Shavkat Mirziyoev: militsiya faoliyati ustidan prokuror nazoratini o‘rnatdi
Prokuraturaning asosiy vazifalaridan biri ichki ishlar organlari qonunlarni qanday ijro etayotganini nazorat qilish, jinoyatchilikka qarshi kurashishda ular bilan faoliyatni muvofiqlashtirishdan iborat. Lekin ayrim prokuratura xodimlari tanish-bilishchilik tufayli bu vazifani vijdonan ado etmayapti, deb ta’kidladi O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev Ichki ishlar organlari vakillari bilan o‘tkazgan yig‘ilishida.
Yig‘ilishda ayrim hududlarda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatlarni barvaqt aniqlash ishlari qoniqarli emasligi qayd etildi. Masalan, respublika bo‘yicha jinoyatchilik ko‘rsatkichlari kamaygan, lekin Samarqand viloyatida oshib ketgan. Buxoro, Navoiy, Farg‘ona viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida xotin-qizlar tomonidan jinoyat sodir etish holatlari ko‘paygan.
Joylarda profilaktika masalasiga yetarlicha e’tibor berilmayapti: Samarqand viloyatida sodir etilgan 49 ta qotillikdan 14 tasi, Jizzax viloyatida 10 tadan 4 tasi, Navoiy viloyatida 10 tadan 3 tasi, Qashqadaryoda 30 tadan 6 tasining oldini olish uchun to‘liq imkoniyatlar mavjud bo‘lgan — mahalla faollari va profilaktika inspektorlari muayyan jinoyat ehtimolidan boxabar bo‘lsa-da, biror chora ko‘rmagan.
Hududlarda ishlar xo‘jako‘rsinga, faqat qog‘oz uchun bajarilayotgani oqibatida vaziyat ijobiy tomonga o‘zgarmayotgani aytildi.
“Hududlarda ichki ishlar organlari faoliyatida kamchiliklar yuzaga kelib, uzoq muddat yechilmayotganida ma’lum ma’noda tuman va shahar prokurorlarining ham aybi bor. Prokuraturaning asosiy vazifalaridan biri ichki ishlar organlari qonunlarni qanday ijro etayotganini nazorat qilish, jinoyatchilikka qarshi kurashishda ular bilan faoliyatni muvofiqlashtirishdan iborat. Lekin ayrim prokuratura xodimlari tanish-bilishchilik tufayli bu vazifani vijdonan ado etmayapti. Bir so‘z bilan aytganda, ichki ishlar organlari faoliyati ustidan prokuror nazorati yetarli darajada o‘rnatilmagan”, – dedi Mirziyoev.
Shu munosabat bilan Bosh prokuratura rahbariyatiga ichki ishlar organlari faoliyati ustidan samarali prokuror nazorati o‘rnatish va prokurorlarning shaxsiy mas’uliyatini oshirishni ta’minlash vazifasi topshirildi, deb xabar qildi O‘zbekiston prezidenti matbuot-xizmati.