Istiqbolli islohotlar
O‘zbekiston Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan «Sog‘lom avlodni tarbiyalash, onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish borasidagi ustuvor vazifalar va istiqboldagi rejalar» mavzuidagi matbuot anjumani o‘tkazildi.
Anjumanda ta’kidlanganidek, mustaqillik yillarida yurtimizda Prezidentimizning bevosita tashabbusi va rahnamoligida sog‘liqni saqlash tizimida tub o‘zgarishlar amalga oshirildi. Zero, davlatimiz rahbarining 1998 yildagi Farmoni bilan O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish Davlat dasturining qabul qilinishidan ko‘zlangan asosiy maqsad ham mamlakatimizda tibbiy xizmatning o‘ziga xos milliy modelini shakllantirish, sohaga doir yuqori malakali kadrlar tayyorlash, aholiga jahon talabalari darajasida malakali xizmat ko‘rsatishdan iborat bo‘ldi.
Chindan ham bugun yurtimizda sifat jihatidan yangi, eng yuksak talablarga javob beradigan zamonaviy davolash muassasalarining mukammal tizimi yaratildi. Qolaversa, o‘tgan yillar mobaynida «Sog‘lom ona – sog‘lom bola» g‘oyasini o‘zida mujassam etgan dastur asosida keng ko‘lamli chora-tadbirlar ishlab chiqilib, hayotga joriy etilishi natijasida — skrining va perinatal kabi yangi tibbiy markazlar va ularning viloyatlardagi filiallari aholiga sifatli va malakali tibbiy xizmat ko‘rsatmoqda. Bundan tashqari ayni paytda yurtimizda respublika ixtisoslashtirilgan Akusherlik va ginekologiya hamda Pediatriya ilmiy-amaliy markazlari va ularning joylardagi filiallari hamda hududiy ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot muassasalari samarali faoliyat ko‘rsatmoqda.
Onalik va bolalikni muhofaza qilish borasida ko‘rilayotgan keng qamrovli ishlar tufayli mustaqillik yillarida mamlakatimizda onalar va bolalar o‘limi 3 baravar kamaydi. Bunday ko‘rsatkich bo‘yicha bugun O‘zbekiston nafaqat MDH, balki dunyodagi yetakchi mamlakatlar safidan joy oldi.
Ma’lumotlarga qaraganda, agar 2005 yilda yurtimizda mutlaqo sog‘lom bolalar ko‘rsatkichi 52,7 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2012 yilda bu raqam 63 foizdan oshdi. Dunyoning rivojlangan davlatlarida bu ko‘rsatkich 70-72 foizni tashkil etishini inobatga olsak, unda mamlakatimiz bu masala bo‘yicha ham qanchalik yuksak o‘sish su’ratlariga erishayotganligiga yaqqol amin bo‘lamiz.
Shuni ham aytish kerakki, O‘zbekistonda jahon tajribasiga asoslangan Milliy emlash kalendari qabul qilindi. Bu jarayon har yili bolalarning deyarli 99 foizini asosiy yuqumli kasalliklarga qarshi emlashni o‘z ichiga oladi. Shuning uchun ham ushbu kasalliklarning aksariyati mamlakatimizda ko‘p yillar davomida qayd qilinmayotir.
Shu o‘rinda respublika miqyosida har oyda o‘tkaziladigan tug‘ish yoshidagi ayollar, bolalar va o‘smir qizlarni sog‘lomlashtirish haftaliklarini muntazam tashkil etilayotganligini alohida ta’kidlash o‘rinlidir.
G.ShIRINOVA