Iste’molchining huquqi buzilsa, u kimga murojaat qilishi kerak?
Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, aholining iste’mol madaniyatini oshirish va reklama bozorini tartibga solish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ana shular haqida ma’lumot berildi.
Qo‘mita vakilining aytishicha, iste’molchi o‘z huquqlari buzilgan taqdirda zudlik bilan og‘zaki yoki yozma ravishda korxonaning mansabdor shaxsiga e’tiroz bilan murojaat qilishi lozim. Masalan, seksiya, bo‘lim mudiri, do‘kon direktori, ta’mirlash ustaxonasi, xizmat ko‘rsatuvchi korxona rahbariga. Ko‘pincha iste’molchilar o‘z huquqlarini qayta tiklashi uchun ushbu choralarning o‘zi kifoya qiladi.
Iste’molchi huquqlari qayta tiklanmasa, u iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etish ustidan davlat nazoratini amalga oshiradigan vakolatli davlat tuzilmalari, mahalliy hokimiyat organlari yoki bevosita sudga murojaat qilish huquqiga ham ega. Bundan tashqari, iste’molchi o‘z huquqlari qayta tiklanishini so‘rab, O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining virtual qabulxonasi – online.gkk.uz/uz yoki 0-371-259-21-37 telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilishi mumkin.
Aholi o‘rtasida o‘tkazilgan tushuntirish ishlari natijalariga ko‘ra, fuqarolarning vakolatli organlarga murojaatlari soni ko‘payayotgani kuzatilmoqda. Bu esa iste’molchi madaniyatining oshgani va jamoatchilikning o‘zini o‘zi boshqarish mexanizmlari faollashganidan dalolat beradi. Misol uchun, shu yilning birinchi yarmida qo‘mita va uning hududiy organlariga iste’molchilar huquqlarini himoya qilish masalalari bo‘yicha 4 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan. Mazkur murojaatlarni o‘rganib chiqish natijasida 1,6 milliard so‘m mablag‘ qayta hisob-kitob qilingan.
Murojaatlarning aksariyati kommunal xizmatlar sohasiga tegishli bo‘lib, ularda ko‘rsatilayotgan kommunal xizmatlarining sifati, uy-joy kommunal xizmatlari tariflarini to‘lashda yuzaga kelayotgan vaziyatlar, ortiqcha mablag‘ hisoblash kabi holatlar aks etgan.
Fuqarolarning tabiiy gaz va elektr ta’minoti sohasidagi murojaatlarini joyida o‘rganib chiqish va tezkor hal qilish maqsadida qo‘mitaning mas’ul xodimlari tomonidan fuqarolar elektr va gaz ta’minoti korxonalarining o‘zida qabul qilinib, tegishli choralar ko‘rilayotir, shuningdek, qo‘mita vakolati doirasida tegishli tushuntirishlar berilmoqda.
Matbuot anjumanida jurnalistlarning savollariga javob qaytarildi.
Davron Sunnatov, O‘zA