Bola hamisha rost gapiradimi?
Bir kuni yo‘lda dugonamni uchratib qoldim. U “ho‘ng-ho‘ng” yig‘lardi. Uni hech qachon bunday holatda ko‘rmanganim uchun xavotirlanib so‘radim.
– Tinchlikmi, nima bo‘ldi?
Dugonam yig‘idan o‘zini to‘xtata olmasdi. Beixtiyor uni bag‘rimga bosib, dalda bo‘ldim. U esa “oyim-oyim…” – deb duduqlanardi.
Azbaroyi xayolimga kelgan narsadan battar dahshatga tushdim. Nahotki onasi…
– Mundoq tushuntirib gapirsangchi? – dedim oxiri sabrim tugab. – Nima gap axir?
– Oyim endi universitetga o‘qishga bormaysan, deyapti.
Dugonamning bu xitobidan yana taajjubim oshdi.
– Ukam Vali ota-onamga meni bir boyvachcha yigit bilan yuradi, har kuni mashinasiga o‘tirib, qayoqqadir ketadi, debdi. “Yolg‘on desam”, “Bola yolg‘on gapirmaydi” – dedi. Shunga…
Dugonamning ahvoli endi menga ayon edi. Shartta qo‘lidan tutib, uyiga boshladim. Chunki, uning oilasini juda yaxshi bilaman. Ziyoli, ibratli oila. U nafaqat kursimizda, balki universitetda ham odob-axloqi bilan barchaga namuna. Shunday ekan, bunday bo‘lishi mumkin emas. Shu xayolda dugonamning uyiga keldik. Darvozani ukasi Vali ochdi.
– Nega unday qilding? – dedim jahlimni bosolmay.
Vali bir menga, bir dugonamga qarab oldida, “Kompyuter o‘ynashga boraman, pul bering, desam bermaydi” – dedi zarda bilan.
Shunda ikki dugona bir-birimizga qarab qoldik. Men Valining qulog‘idan tutdim.
– Yolg‘on gapirishga uyalmaysanmi? Opang hali talaba. Unda pul qayerdan bo‘lsin? Shoshmaytur, kechqurun tog‘angga aytmasammi seni.
Vali kenjatoy bo‘lgani uchunmi, oilada ota-onasining erkatoyi. U faqatgina tog‘asidan hayiqadi. Shuning uchun darrov dugonamning etagiga yopishdi.
– Jon opajon, kechiring. Endi boshqa yolg‘on gapirmayman. Faqat dugonangiz tog‘amga aytmasin.
Shundan buyon o‘ylayman. Xaqiqatdan ham dugonamning onasi aytganidek, “Bola hech qachon yolg‘on gapirmaydimi?”. Ayniqsa, buguning bolasi?
Vali uyali telefon, kompyuter qarshisida ulg‘ayayotgan bola. O‘zingiz guvohi bo‘lganingizdek, uning o‘ylamay aytgan yolg‘on gapi bir beg‘ubor qizning, eng achinarlisi, mehribon opasining hayotini zulmatga aylantirishiga bir baxya qoldi. Yaxshiyamki, yolg‘on fosh bo‘ldi, Vali qilgan ishidan pushaymon.
Aziz mushtariy, bu voqeaga siz nima deysiz? “Bola yolg‘on gapirmaydi”, degan iboraga munosabatingiz qanday?
Sevara MUSURMONOVA