Mehr sarchashmasiga uyg‘un rishta: ilik to‘qligiga nima sabab?

Ona suti go‘dak organizmining sog‘lom va durkun rivojlanishi uchun eng maqbul ozuqa hisoblanadi. Xalq orasida bunday go‘daklarga nisbatan “ona sutini emib, iligi to‘q o‘sgan bola” degan ibora qo‘llaniladi. Chunki, ko‘krak suti go‘dak immunitetini ham mustahkamlaydi.

Unda barcha mikro va makro elementlar mavjud bo‘lib, tarkibida antitanachalar ham bor. Ayniqsa, tug‘ruqdan so‘ng dastlabki uch kun davomida ajralib chiqadigan quyuq, sarg‘ish og‘iz suti chaqaloq vujudiga emlashday ta’sir etadi. Ona sutini to‘yib emgan mittivoy sun’iy sutli aralashmalar bilan boqilgan tengdoshiga nisbatan yaxshi rivojlanadi. Uning kasalliklarga chidamliligi oshadi. Sun’iy sutli aralashmalar bilan boqilayotgan jajji insonni parvarish qilayotgan ota-onalar esa sanitariya-gigiyena qoidalariga qat’iy amal qilishlari zarur. Sababi arzimagan e’tiborsizlik turli yuqumli me’da-ichak tizimi xastaliklariga keng yo‘l ochadi. Bu salbiy holat esa chaqaloqning sog‘lig‘iga jiddiy putur yetkazadi. Og‘ir holatlarda esa ich ketishi va qusish va tana haroratining yuqori bo‘lishi bilan kechuvchi diareya (ichketar) mudhish yakunlanishi mumkin ekan. Inson organizmining asosiy qismi suvdan iborat. Tananing suvsizlanishi esa moddalar almashinuvining keskin buzilishiga sabab bo‘ladi.

Ta’kidlash joizki, ona sutini ko‘paytirishning eng to‘g‘ri yo‘li go‘dakni erkin emizishdir. Ya’ni tunu kun davomida u o‘zi xohlagan vaqtda to‘yib emishi shart. Bir paytlar sobiq Ittifoq davrida onalar tug‘ruqxonalarda go‘daklarini uch kunlab ko‘rishmagan. Chaqaloqlarni esa turli onalardan sog‘ib olingan ko‘krak suti bilan boqishgan. Yana bolajonlar har uch soatda qat’iy rejim ostida emizilgan hamda emizishlar orasida ularga kichkina shishachalarda qaynatilgan suv berilgan.

Holbuki shifokorlarning kuzatishlariga ko‘ra, go‘dak olti oylik bo‘lgunicha unga hech qanday qo‘shimcha ovqat, hatto, suv berish ham mumkin emas ekan.

Sababi ona sutining o‘zi chaqaloqning chanqog‘ini ham qondirishga qodirligi isbotlangan. Mustaqillikdan so‘ng esa bunday nomaqbul amaliyotga chek qo‘yildi. Hozirda yangi bo‘shangan ona qorniga go‘dak darhol yotqiziladi. Mittivoyning tanasi ona vujudiga tegib, uning organizmidagi mikroflora bilan to‘qnashadi. O‘z navbatida bu holat uning atrof-muhitga tez moslashishiga zamin yaratadi.

Yana bir qiziqarli dalil. Odam organizmidagi har bir a’zo liposomalardan tuzilgan. U esa hujayra va to‘qimalarning rivojlanishiga sabab bo‘ladi. Turli fe’l-atvorli onalarning sog‘ilgan ko‘krak sutini emgan bolalarning ahvolini bir tasavvur qilavering endi. Shuning uchun aytsalar kerak “Sut bilan kirgan, jon bilan chiqadi” deb. Shu sababli muqaddas Islom dinida ko‘kaldosh (bir onaning sutini emishgan) xoh qarindosh, xoh begona bolalarning turmush qurishi man etiladi. Zero, ular bir-biriga tug‘ishganday hisoblanar ekan.

Yana o‘qing:  Hordiq chiqarishga mo‘ljallangan ish stuli

Emizish ona uchun ham foydali

Ona uchun ham bolani emizish foydali. Chunki, bu jarayonda yangi bo‘shangan ayolning bachadoni qisqarib, asl holiga tezroq qaytadi. Ona va bola o‘rtasidagi ruhiy bog‘liqlik emizish sababli yanada mustahkamlanadi. Shuningdek, ayol organizmi emizib boqish natijasida turli o‘sma kasalliklariga chalinmas ekan. Buning sababi onaning organizmidagi ijobiy gormonal o‘zgarishlar bilan bog‘liq bo‘lsa kerak. Yana go‘dakni muntazam ravishda kamida ikki yil davomida emizish onani istalmagan homiladorlikdan asraydi. Tug‘ruqlar oralig‘i uch yoshgacha bo‘lsa maqbul hisoblanadi, deyishmoqda mutaxassis – shifokorlar. Zero, bu vaqt davomida ona organizmi tiklanadi. Bola ham yetarli darajada e’tibor ostida parvarishlanadi.

Taomnoma-shifo manbai

Ayniqsa, chilla davrida ona va bola salomatligini asrash muhim. Chunki, yangi tuqqan ayol to‘yib uxlasa hamda sifatli va to‘g‘ri ovqatlansa va asabiylashmasa uning suti yetarli bo‘ladi. Yana ayol issiq sut va asalli choy ichib, suyuq ovqatlar hamda atalani ko‘proq iste’mol qilsa, uning suti ko‘payadi. Arpabodiyon urug‘ini choy o‘rnida damlab ichish ham ona suti ajralib chiqishini kuchaytiradi. Shuningdek, bu shifobaxsh o‘simlik yel haydash xususiyatiga ega. Emizikli ona gaz (meteriozm) hosil qiluvchi mahsulotlarni iste’mol qilishdan tiyilishi kerak. Bunday mahsulotlarga mosh, loviya, soya, no‘xat va turli gazli va sun’iy buyoqli ichimliklar kiradi.

Chala qaynatilgan uy tovug‘i tuxumi toza qon hosil qiladi. Shunday tovuq go‘shtidan tayyorlangan sho‘rva shifobaxsh ta’sirga ega. Emizikli ona taomnomasida ko‘proq sut va sutli mahsulotlar (qatiq, tvorog, pishloq, tuzi kamroq brinza, suzma bo‘lishi maqsadga muvofiq. Chunki, bunday mahsulotlar tarkibida kalsiy ko‘p bo‘ladi. Kalsiy moddasi esa chaqaloqning suyak tizimi rivojlanishiga ijobiy ta’sir etadi. Ammo sutning faqat o‘zini ichish ba’zan qorinni dam qilib, yel paydo qilishi mumkin. Uning zararini bartaraf etish uchun unga qora choy va oqlangan (po‘sti olingan) tariq solib, shirchoy qilib ichish zarur. Yana sutga suvi qochgan non to‘g‘rab, asal va kuydirilgan sariyog‘ solib ichish ham uning yel paydo qilish xususiyatining oldini oladi.

Bolasini ko‘krak suti bilan emizib boqayotgan ayol sarimsoqpiyoz, xom piyoz, qalampir, murch, yerqalampir (xren) ildizi, xantal, turli konservalar, marinadli, sousli, dudlangan va tuzlangan oziq-ovqat mahsulotlari, shokolad, kofe, kakao is’temol qilishdan tiyilishi kerak. Yangi chiqqan qovun-tarvuz, bodring, o‘rik va uzum ham mittivoyning ichini buzadi. Shuningdek, onalar zararli illatlardan xoli bo‘lishi zarur.

Yana o‘qing:  Ko‘z nuqsoni va tug‘ruq

Agar ona avgust-sentyabr oylarida farzandini dunyoga keltirsa “g‘arq” pishgan selitra va ortiqcha nitratlardan xoli, DSNM nazoratidan o‘tkazilgani haqida ma’lumotga ega tarvuzni iste’mol qilishi mumkin. Chunki bu poliz ekini ham ona sutini ko‘paytiradi. Yog‘siz baliq turi esa uy tovug‘i go‘shti va uning tuxumi kabi oqsil manbaidir. Sabzi ham laktatsiya (sut ajralishi)ni kuchaytiradi. Shivit urug‘i, salat o‘simligi, turp, qizil lavlagi, pishirilgan piyoz, kun davomida ikki litr suyuqlik ichish (bunga gazsiz mineral suv, meva va sabzi sharbati, quruq mevalar (olma, olxo‘ri, na’matak, oshmayiz)dan tayyorlangan kompotni issiq holda emizishdan yarim soat oldin ichish ham ona sutini ko‘paytiradi. Zanjabil, zira damlamasi, ko‘k choyga sut aralashtirib ichish ham ko‘krak sutining ko‘p ajralishini yaxshi ta’minlaydi. Qora qorag‘at (smorodina) sharbati esa shifobaxsh va foydalidir hamda ona sutini ko‘paytiradi.

Chilla yara (diatez) xastaligi mavjud go‘dagi bor onalarga qizil rangli meva-sabzavotlar va asal, yog‘li mol, qo‘y, echki, ot go‘shti iste’mol qilish tavsiya etilmaydi. Hatto, sigir suti va baliq, tuxum ham ular uchun allergen hisoblanadi. Bunday holatda emizikli ona faqat echki sutini ichishi zarur. Tuxumni qovurib emas, balki kam hollarda chala qaynatib yeyishi mumkin. Bedana tuxumi esa allergiya keltirib chiqarmaydi. Ammo uni xom iste’mol qilgan foydaliroqdir.

Gulchehra ShIRINOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: