Ikkalasi bilgan sir

Zoir rasm chizishni juda yaxshi ko‘radi. Bo‘sh qoldi deguncha duch kelgan joyga – devorgami, kitobgami chizib tashlayveradi. Biroq, negadir uni qadrlashmaydi, aksincha, koyishgani-koyishgan.

Ana shu “rassom” Zoirning o‘zidan bir sinf pastda o‘qiydigan ukasi Zokir maktabdan yig‘lab keldi.

– Nima bo‘ldi, nega yig‘layapsan? Birortasi hafa qilgan bo‘lsa ayt, borib bir ta’zirini berib qo‘yay! – mushtini tugdi Zoir o‘rnidan irg‘ib turarkan.

– Siz xafa qildingiz. Hammasi sizni deb bo‘lyapti. Mana, mana bu darslikni qarang, – Zokir portfelidan muqovasiga qarab qanday darslik ekanligini bilib bo‘lmaydigan kitobni chiqarib stolga tashladi. – Shu “makulatura” dagi 21-mashqni bajarishim kerak. “Bu kitobni olmayman, uni qanday qilib o‘qiyman”, desam “bunisini akangdan so‘raysan”, deyishdi. Shu darslikni o‘tgan yili siz tutgan ekansiz, – qattiqroq “hiqilladi” Zokir. – Shundan keyin nima qilishim kerak, yig‘lamasdan. Tag‘in opamiz “Ertaga sendan so‘rayman” deb qoldi.

Zoir “Ona tili” kitobini qo‘liga oldi-yu, qizarib ketdi.

– Kitoblarni maktab fondiga o‘tkazishni kim o‘ylab chiqardi, o‘zi! Sen landovur bo‘shashmay, boshqasiga almashtirib olsang-ku…

– Maktabda sizdaqalar bittami?! Bu yil bizga berishgan juda ko‘p darsliklarning ahvoli shu. O‘zingizdan boshqani o‘ylamagansiz-da. Yanagi yil ulardan hech kim foydalana olmaydi – makulaturaga o‘tkazib yuborishadi. Darsliklar besh emas, ikki yilga arang yaragan bo‘ladi, shunda.

– Senga nima, namuncha kuyib-pishasan, yangisini olib kelishadi.

– Agar shu kitob besh yil umr ko‘rsa, uning puliga kutubxonaga yangi badiiy kitoblarni ko‘proq keltirishgan bo‘larkan, sinf rahbarimiz shunday dedi. Yana, opamiz Zoirga o‘xshaganlarni boplab jazolash kerak, deb ham qo‘ydi.

– Ovozingni o‘chirmasang, kaltak yeysan. Indamasam aql o‘rgatadi-ya, undan ko‘ra chiqib choyingni ich!

Zoir ukasini chiqarib yuborgach, o‘ylanib qoldi. Keyin bir qarorga keldi shekilli, stoli tortmasidan yelim, o‘chirg‘ich, karton qog‘oz, qaychi oldi-yu, ishga tutindi. U yarim kechagacha o‘tirib, darslikdagi rasmlarni o‘chirib chiqdi. Ustiga karton qog‘oz yopishtirib, yirtilgan joylarini yamadi. Kitobni sal epga keltirgach, bir oz yengil tortib, “Fizika” kitobini qo‘lga oldi. Uni varaqlarkan, yana ta’bi xira bo‘ldi. 49-paragraf ustiga maymun bilan bo‘taloqning suratini o‘xshatib chizib qo‘ygan ekan. Nazarida boyagina o‘zi zavq bilan chizgan maymuni endi uni mazax qilayotganday ko‘rindi-yu, kitobni shartta yopti. Ko‘z oldida yana ukasining yig‘lab turgan qiyofasi keldi. Quloqlari ostida maktab sardori Nodir Qurbonovning tanbehli ovozi eshitildi. U ko‘zlarini “chirt” yumib, quloqlarini qo‘llari bilan berkitdi…

Yana o‘qing:  “Fuqarolar qabulxonasi” faoliyatidan aholi mamnunmi?

Zoir ertalab maktabga otlanayotganda, ukasi Zokir jimgina kelib, uni quchoqlab oldi. Zoir yayrab ketdi.

Muhabbat HAMIDOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: