Qorasochning tog‘asi

Agar yurtimizning tog‘li hududlarida bo‘lsangiz, sizga insonning vafodor do‘sti, yaqin ko‘makdoshi – otlar haqida iliq fikrlar aytishadi. Ularning so‘zlarini tinglab, bu jonivorlarning juda ko‘p xislatlaridan xabardor bo‘lasiz.

Jizzax viloyati, G‘allaorol tumanidagi Qangli qishlog‘ida yashovchi Akromjon Qorayevning bir etak shirindan-shakar nabiralari bor. U bayram kunlarida nevaralarini xursand qilish uchun jiyron qashqasini yaxshilab tayyorlaydi. Dilbandlarining “Bobojon, otingizga mindirasizmi?”, degan mehrli so‘zlari unga g‘urur bag‘ishlaydi. Ot ham ustiga o‘zidek beg‘ubor, ko‘ngli toza bola minayotganini sezadi. Shuning uchun uni avaylaydi, o‘zidan bezdirmaydi. Bo‘ynidan to sarg‘isigacha tizilishib minib olgan jujuqlarni ko‘tarib, ohista odimlaydi.

“Bu jonivorga shunday qarash kerakki, ko‘rganlar havas qilsin. Yuving, tarang, ko‘zlariga qarab, ishingizdan ko‘nglingiz to‘lgandan keyingina egarga o‘tiring”, deydi u.

Akramboy o‘z zurriyodlariga ham otga mehr qo‘yishni uqtiradi. U otning jilovini hech qachon yomon tarbiya ko‘rgan odamga bermaslikni tayinlaydi. O‘zining jiyronini “Qayrag‘och” naslidan ekanligini aytib maqtaydi.

– Ochig‘i ot bilan bog‘liq juda ko‘p ibratli voqealarni bilaman, – deydi Akrom aka. – Hatto, u tufayli Qorasochday ammalar ham orttirganmiz!

– Ie, aytib bering bo‘lmasa, – deymiz qiziqib.

– Bir paytlar chavandozlarimiz Turkmanistonning Chorjo‘y shahridagi o‘zbeklar bilan uloq chopishgan ekan. To‘rt tog‘ning o‘rtasida nomi ketgan bobomning bobosi Putunboy polvon ham ana shunday uloqlardan birida otini to‘daga solibdi. Ikki marta sovrin olgach, uni ishqibozlardan biri chetga tortibdi:

– Nomdor polvonsiz, savob ish ham qilasizmi? Chavandozlarni mard, bahodir bo‘ladi, deyishadi.

– Xo‘sh…

– Sizga aytsam, umr yo‘ldoshim Qorasoch siz tug‘ilib o‘sgan yurtdan. Ota-onasining, qarindoshlarining ra’yini qaytarib menga turmushga chiqqani uchun orqasidan xabar olmay qo‘yishgan. Bizda odamlar birovning tog‘asi bo‘lmasa, unga quldek munosabatda bo‘lishadi. Qizini er olmaydi, o‘g‘lini kuyov qilmaydi. Shuning uchun bizga marhamatingizni ayamay, tutungan tog‘a bo‘lib bersangiz. Sizni odamlarga xotinimning akasi deb tanishtirsam, menga qaynog‘a, bolalarimga tog‘a bo‘lasiz!

Putunboy polvon o‘ziga iltijo bilan qarab turgan ko‘zlarga itoat qildi. Chorjo‘yga kelib qolgan urug‘ini ko‘rib, mehri iyib ketdi:

– Ikki marta roziman. Borib tayyorgarligingizni ko‘ravering. Aytmoqchi otingiz nimaydi?

Yana o‘qing:  Yurakni to‘lqinlantiruvchi sado

– Jassok polvon!

O‘sha kuni Jassok polvonning uyida tantana bo‘ldi. Tog‘a muborak, aka muborak, qaynog‘a muborak!

Bularning hammasiga sababchi bo‘lgan Putunboy chavandozning nomini elga tanitgan jiyron qashqa esa yakka mixda to‘rvasidagi eng sara arpani “kurtillatib” chaynab turardi…

Ot ustida kim o‘tirganini yaxshi biladi. Shuning uchun uloq chopadigan tulpor qo‘rqoq odamni ustiga mindirmaydi. Ot chavandoz tanlaydi, chavandoz ot tanlaydi…

Quvonarlisi, bugun yurtimizda yilqichilikni rivojlantirish, nasldor ot zotlarini ko‘paytirish, bu soha bo‘yicha zarur sharoitlar yaratishga hukumatimiz tomonidan alohida e’tibor qaratilmoqda. Sohani rivojlantirish bo‘yicha qator huquqiy hujjatlar qabul qilinib, hayotga keng tatbiq etilayotir.

– Otning kishnashi vujudingga mador bo‘lib quyiladi, – deydi Akrom Qorayev. – Qishloqda falonchining oti bor degan gapda faxr yotadi. Sizga aytsam, bu beozor jonivorni boqishning o‘ziga yarasha mashaqqati bor. Agar shaxsiy manfaat, boylik orttirish uchun ot boqadigan odam bo‘lsa, bu ishni yig‘ishtirgani ma’qul. Men zotdor qorabayirlar haqida gapirayapman. Ularni kundalik uy ishlariga jalb etish kerak emas. Yana bir gap. Ot minggan odam hech qachon kasal bo‘lmaydi. Bilsangiz, yaqin-yaqinlargacha savdo do‘konlarida qimiz sotilardi. U o‘pka kasalliklariga koni foyda. Qolaversa, qadimda bobolarimiz sil kasalligiga yo‘liqqan bemorlarni otga mindirib davolaganlar.

Biz suhbat asnosida Akrom akani uzoq yillar G‘allaorol tumanidagi “Ko‘kbuloq” fermer xo‘jaligiga rahbarlik qilganini, O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining farmoniga muvofiq “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlanganini bilib oldik.

Suhbatdoshimiz o‘zgalar quvonchini o‘zining chin baxti deb biladi. Farzandlarini doimo insonlarga yaxshilik qilishga, jonivorlarga mehrli munosabatda bo‘lishga chaqiradi.

Pardaboy TOJIBOYEV,

Jizzax viloyati

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: