GURUCH – HAM OZUQA HAM DAVO
Boshqa boshoqli o‘simliklar qatori guruch ham Yer yuzida taxminan o‘n ming yillar ilgari bahaybat muzliklar erigandan keyin hozirgi Hindiston, Tailand va Xitoy mamlakatlari joylashgan yerlarda paydo bo‘lgan. Shundan beri dunyo aholisining to‘rtdan uch qismi uchun guruch doni oziq-ovqat sifatida ishlatib kelinmoqda.
Guruchning vatani Osiyo, aniqrog‘i Tailand hamda Vyetnam hisoblanadi. Janubiy Osiyoda ko‘p suv hamda yil bo‘yi issiq havo talab etadigan guruch navi, Xitoy, Koreya va Yaponiya mamlakatlarida esa sovuqqa chidamli, kam suv talab etadigan navlari yetishtirilgan.
Suvda yetishtiriladigan sholining yetilishiga yaqin suvning balandligi 13 sm. atrofida bo‘lishi shart. Bir tup o‘simlik poyasida 100dan 200 donagacha donlar yetiladi. 100 gr. xom guruch tarkibida 4,1 g oqsil moddasi mavjud.
Guruch oq, sariq, qizil, qo‘ng‘ir hattoki qora ranglarda bo‘ladi. Qora rangdagi guruch yovvoyi tur hisoblanib tarkibida foydali moddalar ko‘p bo‘ladi. Undan taom tayyorlaganda boshqa guruchlarga nisbatan qattiq bo‘lgani uchun 40-45 daqiqa vaqt kerak bo‘ladi. Qo‘ng‘ir rangli yoki qipig‘idan tozalanmagan guruch bosh miya faoliyati uchun zarur foliy kislotasi hamda onkologik va yurak qon-tomir kasalliklarini oldini olishga xizmat qiladigan yog‘ moddasiga boy.
Xitoy, Avstraliya, Janubiy hamda Shimoliy Amerikada yetishtiriladigan cho‘zinchoq ko‘rinishdagi guruch 15 daqiqada pishadi va ko‘p suv talab etmasligi bilan boshqa navlardan ajralib turadi. U yopishqoq bo‘lmaganligi bois turli taom va salatlarda garnir sifatida qo‘l keladi. Bu guruchdan tayyorlangan osh ham albatta xushxo‘r bo‘ladi. Faqat sabzi bilan yog‘ni ayamasangiz bas.
O‘rtacha kattalikdagi donli guruch nisbatan yumshoq bo‘lib, sal yopishqoqlik xususiyatiga ega. Dumaloq ko‘rinishli oq rangli guruch esa tez pishish xususiyatiga ega bo‘lgani uchun undan bo‘tqa, shirinliklar, Koreya taomi — sushi tayyorlash mumkin.
Foydasi
Guruch oqilona ovqatlanuvchi hamda faol hayot kechiruvchilar uchun ajoyib ozuqa hisoblanadi. Uning tarkibida 78 foizgacha uglevodlar mavjud bo‘lib, tiamin-V1, riboflavin-V2, niatsin-Vz, V6, Ye vitaminlariga boy. Uglevodlar inson organizmidagi energiyani saqlagan holda ortiqcha yog‘ va qand moddasini hamda asab tizimi faoliyatini me’yorlashtirishga yordam beradi. Kaliy moddasiga boyligi bois organizmga boshqa mahsulotlar bilan tushadigan tuz miqdorini me’yorlashtiradi. Shuningdek, fosfor, rux, temir, kalsiy hamda yod moddalarining organizmda modda almashinuvini me’yorlashtirishda, tishlarning mustahkam bo‘lishi, bosh miya faoliyatini boshqarishdagi ahamiyati nihoyatda katta. U oqsillarni organizmga so‘rilishini tezlashtiradi.
Guruch tarkibida umuman tuz bo‘lmaganligi sababli uni yurak qon-tomir, buyrak yetishmovchiligi kasalliklari bor bo‘lgan hamda ortiqcha vazndan qutulishni istagan kishilarga ham ozuqa sifatida tavsiya etiladi.
Guruch HaQida QiziQarli ma’lumotlar:
. Inson 7-8 ming yil ilgari guruch yetishtirishni boshlagan.
. Har yili Yer yuzida 500 million tonna guruch yetishtiriladi.
. Bir kilogramm guruch yetishtirish uchun 5000 litr suv sarflash kerak bo‘ladi.
. Shimoliy Amerikada sholi samolyotlar yordamida, Osiyoning ba’zi joylarida esa qo‘l bilan ekiladi.
. Boshqa boshoqli o‘simliklarga nisbatan guruch tarkibida kaliy va fosfor, uglevodlar, vitaminlar va mineral moddalar ko‘p.
. Sholi – yagona suvda o‘sadigan asosiy boshoqli o‘simlik.
. Toyota – yapon avtomobili “hosildor guruch dalasi” ma’nosini beradi.
. Qaynatilgan iliq guruch suvida durlar yuvilsa, ranggi oq va jozibali darajada yaltiroq bo‘ladi.
TAVSIYALAR:
Gepatit (sariq) kasalligida faqat guruch bilan sariyog‘ yeyiladi.
Qandli diabet kasalligida qora loviyadan 250 g, oshqovoqdan 250 g, guruchdan 150 g olib qaynatib umoch qilib ichiladi.
Teri kasalligida guruch unini qovun suvi bilan aralashtirib surtsangiz, badandagi oq dog‘lardan qutulasiz.
Chechak kasalligi yetilganda va uni quritishga kirishilganda, chechak toshgan bemorni guruch, tariq yoki arpa unlarining ustiga yotqizish foydalidir.
TAOM TAYYORLASH:
Jig‘ildon qaynashini davolashda mastava ham muhim ahamiyatga ega. Tayyorlash: guruchni iliq suvda yuvib, 5-6 soat mobaynida ivitib qo‘yiladi. So‘ngra mantiqozon patnisiga doka yopilib, ustiga guruchni yoyib, yumshagunga qadar bug‘lanib pishiriladi. Avval ajratib qo‘yilgan zardobni qozonga solib, ustiga piyoz, sabzi, hamda yog‘li go‘shtdan tayyorlangan qiyma solinib, ma’lum vaqt mobaynida qaynatiladi. So‘ngra pishgan guruchni qo‘shib yana bir oz qaynatiladi. Yoz paytlarida zardobning har bir litriga 1 osh qoshiqdan asal solib qaynatiladi va shishalarga quyilib, salqin joyda saqlanadi. Keyin yaxna ichimlik sifatida ichiladi.
Olimlarning fikriga ko‘ra, “mastava” guruch, gilos kattaligida to‘g‘ralgan go‘sht, piyoz va sabzini qatiq zardobiga solib tayyorlangan. Haqiqiy mastava ana shu bo‘lgan. Bu taomni tabiblar me’da-ichak tizimi buyrak va boshqa kasalliklarda doimiy parhez taom sifatida tavsiya qilishgan.
Tok oshi kerakli masalliqlar: 1kg guruch, 500 g qo‘y go‘shti, 500 g sabzi, 4-5 bosh piyoz, tuz va ziravorlar ta’bga ko‘ra olinadi. Har porsiyasiga 12-15 donadan kovatok hisobiga 60-70 dona tok bargi kerak bo‘ladi.
Muhabbat XO‘JAMURODOVA tayyorladi.