“Salomatlik” poyezdi: MANZILLARDA
Hamisha o‘zimizga va o‘zgalarga yaxshi tilak izhor etar ekanmiz, avvalo mustahkam sog‘lik-omonlik tilaymiz. Buning sababini esa shoirning iliq satrlari ifoda etadi: «Derlar, jon sog‘ bo‘lsa, jahon topilg‘ay…» Albatta, inson baxtining yana bir mezoni uning to‘rt muchasi salomatligida. Xalq salomatligi esa mamlakat ravnaqi va barqarorligini ta’min etadi.
Shu bois mamlakatimizda aholi salomatligini mustahkamlash, sog‘liqni saqlash sohasini rivojlantirish, tibbiyot muassasalarini zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash, tibbiyot ta’limini takomillashtirish kabi yuksak ishlar jadal olib borilmoqda. Mazkur yo‘nalishda yurtimizda faoliyat yuritayotgan nodavlat-notijorat tashkilotlarning ham hissasi beqiyosdir.
Avval xabar berganimizdek, «Sog‘lom avlod uchun» xalqaro xayriya jamg‘armasi «O‘zbekiston temir yo‘llari» davlat aksionerlik kompaniyasi (DAK) bilan hamkorlikda mamlakatimizning janubi — Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatining chekka hududlari aholisini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga insonparvarlik yordami ko‘rsatish bo‘yicha poytaxtdan jo‘nab ketgan «Salomatlik» poyezdi faoliyatini yakunladi.
O‘sib kelayotgan yosh avlodni jismonan sog‘lom va ma’nan yetuk, yuksak salohiyatli etib tarbiyalash, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini malakali tibbiy xizmat bilan qamrab olish va insonparvarlik yordamlarini yetkazib berish maqsadida «Salomatlik» poyezdi Toshkent — Surxondaryo (Sariosiyo-Qumqo‘rg‘on-Boysun-Darband) — Qashqadaryo (Oqrabot-Dehqonobod) — Toshkent yo‘nalishida harakatlandi.
Tibbiy ko‘rik «O‘zbekiston temir yo‘llari» davlat aksionerlik kompaniyasining «Salomatlik tibbiy-sanitariya yordam poyezdi» shifokorlari, jamg‘armaning Surxondaryo va Qashqadaryo viloyati hududiy filiallarining tibbiy ijtimoiy patronaj brigadalari mutaxassislari, shuningdek, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasining malakali shifokorlari tomonidan amalga oshirildi.
Mutaxassislar tomonidan Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlaridan ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan jami ikki mingdan ziyod aholi chuqur tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Malakali tibbiy ko‘rik davomida shifokorlar tomonidan jami 5 627 ta tavsiya va maslahatlar berildi.
Shuningdek, «Sog‘lom avlod uchun» xalqaro xayriya jamg‘armasining mutaxassislari, «Mahalla» xayriya jamoat fondi vakillari tomonidan «Sog‘lom oilani shakllantirish», «Sog‘lom ona — sog‘lom bola» harakatining mohiyatini aholiga tushuntirish, yoshlarni ham ma’nan ham jismonan sog‘lom etib tarbiyalashga erishish, kamqonlik, endemik bo‘qoq, gijja kasalliklarining oldini olish va boshqa qator mavzularda aholi orasida targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borildi. Tadbirlarda «Sog‘lom ona — sog‘lom bola», «Bexatar onalik», «Skrining tekshiruvini bilasizmi?», «Bo‘lajak onalarga tavsiyalar», «Farzandimiz salomatligi o‘z qo‘limizda», «OIV/OITS haqida eshitganmisiz?», «Qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh va erta turmush qurishning zararli oqibatlari» mavzularidagi bukletlar tarqatildi.
Inson manfaatlari, salomatligi va uning ijtimoiy himoyasi, davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan yurtimizda xayrli ishlarning tashkilotchi va targ‘ibotchilaridan biri bo‘lgan «Sog‘lom avlod uchun» xalqaro xayriya jamg‘armasining ana shunday ezgu ishlari bardavom bo‘lsin.
Sh. XUDOYQULOV