Yurakni to‘lqinlantiruvchi sado
O‘zbek musiqa madaniyatining ijrochilik amaliyotida doira usullarining juda ko‘p turlari shakllanib, asrlar osha ularning yangi-yangi namunalari yaratilib, rivojlanib kelgan.
Asl xalq usullari deb, milliy an’analardan kelib chiqqan holda yuzaga kelgan usullarga aytiladi. “Yor-yor”, “Nog‘ora bayot” shular jumlasidan.
O‘zbek doirachilik maktabi XX asrning 20-30 yillaridan boshlab, yangi davr rivojiga yuz tutganligi ijrochilik amaliyotida o‘zini namoyon etgan. Bunga zamonasining mohir sana’atkori Usta Olim Komilov bosh bo‘lib, asos soldi. Darhaqiqat, doira sozi haqida so‘z borganda, ko‘z o‘ngimizda afsonaviy sozanda Usta Olim Komilov namoyon bo‘ladi.
Davr taqozosi bilan sozanda o‘zbek usullarini doira cholg‘usida ijro etishni rivojlantirish hamda uni jo‘rnavoz cholg‘udan yakkanavoz darajasigacha ko‘tara oldi. Aynan shu davrdagi doira ijrochiligining jonlanishi nafaqat uning ijroviy rivojlanishiga, balki ijodiy kamolotini ham yangitdan boshlab berdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Mohir sozanda o‘z davrida mashhur bo‘lgan raqs san’atining yirik namoyandalari Tamaraxonim, Mukarramaxonim, Gavharxonimlar bilan birga ijodiy hamkorlikda bo‘lgan. U 47 ta usul yaratib, kelusi avlod uchun o‘zidan bebaho xazina qoldirgan.
Usta Olimdan keyin uning shogirdi To‘ychi Inog‘omov ko‘plab doirachi sozandalarni yetishtirdi. Jumladan, aka-uka Elmurod va Dilmurod Islomovlar, Ilhom Ikromov, Abbos Qosimov va boshqalar To‘ychi Inog‘omovdan doira usullarini ham eshitish, ham yozib olishga (notaga tushirishga) muvaffaq bo‘ldik.
Doirani maqom ashulachiligi yo‘lidagi ijrosini qunt bilan o‘zlashtirib, mana 40 yildirki, yoshlarga o‘rgatib kelmoqdaman. “Zarblar xazinasi” deb nomlangan qo‘llanmamda Usta Olim Komilovning doira ijrochiligida eng muhim hisoblangan usullar yig‘indisi bo‘lgan “terma usullar” turkumi tarixiy, nazariy va amaliy jihatdan keng yoritishga harakat qildim.
Doira sozida milliy ohanglarni saqlab qolish barobarida zamon ruhiga mos yangi kuylar yaratish, uning ohangini notaga solishda ilmiy-amaliy izlanishlar olib borish dolzarb masaladir. Negaki, yoshlarning estetik tarbiyasida, ularning didini shakllantirishda milliy sozlarimizning ta’siri benihoya kattadir.
Rahmatilla SAMADOV,
O‘zbekiston davlat konservatoriyasi professori