Bardavom qadriyatlar

«Nurjahon» etnografik xalq ansambli bilan biz «O‘zbekiston Madaniyati va san’ati forumi» jamg‘armasi va xalqaro YUNYeSKOning yurtimizdagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan «Asrlar sadosi» festivalida uchrashdik.

Tadbir o‘tkazilayotgan Sarmishsoy daralaridagi o‘zbekona supaning chor-atrofiga milliy kiyimlar osib qo‘yilgan edi. Ushbu liboslar o‘ziga xos simmetrik naqshlarga boyligi va yorqin ranglarning jilosi bilan e’tiborni tortardi. Yashnagan bahoriy ayyomga uyg‘un go‘zal kiyim-kechaklarning mohirona to‘qilgan anvoyi gullari – anor guli, lola, bodom guli kabi naqshlar tomoshabinni so‘zsiz o‘ziga jalb etardi.

– Bir-biridan go‘zal liboslar ekan, ularning ijodkori kim, – so‘radim supada davra qurib o‘tirgan kishilardan.

– Ijodkori o‘zimiz, badiiy jamoamizning har bir a’zosi. Bu liboslar bizning sahna kiyimlarimiz, ularning har biri aytadigan qo‘shiqlarimizga monand tikilgan va bezatilgan. Buni «Nurotaning chevar qizlari» xalq qo‘shig‘ini kuylaganda, bunisini esa Mo‘tabar Alouddinova «Otmagay tong» qo‘shig‘ini kuylaganida qizlarimiz raqsga tushganida kiyishadi, bunisini esa «Qora ko‘zim» maqomini jo‘r bo‘lib kuylaganda kiyamiz, – javob qildi Norbibi Davlatova barcha liboslarni bir-bir ko‘rsatar ekan.

–Qo‘shiq kuylaysizmi, tikuvchilik yoki kashtachilik bilan shug‘ullanasizmi?

– Men ansambl tashkil qilingunicha tikuvchi bo‘lib, fabrikada ishlaganman. Lekin nurotalik xotin-qizlarning bari tikuvchilik, kashtado‘zlikni biladi-da, – faxr bilan javob qildi Norbibi.

Norbibi Davlatova turmush o‘rtog‘i Rajab Jumayev bilan birga respublikaga mashhur ana shu ijodiy dastaga dastlabki tamal toshini qo‘ygan tashkilotchilardan biri. Hozir ushbu ansamblda uning turmush o‘rtog‘i badiiy rahbar sifatida faoliyat yuritadi. Norbibini ushbu badiiy dasta ma’naviy yuksaltirdi, desak xato bo‘lmaydi. Vatanimiz mustaqilligi bilan tengdosh mazkur folklor ansamblida uning 20dan ortiq xalqona ohangda yozilgan she’rlari qo‘shiq qilib kuylanadi.

– Biz ilk bor poytaxtda O‘zbekiston mustaqilligining birinchi yili nishonlanganida katta sahnaga chiqqanmiz. Keyingi yili bizni Navro‘z bayramiga taklif qilishdi. Shunday qilib ijodiy jamoamiz shakllandi. Yildan yilga repertuarimiz ham mazmunan ham g‘oyaviy jihatdan yuksalib bormoqda, – deydi faxr bilan N.Davlatova.

O‘tgan yigirma ikki yil ichida ular har yili bir necha bor katta sahnalarda o‘z san’atlarini namoyish etishdi. San’at orqali butun respublikani kezishga muvaffaq bo‘ldi. Hayotiga mazmun, ruhiyatiga shodlik kirib keldi.

Yana o‘qing:  Huquq va imkoniyatlar

Nurota tumanidagi bu mo‘jazgina jamoada ayni paytda 22 nafar ijodkor mehnat qiladi. U yerda yetti yoshdan yetmish yoshgacha bo‘lgan xalq san’atini ulug‘lovchilar faoliyat yuritadi. Xudoyor Xidirov, Hikmatilla Arabov kabi yoshi ulug‘lar bilan birga Dilshoda Tohirova, Shahnoza Jumaboyeva, Gulmira Hamroboyeva, Umida Mamarahimova kabi umidli yoshlar ham qo‘shiq kuylab, xirom aylaydi.

Badiiy jamoa a’zolari 1994 yili «Chashma» respublika ko‘rik-tanlovida oliy o‘ringa muyassar bo‘ldi. 1998 yili Germaniyada o‘tkazilgan Butunjahon folklor etnografik ansambllarining tanlovida ularga ikkinchi o‘rin nasib etdi. Farg‘onalik Rahima Mirzohidova xotirasiga bag‘ishlab 2010 yilda Qo‘qonda o‘tkazilgan xalq ijodiy dastalarining bellashuvida ham ular birinchi o‘rinni qo‘lga kiritishdi. Shuningdek, ular «Ko‘hna zamin ohanglari» folklor san’ati respublika telefestivalida 2012 yili «Eng yaxshi folklor jamoasi» nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib bo‘lishdi.

Suhbatning boshidanoq samimiy bu ayol meni bilimdonligi, intiluvchanligi, aqlu zakovati bilan o‘ziga jalb etdi. Norbibining hayoti o‘z davri bilan shu qadar payvand bo‘lib ketganki, nazarimda uning yutug‘i ham shunda, o‘z zamonasining farzandi ekanligida.

Abadiy va o‘tkinchi hodisalar doimo to‘qnashib turadigan bugungi kunda Norbibining shaxsiyati, boy ma’naviy dunyosi, zamonning qay jihatlarini o‘zida mujassamlashtirgani bilan ham e’tiborga molik va qadrlidir. U she’riyatga, sahnaga yoshligidan ko‘ngil qo‘ydi. Buxoro Madaniyat texnikumini 1988 yili tugatib, madaniyat sohasida ishlay boshladi. U o‘n olti yoshida sahnaga qadam qo‘ygan bo‘lsa-da, mus­taqillik davri va bu davrga bag‘ishlangan tadbirlar N.Davlatovani ruhiy va ma’naviy jihatdan yuksaltirdi.

Norbibi ijodiy izlanishlari bilan birga ana shu tarmoqning istiqbollarini ham o‘yladi. Turmush o‘rtog‘i bilan birga uni rivojlantirish yo‘llarini ishlab chiqdi. Baxshi shoir Eshniyoz O‘rolovdan «Cho‘pon bola» kabi qo‘shiqlarni yozib olib, uni ansambl jamoasiga o‘rgatdi. Ergash Jumanbulbulning shogirdi, keksa pedagog va baxshi Ergash Asaboyevdan «Nurota» va «Chashma»kabi xalq qo‘shiqlarini o‘rganib, uni ansambl repertuariga kiritdi.

«Nurotalik chevar qizlar» qo‘shig‘i ham xalq og‘zaki ijodidan bir namuna bo‘lib, unda qo‘shiqqa mos hunarmandlar hayoti aks ettirilgan.

Matoga gul naqsh etamiz,

Chamanzorlar kashf etamiz,

Ipak-tola va nina bilan,

Qalb qo‘rimiz baxsh etamiz.

Qo‘shiqlar mazmunini teranroq anglashimiz uchun Norbibi ularni zavq bilan kuylab beradi. Turmush o‘rtog‘i Rajab Jumayev esa unga jimgina quloq solib kuzatib turadi. Ularni oilaviy san’atga bo‘lgan mehr bog‘lab turganini sezish qiyin emas. Mehr-muhabbatli oilaning farzandlari ham qobil bo‘ladi, deydi xalqimiz. Ularning bir farzandi Ulug‘bek Navoiy Davlat pedagogika institutida, yana bir o‘g‘li Sherzod Samarqand Arxitektura va qurilish institutida ta’lim olishadi. Kenjatoy Dilshoda esa maktab o‘quvchisi.

Yana o‘qing:  Yaxshi yil bahoridan ma’lum...

Ansamblning yana bir faol qatnashchisi Mo‘tabar Alouddinova esa musiqa va san’at maktabida o‘qituvchi.

Ana shunday jonkuyar va fidoyi is’tedodli kishilar borligi uchun ijodiy dasta tezda elga tanildi. Xalq orasida etnik-folklor ijodiy dastasi nomini oldi.

– Biz hamisha qalbi qaynoq, soddadil kishilar haqida o‘ylaymiz. Qalban mehnatkash kishilar bizga kuch, ilhom baxsh etadilar. Uchrashuvlardan katta ruhiy madad olamiz, – deydi samimiylik bilan Mo‘tabarxon.

– Ijodiy dasta bilan birga respublikaning turli viloyatlarini kezdingiz, tumaningizdagi bayramu tadbirlar sizlarsiz o‘tmaydi…

– Ha, biz ijodiy dastamiz bilan faxrlanamiz. Nurota xalq og‘zaki ijodini, raqslarini, qadriyatlarini yuzaga chiqishida kuch-g‘ayratimiz va mehnatimizni ayamaymiz.

Darhaqiqat, mustaqillik sharofati bilan folklor – etnografik dastalarga ham keng yo‘l ochildi. Erta bahorda yerni yorib chiqqan boychechak, bugungi kunda ko‘zni quvontirguvchi ulug‘vor chamanzorga aylandi.

San’atkorlarning o‘tmishiga, kechmishiga, buguniga, rejalariga nazar tashlab porloq Vatanimdan bitta nishon, bu, degim keladi.

Ra’no ZARIPOVA,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: