossiya Federatsiyasining Stavropol Davlat tibbiyot akademiyasida “Umumiy jarrohlik” bo‘yicha o‘z malakasini oshirdi. Keyinchalik esa shu yo‘nalishda shu davlatda o‘zining faoliyatini olib boradi. Horijda “Kech aniqlangan exinokokk qaytalanishini jarrohlik usulida davolash va maxsus tashxis qo‘yish” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini yoqlagan O‘tkir Xushvaqtov Navoiy viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida 2-jarrohlik bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlab kelmoqda.
Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoev joriy yilning yanvar oyida Sog‘liqni saqlash vazirligining yangi rahbariyati, markazlar rahbarlari hamda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshliqlari va boshqa bir qator mutasaddilar bilan uchrashuvida o‘zbekistonlik fuqarolar tibbiy yordam uchun xorijga chiqishga majbur bo‘layotganini ta’kidlab o‘tgan edi. Shuningdek, ixtisoslashgan markazlar aholiga to‘liq malakali xizmat ko‘rsatmagani tufayli yiliga 40 mingdan ziyod fuqarolarimiz tibbiy yordam uchun chet davlatlarga chiqishga majbur bo‘layotgani, bu esa davolanuvchilar uchun moddiy jihatdan qiyinchilik keltirib chiqarayotgani haqida so‘z yuritdi. Shuning uchun Koreya, Hindiston, Rossiya bilan hamkorlikda Toshkent, Namangan, Farg‘ona va Andijonda yo‘nalishlar bo‘yicha qo‘shma klinikalar ochishni tashkillashtirish, ayniqsa, o‘zbekistondan tashqarida faoliyat yuritayotgan shifokorlarni yurtga qaytarish va ularga kerakli hamma sharoitlarni yaratib berish borasida takliflarni ham aytib o‘tgan edi.
– Men 2006–2017 yillar davomida Rossiya Federatsiyasida jarrohlik yo‘nalishida tahsil olib, so‘ngra o‘sha yerda faoliyat olib bordim. Endilikda esa olgan bilimlarimni viloyatimiz tibbiyot sohasida qo‘llamoqdaman. Ushbu yo‘nalishdagi zamonaviy jihozlar bemorga kasallik bo‘yicha shoshilinch tashxis qo‘yish va tez davolash imkoniyatini beradi. Chunki, zamonaviy tibbiy xizmat aholi salomatligini mustahkamlashda muhim omildir. Jumladan, zamonaviy tomografiya, raqamli rentgen hamda yurak-qon tomirlarini tekshirish va aniqlangan kasalliklarni davolash imkoniyatini beruvchi angiografiya uskunasi, distansion litotriptor, ko‘z kasalliklarini davolovchi lazer apparatlari, laborotoriya va UTT, jarrohlik va anesteziologiya sohasi uchun zarur tibbiy uskunalar bemorga aniq tashxis qo‘yish va uni malakali davolash imkonini beradi, – deydi O‘tkir Xushvaqtov. – Bugun O‘zbekistonda bo‘layotgan olamshumul o‘zgarishlar jamiyatning barcha jabhalarini qamrab olmoqda. Ko‘p narsa o‘zgarmoqda, ko‘plarning hayoti, yashash tarzi boshqacha ko‘rinish olmoqda. Ayniqsa, tibbiyot sohasida bu borada keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilgan. Mamlakatimizda sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar aholini sifatli tibbiy xizmat bilan ta’minlamoqda.
Shu o‘rinda ta’kidlash o‘rinli Navoiy viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi shifokorlarining aksariyati chet davlatlarda malaka oshirib qaytishgan. Ular hozirda xalq xizmatida. O‘tkir Xushvaqtov davlatimiz rahbarining malakali kadrlarni o‘zimizning shifo maskanlariga qaytarish haqidagi tashabbusi ularoq markazda faoliyat olib bormoqda. Ikki farzandning otasi, qirq yosh arafasida turgan yosh mutaxassining kelajakda rejalari bisyor. U egallagan bilimlarini, tajribalarini kam deb o‘ylaydi. O‘. Xushvaqtov egallagan sohasi bo‘yicha yana izlanishlar olib borishini, ona yurtida xalqiga bundanda samarali xizmat qilishga harakat qilishini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Mayna HASANOVA