Sportchilarimiz tantanali kutib olindi
Sportchilarimiz tantanali kutib olindi Buyuk Britaniyaning London shahrida yengil atletika bo‘yicha paralimpiyachilar o‘rtasida o‘tkazilgan jahon chempionatida mamlakatimiz sportchilari 3 oltin va 4 kumush medalni qo‘lga kiritgani haqida avval xabar bergan edik.
Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida 26 iyul kuni ushbu nufuzli musobaqa g‘olib va sovrindorlarini kutib olish marosimi bo‘ldi. Shu munosabat bilan bu yerga O‘zbekiston milliy paralimpiya assotsiatsiyasi va jamoatchilik vakillari, sportchilarning oila a’zolari va yaqinlari, ommaviy axborot vositalari xodimlari yig‘ildi.
Mamlakatimizda sportni rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy e’tibor jarayonida jismoniy imkoniyati cheklangan yoshlarning ham sport bilan muntazam shug‘ullanishi, o‘z iqtidor va salohiyatini namoyon etishi uchun barcha zarur imkoniyat va sharoitlar yaratilmoqda. Buning samarasida paralimpiyachilarimiz sport olamining eng nufuzli musobaqalari Paralimpiya va Paraosiyo o‘yinlari, jahon va qit’a chempionatlari, xalqaro turnirlarda katta g‘alabalarga erishmoqda. 2016 yili sportchilarimiz Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida o‘tgan XV Paralimpiya o‘yinlarida 8 oltin, 6 kumush va 17 bronza, jami 31 medalga sazovor bo‘lgan edi.
Paralimpiyachilarning Londonda yengil atletika bo‘yicha o‘tkazilgan jahon chempionatiga puxta tayyorgarlik ko‘rishi va unda munosib ishtirok etishida davlatimiz rahbarining 2017 yil 9 martdagi O‘zbekiston sportchilarini 2020 yil Tokio shahrida (Yaponiya) bo‘lib o‘tadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlashga oid qarori muhim dasturilamal bo‘ldi.
Tajribali atletimiz Husniddin Norbekov disk otish bahslarida shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi, yadro uloqtirish bahslarida kumush medalga sazovor bo‘ldi.
– Nufuzli musobaqada g‘alaba qozonganimdan xursandman, – deydi H.Norbekov. – Jahon chempionatida qo‘lga kiritgan yuqori natijalarimiz mamlakatimizda biz, yoshlarga qaratilayotgan ulkan e’tibor va g‘amxo‘rlikning samarasidir. Biz har qadamda, har qanday musobaqada ana shu mehr va g‘amxo‘rlikni chuqur his qilamiz. Bu bizga katta kuch-g‘ayrat bag‘ishlaydi.
Chempionatning uzunlikka sakrash bahslarida Doniyor Soliyev 7,18 metr natija bilan Osiyo rekordini yangilab, g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Erkaklar o‘rtasidagi nayza uloqtirish bahslarida ishtirok etgan Aleksandr Svechnikov 71,01 metr natija bilan oltin medalga sazovor bo‘lib, jahon rekordini yangiladi. Xotin-qizlar o‘rtasidagi bahslarda Nozima Qayumova kumush medal bilan taqdirlandi.
Xotin-qizlar o‘rtasidagi yadro uloqtirish bahslarida qatnashgan yana bir atletimiz Sofiya Burhonova 14,76 metr natija bilan ikkinchi o‘rinni egalladi. U disk otish bahslarida ham o‘z mahoratini namoyish etib, kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Bayram Aytmurodov,
O‘zA