Yurak to’la hayajon, xush qol endi maktabjon!

Singlim bitiruvchi bo’lgani bois undan maktab va imtixonlar haqida so’raganimda «Voy qarang, maktabni tugatib qo’yganimni ham payqamay qolibman-da, opa», – deya asta xo’rsinib javob berdi. Avallari maktab mavzusida so’z ochganimda erinibgina «bo’lyapti», deb qo’yadigan singilcham endilikda uning yo’llari qadrdon dargohidan ayro bo’layotgani uchun biroz ma’yus tortib qolgandi.

Shunda beixtiyor Ahmad ismli sinfdoshim yodimga tushdi. Darslarga kun ora kelib-ketib turadigan, sinf ishlariga unchalik ham bosh qo’shmaydigan, yigitcha bitiruvimizning besh yilligida maktab xotiralari haqida shunday to’lqinlanib, hayajonlanib so’zlar ediki, qalbini egallagan sodda, samimiy entikishni ko’rib, maktab chog’lari sof va beg’ubor xotira bo’lib qalbga muhrlanibdi, deysan. Maktabda o’tgan kunlar shunday chaqmoqki, kishi xotirida yalt etadi. Uning qimmati ham shunda, qiymati ham…

Yil yakuni… Hamma darsga jam bo’lgan. Darsdan so’ng ham hech kim uyga ketgisi kelmas, sinfdoshlarimiz bilan davra qurib nimalarnidir suhbatlashdik. Ana shunda o’sha lahzalar qanchalik aziz va g’animatligini dildan his etasan, kishi.

Ba’zida ustozlarimiz bitiruvchi bo’lganimiz tufayli ko’ngilimizga qarar, gohida beozorgina urushib imtihonlarga tayyorgarlik ko’rishga undardi. Barcha bitiruvchilarning ko’ngli parvoz oldi hayajonida. So’nggi qo’ng’iroq hayajonlari bizlarni bir oila farzandidek yana ham jipslashtirgandek.

Ba’zida har birimiz alohida-alohida, mustaqil uchirma bo’lishimizni o’ylab biroz hadiksirardik. Dugona va do’st­larimizning suhbatisiz, daldasisiz yolg’iz qolayotgandekmiz, go’yo.

Men ham reja va orzularimning bir bo’lagini dugonamga ham tortiq etgandekman. Sirdosh dugonam bilan bir oliygohda o’qishni, birga talaba bo’lishni dildan niyat qilardik. Bu lahzalar bo’sag’asida bildirilgan niyatlar pok bo’lgani tufaylidir, kunlar kelib, ana shu niyatlar o’z ijobatini ko’rsatdi.

Maktabni bitirayotgan chog’imizda ustozimiz bizga yuzlanib, yigirmanchi qaldir­g’och­larim deya faxrlanib qo’ygandi. Qirqinchi, elliginchi uchirma… Qaldirg’ochlar yana qaytadi. So’nggi qo’ng’iroq arafasida o’smirlik davrida bir umr dilga muhrlanib qolgan nigohlarni yana qo’msab sobiq o’quvchilar jam bo’lishadi. Ana shunda diydor, shirin visol tantana qiladi. To’yga to’yonadek, ustoz va maktabga yodnoma qilib ularga tashak­kurnoma sifatida sovg’alar tortiq etishadi.

So’nggi qo’ng’iroq – umri maktabda o’tgan har bir insoning qalbida bong urgan xotiralardir. So’nggi qo’ng’iroq – eng ezgu tilaklar va niyatlar izhori bu. So’nggi qo’ng’iroq bir umr insonni ezgulikka chorlovchi, vaqtning g’animatligini yodga soluvchi bongdir.

Яна ўқинг:  Лиз Бурбо: Ўзингни сев, дейди вужудинг

Dilfuza MALIKOVA


Dilda hayajon… So’nggi qo’ng’iroq sasi… Bir olam oydin orzular og’ushida bo’lgan yigit-qizlar mustaqil hayot sari yo’l olishadi. Kechagina ustozining qo’lidan tutib qadrdon sinfi sari yo’l olgan o’quvchilar bugun bitiruvchi. Bo’ylari uzun yelkador yigitlar, qoshlari kamonni eslatuvchi maftunkor qizlarning o’y xayollari poyonsiz. Poytaxtimizning Olmazor tumanida joylashgan 28-umumta’lim maktabining 9-sinfini tugatayotgan ana shunday 241 nafar bitiruvchilar bugun mustaqil hayot sari yo’l olishadi.

Ularni kelajakda yetuk mutaxassis bo’lib yetishishiga zamin tayyorlash maqsadida zamonaviy jihozlarga ega shinam akademik litseylar, turli sohaga ixtisoslashgan kasb-hunar kollejlari o’z bag’riga chorlamoqda.

Ayni vaqtda 1832 nafar o’quvchini o’z bag’riga olgan ta’lim maskanida 96 nafar o’qituvchilar mehnat qilishadi. Bitiruvchilarni katta hayot sari kuzatayotgan maktab jamoasi yangi o’quv yiliga ham qizg’in hozirlik ko’rishni boshlab yuborgan. Yangi o’quv yilida ilm maskani 210 nafar bolajonlarni birinchi sinfga qabul qiladi. Maktab direktori Malika Azimova ta’kidlaganidek, o’quv­chilarga yaratilgan sharoitlar bois ular turli fan olimpiadalari va sport musobaqalarida g’oliblikni egallab kelishmoqda. 9-sinf o’quvchisi Javohir Muzaffarov geografiya fanidan Respublika olimpiadasi­da I o’rinni egallab, jahon olimpiadasiga qizg’in hozirlik ko’rayotgan bo’lsa, Kozim Azimjonov, Jasur Muham­mad­jonovlar belbog’li kurash bo’yicha shahar miqyosida III o’rinni qo’lga kiritishgan. Maktabning voleybolchi qizlari ham shahar musobaqasida sovrinli o’rinlarni qo’lga kiritgan bo’lsa, futbolchi yigitlar ham ulardan ortda qolmay III o’rinni egallashdi.

– Biz Muhammadqodir bilan «O’zbekiston madaniyati va san’ati forumi» jamg’armasi tadbirida ishtirok etdik, – deydi 1-sinf o’quvchisi Robiya Sobitjonova. Bergan savollarimizga burro-burro javob qaytargan qizaloq barcha fanlarni a’lo baholarga o’zlashtirishi barobarida raqs sirlarini ham qunt bilan o’rganayotgan ekan.

Maktab qoshida boshlang’ich sinf o’quvchilari uchun tashkil etilgan «Tabiatni o’rganamiz» to’garagi bolajonlarni flora va fauna bilan do’stlashishiga xizmat qilmoqda. Ustozlari boshchiligida O’zbekiston Davlat Tabiat muzeyi, O’zbekiston Tarixi Davlat muzeyiga sayohatga borgan o’quvchilarning taassurotlari bir olam. O’quv­chilarning o’z qo’llari bilan yasagan gerbariylari «Salomatlik bur­chagi»dan o’rin olgan bo’lsa, «Mohir qo’llar» to’garagi a’zolarining turli bezakdagi qo’l ishlari ko’zni quvontiradi. «Orasta qizlar» to’garagi a’zolarining maktab hayotidagi jonbozligi bois tevarak-atrof toza-ozoda. To’garak a’zosi Gulnoza Baratova Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti tanlovining tuman bosqichida I o’rinni qo’lga kiritgan bo’lsa, Lobar Xo’jayeva informatika fani bo’yicha o’tkazilgan olim­pi­adaning tuman bosqichida I o’rinni egallagan.

Яна ўқинг:  OPPOQ QORGA BURKANAR OLAM

Nazokat Do’stmurodova, Umida Anorqulova, Dilfuza Odilova, Mahmuda Nurmuhammedova kabi o’qituvchilarning izlanuvchanligi bois ta’lim maskani nafaqat tumanda, balki shaharda ham o’ziga xos o’ringa ega. Mavjud tibbiyot xonasida o’quvchilarning sog’ligi muntazam nazorat qilib borilsa, barcha qulayliklarga ega bo’lgan maktab sport zali chempionlarni tarbiyalash bilan birgalikda o’quvchilarning sog’lig’ini mustahkamlashda muhim o’rin tutmoqda. Har bir dars bir imtihon, har bir bola bir dunyo ekanligini sidqidildan anglab mehnat qilayotgan ta’lim maskani o’qituvchilari o’quvchilarning puxta bilim egallashlari uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishgan. Ko’rgazmali vositalar, mavjud kompyuter, lingofon xonalarida bolajonlar fan sirlarini qunt bilan egallashayapti.

Ha, maktab muqaddas dargoh. Bugun uning bag’ridan uchirma bo’layotgan bitiruvchilar, bergan sabog’i uchun ustozdek mo’tabar zotga cheksiz rahmatlar aytayotgan bo’lsa, kelgusida aka-opalarining o’rnini egallashga chog’lanayotgan murg’ak qalblar ularning izlarini bosishi tayin. Biz esa ertamizning munosib vorislariga omadlar tilaymiz.

Jamila HAYDAROVA

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: