Yosh shaxmatchilarimiz Osiyo chempionatida 18 medalni qo‘lga kiritdi
Xitoyda shaxmat bo‘yicha maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida yosh sportchilarimiz 8 oltin, 6 kumush va 4 bronza medalni qo‘lga kiritib, yigirmadan ziyod davlat terma jamoalari o‘rtasida umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni egalladi.
Nufuzli musobaqaning standart shaxmat bo‘yicha 11 yoshgacha qizlar o‘rtasidagi bahslarida Umida Omonova 8 ochko bilan birinchi o‘rinni egallab, Osiyo chempioni bo‘ldi. U blits shaxmat bo‘yicha o‘tkazilgan bahslarda ham 8 ochko bilan oltin medalni qo‘lga kiritib, rapid yo‘nalishida 5,5 ochko jamg‘argan holda kumush medal bilan taqdirlandi.
Ushbu yosh toifasidagi o‘g‘il bolalar bahsida Olmos Rahmatullayev 7,5 ochko bilan ikkinchi o‘rinni egalladi. Rapid va blits yo‘nalishlarida esa tengsiz ekanini isbotlab, shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi.
7 yoshgacha qizlar bahsida qatnashgan Afro‘zabonu Ro‘zimatova 7 ochko bilan kumush medalni qo‘lga kiritdi. Uning blits yo‘nalishidagi ishtiroki esa g‘alaba bilan yakunlandi – 7 ochko va oltin medal. Rapid yo‘nalishida 5,5 ochko bilan ikkinchi bo‘ldi.
10 yoshgacha qizlar musobaqasida Sitora Saparova bronza, 13 yoshgacha qizlar bahsida yana bir shaxmatchimiz Yuliya Xegay har uch yo‘nalishda muvaffaqiyatli ishtirok etib, ikkita kumush va bitta bronza medalni qo‘lga kiritdi. O‘g‘il bolalar o‘rtasida Mirfayz Sunnatov blits yo‘nalishida 6,5 ochko jamg‘arib, chempionatning bronza medali bilan taqdirlandi. Shuningdek, 9 yoshgacha qizlar o‘rtasida Zilola Aktamova blits yo‘nalishda 8,5 ochko bilan birinchi, rapid yo‘nalishda 5 ochko bilan uchinchi o‘rinni egalladi.
T. ORTIQOVA