Farzand salomatligi dilimiz halovati
So‘nggi paytlarda yosh onalarning bolam kamqon (anemiya), u ham menga o‘xshab behol degan shikoyatlari quloqqa chalinadigan bo‘ldi. Bolaligimizda negadir buvijonlarimiz mayiz, asal, yong‘oq yegin, sog‘liq uchun foydali deb maslahat berishardi. Albatta, bu bejizga aytilmagan. Hozir bolalarda anemiya kasalligi ko‘p uchramoqda. Kamqonlik o‘zi qanday xastalik? Bolalarda u qanday kechadi? Shu kabi savollar bilan pediatr-shifokor Shahnoza Oripovaga murojaat qildik.
Kasallikning kelib chiqish sabablari nimada?
– Kamqonlik – bu organizmda qizil qon tanacha (eritrotsit) kamayib ketishi, yoki qizil qon tanachalarida gemoglobinning kamayishidir. Bular asosan qon yo‘qotishdan, kesilgan joylar, me’dadagi yaralar, gijjalar natijasida paydo bo‘lishi mumkin. Undan tashqari qizil qon tanachalari boshqa bir qator moddalar yetishmaganligi, masalan, temir moddasi tanqisligi oqibatida ham kamqonlik kelib chiqishi aniqlangan.
Kasallik kimlarda ko‘proq uchraydi?
– Kamqonlik homilador ayollar va bolalarda o‘rtasida uchraydi. Kamqonlik qishloqlarda yashovchi ko‘p bolali ayollar o‘rtasida keng tarqalgan bo‘lib, buning natijasida madorsizlik, bosh aylanishi, quloqda shovqin eshitilishi, yurakning tez urishi, nafas qisishi va hakozo, kuzatiladi. Bemorlarning terisi quruq, tirnoqlari mo‘rt bo‘ladi. Bunday ayollar nimjon, zaif farzand ko‘radilar. Harorat ko‘tarilishi, turli og‘riq bezovta qilishi, ko‘p hollarda qon bosimi past bo‘lishi mumkin.
O‘zbekistonda anemiyaning qaysi turi keng tarqalgan?
– Eng keng tarqalgan anemiyaning turidan biri bu – temir moddasining tanqisligidir. Uning oziq-ovqatlardagi yetishmovchiligi ham kamqonlikka olib keladi. Qon tizimi yetarli darajada temir moddasini qabul qilmasa, u o‘z navbatida gemoglobinning yetarli miqdorini ishlab chiqara olmaydi. Oqibatda esa eritrotsitlarda temir moddasi yetishmasa gemoglobin to‘qimalarga kislorod yetkazib bera olmaydi.
Bolalarda kasallik qanday kechadi?
– Bolalardagi anemiya, ya’ni kamqonlikning paydo bo‘lishiga onaning homiladorlik davrida sifatli va to‘yimli ovqatlanmasligi sabab bo‘ladi. Bolalarda anemiya toliqish, rangparlik, ishtahaning yo‘qolishi, bosh og‘rig‘i, teri quruqligi, tirnoq va sochlarning sinuvchanligi, og‘iz burchaklaridagi yoriqlar va turli yuqumli kasalliklarga tez chalinish kabi belgilar bilan namoyon bo‘lishi mumkin. Kasallikning og‘ir shakllarida nafas olishning qiyinlashishi, bosh aylanish, yurak tez urishi, shilliq qatlamlarning o‘zgarishi (silliq malina rangidagi til, ta’m, hid sezishning o‘zgarishi, yutinishning murakkablashishi), shu bilan birga jigar va taloqning shishishi ham kuzatiladi. Agarda emizikli bola rangpar, holsiz, ishtaha past bo‘lsa, rivojlanishdan orqada qolsa va yuqumli kasalliklarga tez chalinishi kuzatilsa – bu kamqonlikning belgilaridan biri bo‘lishi mumkin.
Kamqon bolaga qanday oziq-ovqat mahsulotlarini tavsiya etasiz?
– Bolaga temir moddasi mavjud mahsulotlarni berish kerak. Bu – baliq, tovuq go‘shti, jigarlarda va tuxum sarig‘ida ko‘proq. To‘q yashil bargli sabzavotlar va yong‘oq ham temir moddasiga boydir. Bir xil tusdagi mahsulot va taomlar ham bola organizmida temir moddasining tanqisligiga olib kelishi mumkin. Ovqatdan so‘ng C vitaminiga boy turli mevali sharbatlar temir moddasining yaxshi so‘rilishiga olib keladi. Anemiyani maxsus parhezga amal qilgan holda davolab bo‘lmaydi. Shu sababli shifokorlar temir moddasi mavjud dori vositalarini yozib beradi. Ularni iloji bo‘lsa ertalab nahorga bersangiz, ta’sir etish kuchini oshiradi. Kamqonlikning oldini olish maqsadida yong‘oq, mayizga ozgina asal qo‘shib birgalikda go‘sht qiymalagichdan o‘tkazib har kun iste’mol qilib yursa bo‘ladi.
Kamqonlikni qanchalik erta aniqlab uni davolash choralari erta ko‘rilsa, anemiya xavfi shu qadar kamayadi. Muhimi homilador ayollar o‘z sog‘liqlariga beparvo bo‘lmasdan, shifokor nazoratidan tez-tez o‘tib turishlari, temir moddasiga to‘yingan oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilishlari kerak. Shundagina sog‘lom onadan sog‘lom bola dunyoga keladi.
Odina QULMURODOVA,
O‘zDJTU talabasi