Ta’lim tizimidagi yangilanishlar: barcha sa’y-harakatlar farzandlarimiz baxtu saodati uchun

Ayni kunlarda mamlakatimizdagi barcha ta’lim dargohida yangi o‘quv yiliga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda. Xususan, umumiy o‘rta ta’lim maktablarida ta’lim tizimidagi bugungi yangilanish va o‘zgarishlarga mos tarzda kechayotgan taraddud hech birimizni befarq qoldirmaydi. 11 yillik ta’limning joriy etilayotgani, soha xodimlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan e’tibor, sa’y-harakatlar zamirida farzandlarimizni har jihatdan yetuk, baxtli-saodatli bo‘lib kamol topishlarini ta’minlashdek ulug‘vor maqsad mujassam. O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vaziri bilan suhbatimiz ham ana shu jarayonlar haqida bo‘ldi.

— Ulug‘bek Ilyosovich, yangi o‘quv yili boshlanishiga ham juda qisqa fursat qoldi. Ma’lumki, davlatimiz rahbarining ko‘rsatmasiga binoan, ta’lim muassasalarini yangi o‘quv yiliga sifatli tayyorlash uchun 25 avgustga qadar alohida safarbarlik e’lon qilindi. Ana shu muddatgacha xalq ta’limi tizimida qanday chora-tadbirlarni bajarish ko‘zda tutilgan?

— Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev raisligida 2017 yil 2 avgust va 16 avgust kunlari bo‘lib o‘tgan yig‘ilishlarda umumta’lim maktablari va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘rtasida o‘zaro integratsiyani ta’minlagan holda 11 yillik o‘rta ta’lim tizimini joriy etish, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimini tubdan isloh qilish masalalari tanqidiy muhokama qilinib, unda berilgan ko‘rsatmalar asosida respublikamizdagi barcha umumta’lim maktablarida yangi o‘quv yiliga sifatli tayyorgarlik olib borilmoqda.

Xalq ta’limi vazirligi tomonidan yangi o‘quv yili hamda eng ulug‘ va eng aziz bayramni munosib kutib olish, uni ko‘tarinki ruhda nishonlash maqsadida kompleks chora — tadbirlar belgilab olinib, aniq maqsadli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, vazirlik huzurida ta’lim muassasalarining yangi o‘quv yili va kuz-qish mavsumiga tayyorgarligini tanqidiy o‘rganish bo‘yicha Ishchi guruh tuzilib, respublakamizning barcha hududlarida o‘rganish ishlari olib borildi.

O‘rganishlar natijasida ta’lim muassasalarining tayyorgarlik darajasini baholash tizimini joriy qildik, muassasalar tayyorgarlik darajasiga ko‘ra “yaxshi”, “qoniqarli” va “qoniqarsiz” toifalarga ajratib olindi va baholash natijalariga asosan mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ishlari amalga oshirilmoqda.

Ta’lim muassasasining yangi o‘quv yiliga tayyorligi nafaqat qurilish-ta’mirlash va jihozlash ishlarining yakunlanganligi, balki malakali pedagoglar bilan ta’minlanganlik, darsliklarning yetib borganligi, o‘quv jarayonining tashkil etilishi, to‘garaklar holati va boshqa bir qator mazmun bilan bog‘liq jihatlardan kelib chiqib belgilanadi.

Shu ma’noda, hozirda respublikaning barcha maktablarida 10-sinflar tashkil qilish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish yuzasidan tegishli choralar ko‘rilmoqda.

Bu yil 1-sinflarga qabul qilinadigan 650 ming nafar o‘quvchi uchun “Prezident sovg‘asi” sifatida 12 nomdagi o‘quv qurollari solingan maktab sumkalari tayyorlanib, joylarga to‘liq yetkazildi. Shuningdek, hozirda yangi o‘quv yili uchun ta’lim muassasalariga darsliklar va o‘quv-metodik qo‘llanmalar yetkazib berilmoqda.

Yana o‘qing:  Kut yaxshilikka yaxshilik

Bugungi kunda 10-11-sinflar uchun 12 ta fan o‘qitilishi nazarda tutilgan o‘quv reja va dasturlari ishlab chiqildi. Ular asosida 18 nomdagi darsliklar yaratildi.

Mazkur darsliklarni yaratish jarayoniga tajribali o‘qituvchilar, pedagog-olimlar va metodistlar keng jalb etildi.

Hozirda 10-sinf o‘quvchilari uchun 9 mln. nusxa darsliklar chop etilmoqda.

Umumta’lim maktablarining 10-sinflarida dars beradigan fan o‘qituvchilarining kasbiy mahoratlarini oshirish maqsadida metodist o‘qituvchilar maktabi tashkil etildi.

Respublikaning barcha hududlaridan saralab olingan metodist o‘qituvchilar uchun joriy yilning 11-12 avgust kunlari o‘tkazilgan o‘quvlarda 10-sinflar uchun o‘quv reja, malaka talablari, o‘quv dasturlari va darsliklarning mazmun-mohiyati yetkazildi. Ushbu yangiliklar o‘quv yili boshlangunga qadar kaskad usulida har bir maktab o‘qituvchisigacha yetkaziladi.

— Prezidentimiz o‘tgan haftada mamlakatimiz ta’lim tizimi mutasaddilari bilan uchrashuvda ota-onalar, keng jamoatchilikni ko‘pdan beri o‘ylantirib kelayotgan yana bir muhim jihatga e’tibor qaratdi. “Forma kiygan bolaning ma’naviyati o‘zgaradi. Shu orqali jamiyatimizda adolatli, teng huquqli muhit ta’minlanadi” deya ta’kidladi davlatimiz rahbari. Ayting-chi, maktab formalari bo‘yicha qat’iy talab o‘rnatishga joriy o‘quv yilidan kirishiladimi yoki bunga muayyan vaqt kerakmi? Qolaversa, o‘quvchilar libosining sifati masalasi qanday nazorat qilinadi? Chunki Prezidentimiz hozirgi maktab formalarining sifati ham qoniqarli emasligini alohida qayd etib o‘tdilar.

— Darhaqiqat, Prezidentimiz tomonidan dolzarb masala ko‘tarildi. Haqiqatdan ham o‘quvchining maktab formasida darsga kelishi ularda mas’uliyat hissini oshiradi, ta’lim olishga bo‘gan ishtiyoqni uyg‘otadi, ta’lim muassasasiga nisbatan mehr uyg‘otib, ijtimoiy tenglikni ta’minlaydi.

Bugungi kunda umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘quvchilar formalariga umumiy talablar qo‘yilgan bo‘lib, unga ko‘ra har bir umumta’lim maktabi rahbariyati tomonidan ota-onalar qo‘mitasi bilan kelishgan holda va hududiy xususiyatlarni inobatga olib o‘quvchilar libosi dizayni tanlangan.

Qaysi hududda bo‘lmasin maktab formasining sanitariya qoidalari va me’yorlari asosida tabiiy va sifatli matolardan tayyorlash hamda bola salomatligiga ziyon yetkazmagan ko‘rinishda bo‘lishi nazorat qilinishi lozim.

— 9-sinfni tamomlayotgan o‘quvchining o‘qishni 10-sinfda davom ettirishi yoxud litsey yoki kollejda ta’lim olishi qanday mezonlar asosida aniqlandi? Tanlash masalasi ota-onalar, o‘quvchilarning o‘ziga qo‘yib berildimi yoki buni ta’lim muassasasi hal qildimi?

— Ma’lumki, joriy yildan ota-onalar va keng jamoatchilikning taklif va istaklari asosida yurtimiz umumta’lim maktablarida 11 yillik uzluksiz majburiy ta’lim tizimi joriy qilinmoqda. Bu jarayon ota-onalar va o‘quvchilarning xohish va istaklari asosida tashkil etilmoqda.

Yana o‘qing:  BOBOSINING chempion bolalari

Joriy yilda umumta’lim maktablarining 467 ming nafar 9-sinf bitiruvchisidan 352 ming nafari 10-sinfda o‘qishni davom ettirish xohishini bildirdi. Ota-onalar va o‘quvchilarga qulaylik yaratish, o‘quvchilarning ayni o‘smir paytida ota-onasiga yaqin hududda, o‘zlari ulg‘aygan mahallalarda ta’lim olishlarini ta’minlash maqsadida deyarli barcha umumta’lim maktabida 10-sinflar tashkil qilindi.

Umumta’lim maktablarida amaliyotchi psixolog lavozimi mavjud bo‘lib, har bir bola bilan o‘quv yili davomida shug‘ullanadi. Psixolog o‘quvchining ichki dunyosi, uning qiziqishi va iqtidoridan kelib chiqib, kelajakda jamiyatda o‘z munosib o‘rniga ega bo‘lishi uchun kasb tanlashida yordam beradi. Bunda ota-onalarning ham o‘rni muhim.

9-sinf bitiruvchilari o‘qishni qayerda davom ettirishni o‘zlari ota-onalari bilan kelishgan holda tanlashadi. Maktab jamoasi o‘quvchiga o‘z mutaxassisligini tanlashda ko‘maklashadi.

— Yangi o‘quv yili rejasiga muvofiq, 10-sinf o‘quvchilari haftada 5 kun umumta’lim fanlarini va 1 kun kasb-hunar o‘rganishi belgilandi. Ushbu yangilikning ahamiyati haqida kengroq tushuntirib bersangiz?

— O‘quvchilarda kasbiy bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish, ularning kasb-hunar egallashlarini ta’minlash uchun maxsus chuqurlashtirilgan tayyorgarlikni talab etmaydigan kasblar beradigan O‘quv ishlab chiqarish majmualari tashkil etiladi.

Bunda, asosan kasb-hunar kollejlarida, agarda maktablar kollejlardan uzoq masofada joylashgan bo‘lsa, mazkur maktablarning o‘zida o‘quv ishlab chiqarish majmuasi tashkil qilanadi. O‘quv ishlab chiqarish majmualarida chilangar, tikuvchi, haydovchi, oshpaz, sartarosh, kashtachilik, kulolchilik, qandolatchilik, nonvoy, duradgor, suvoqchi, bo‘yoqchi kabi 50 dan ortiq kasb-hunarlar o‘rgatilishi ko‘zda tutilmoqda.

Mazkur o‘quv-ishlab chiqarish majmualarida kasb-hunar o‘rgangan o‘g‘il-qizlarga 11-sinfning yakuni bo‘yicha attestat bilan birgalikda mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish imkonini beradigan davlat namunasidagi hujjat beriladi.

O‘quvchilar maktablarning 11-sinfini tugatgandan so‘ng oliy ta’lim muassasasida o‘qishini davom ettirish huquqiga ega bo‘ladi. Agar o‘qishga kira olmasa yoki oliy ma’lumot olishni xohlamasa, mehnat bozoridagi oddiy kasblarda ishlashi yoki murakkab kasblar bo‘yicha kollejlarda 1-2 yil qo‘shimcha kasb o‘rganishi mumkin.

— Maktablarda 10-sinf ochilishi munosabati bilan, tabiiyki, pedagog kadrlarga bo‘lgan talab ortadi. Bu masala qanday hal qilinadi?

— 2017/2018 o‘quv yilida umumta’lim maktablarida 10-sinf ochilishi munosabati bilan 22 ming stavka o‘qituvchiga ehtiyoj yuzaga keladi. Bu ehtiyojning 9,5 ming stavkasi oliy ta’lim bitiruvchilari hisobidan, 13 ming stavkasi akademik litsey va kollejlar fan o‘qituvchilarini jalb etish hamda faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilarning dars yuklamasini oshirish hisobidan qoplanadi.

— Davlatimiz rahbari maktabgacha ta’lim tizimini tarkibiy jihatdan tubdan isloh qilish, boshqaruv tuzilmasini tashkil etish, mazkur muassasalarga bolalarni to‘liq qamrab olish uchun shart-sharoitlar yaratish lozimligini ta’kidladi. Shu xususda ham to‘xtalib o‘tsangiz.

Yana o‘qing:  USTOZLARIMIZ O‘GITLARI SAMARASI

— Muhtaram Prezidentimiz 16 avgust kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuvda maktabgacha ta’lim tizimida mavjud kamchiliklarni ta’kidlab, alohida Maktabgacha ta’lim vazirligini tashkil etish va maktabgacha ta’lim muassasalari tarmog‘ini rivojlantirish zarurligi masalasini qo‘ydilar.

Haqiqatdan ham, maktabgacha ta’lim shaxs rivojida eng muhim davr hisoblanadi. Aynan mana shu davrda bolada bilim olishdagi ilk ko‘nikmalar shakllanadi. Maktabgacha ta’limda sifatli ta’lim-tarbiya olgan bola umumta’lim maktabiga ortiqcha qiyinchiliklarsiz moslashadi.

Ularda o‘z tengdoshlaridan farqli ravishda jismoniy rivojlanganlik, o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish va shaxsiy gigiyenik malakalar, ijtimoiy-kommunikativlik, yozish va o‘qish malakalari, elementar matematik bilimlar orqali mantiqiy fikrlash, tahlil qilish, taqqoslash va ijodiy estetik layoqatlar shakllangan bo‘ladi.

Shu bois bolalarni maktabga sifatli tayyorlashda makabgacha ta’lim tizimi muhim ahamiyat kasb etadi.

Nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari tarmog‘ini kengaytirish, ularga bolalar qamrovini oshirish pirovard natijada maktabga sifatli tayyorlashga erishish mumkin. O‘zbekistondagi qulay tadbirkorlik muhiti bu yo‘nalishda ham hamyurtlarimizga talay imkoniyatlar bermoqda. Hozirda vazirlik tomonidan nodavlat ta’lim muassaslarini tashkil etish bo‘yicha tavsiya ishlab chiqilib, targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.

Bugungi kunda maktabgacha yoshdagi bolalarni maktabgacha ta’limga qamrab olish ko‘rsatkichi 29 foizni tashkil etmoqda. Bu ko‘rsatkich 100 foizga chiqsa, farzandlarimiz tarbiyasida juda ko‘p narsaga erishamiz.

Prezidentimiz Bekobodda bo‘lganlarida ham bu masalaga alohida to‘xtalib, bog‘chaga borgan va bormagan bolalar o‘rtasidagi farqlarni hayotiy misollar bilan tushuntirib berdilar.

Hozirda, Davlatimiz rahbarining 2016 yil 29 dekabrdagi “2017-2021 yillarda maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida 2200 ta maktabgacha ta’lim muassasasining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, jumladan, qishloq aholi punktlarida yangi maktabgacha ta’lim muassasalarini qurish, ularni zamonaviy talablarga javob beradigan inventar, uskunalar, o‘quv-metodik qo‘llanmalar, multimedia resurslari bilan ta’minlash, 5-6 yoshdagi bolalar uchun maktabga tayyorlashning muqobil shakli bo‘lgan 6100 ta qisqa muddatli guruh tashkil etish orqali bolalarning maktabgacha ta’limga qamrab olish ko‘rsatkichini 4 barobar oshirish ustida ish olib borilmoqda.

Shuningdek, bugungi kunda majburiy maktabgacha ta’lim tizimini joriy etish, maktabgacha yoshdagi bolalarni maktabga sifatli tayyorlashda sog‘lom raqobat muhitini yaratish, nodavlat maktabgacha ta’lim muassalari tarmog‘ini kengaytirish, ularning samarali ishlashini tashkil etish maqsadida imtiyozli kreditlar ajratish, bo‘sh turgan binolarga investitsiya kiritish sharti bilan nol qiymatda uzoq muddatga ijaraga berish hamda soliq imtiyozlarini joriy etish bo‘yicha tegishli Hukumat qarori loyihasi tayyorlanmoqda.

“Xalq so‘zi” muxbiri

Omonulla FAYZIYEV suhbatlashdi.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: