Tartib va me’yor yaxshi

Ziyofatli davralarda ko‘pincha bir gapni eshitib qolamiz: odam yeyish uchun yashaydimi yoki yashash uchun yeydimi? Bu, albatta, dasturxondagi nozu ne’matning haddan ziyod ko‘pligi-yu har qanday odam oshqozonining ma’lum o‘lchovi borligiga nisbatan pichingnamo hamda hazilomuz aytiladigan gap. Shunday paytda Sadriddin Ayniyning asaridagi Qori Ishkamba obrazi yodga tushadi. Uning ochko‘zligi, nafsini tiya olmasligi hayotiga achinarli yakun yasaydi. Hajvga olingan ma’lum voqealar rivoji bizni hushyorlikka undaydi. Taom tanovul qilganda uni bilib, tartib va me’yorga amal qilib iste’mol qilaylikki, toki taom tanamiz salomatligini mustahkamlashga xizmat qilsin.

Ushbu mavzuda bekorga so‘z ochmadik, chunki inson o‘zini yaxshi his qilishi, turli ­xastalikka chalinmasligi ko‘p jihatdan ovqatlanish tartibiga bog‘liq ekan. Bunda, ayniqsa, ertalabki nonushtaning ahamiyatini alohida ta’kidlamasdan iloj yo‘q.

Mutaxassislar ovqatlanish ratsionida nonushta — 25 foiz, tushlik — 35 foiz, tushdan keyingi ovqat — 15 foiz, kechki ovqat — 25 foizga taqsimlanishi maqsadga muvofiqligini ta’kidlashadi.

— Unutmaslik kerakki, noto‘g‘ri ovqatlanish, odatda, salomatlikning asta-sekin buzilishiga olib keladi va keyinchalik uning oqibatini bartaraf etish murakkab jarayonlarga sabab bo‘ladi, — deydi biz bilan suhbatda poytaxtimizning Mirobod tumanidagi 30-oilaviy poliklinika shifokori Muhayyo Ergasheva. — Shu bois ov­qatlanish tartibi va iste’mol qilinadigan mahsulotlarga alohida e’tibor qaratish lozim. Ertalabki nonushtada oqsil, uglevod va vitaminlarga boy oziq-ovqatlarni tanovul qilish maqsadga muvofiq. Ya’ni, bug‘doy non, javdar non, shuningdek, sabzavotlardan iste’mol qilish, turli sharbatlar ichish tavsiya etiladi. Chunki xomligicha yeyiladigan sabzavot va mevalarda pektin moddalar bor. Pektin moddalar uglevodlar toifasidan bo‘lib, ichaklardagi chirituvchi moddalarni kamaytiradi hamda zaharli moddalarni biriktirib olib, organizmdan chiqib ketishiga yordamlashadi. Bundan tashqari, vitaminli mahsulotlar ratsionning muhim va almashtirilishi mumkin bo‘lmagan tarkibiy qismi bo‘lib, organizmning normal faoliyatini ta’minlab turadi. Nonushtada, asosan, yengil hazm bo‘ladigan, lekin darmondorilarga boy mahsulotlar iste’mol qilgan ma’qul. Ayniqsa, dukkaklilar guruhiga kiradigan donli yormalardan tayyorlangan bo‘tqalar me’da-ichak faoliyatiga yaxshi ta’sir ko‘rsatadi.

Ayni paytda yurtimizda bahor fasli. Bu kezlar tanamiz turli vitaminlarga har doimgidan-da ko‘proq ehtiyoj sezadi. Shu bois ratsionni ho‘l mevalar bilan boyitishimiz salomatligimizni mustahkamlabgina qolmay, immunitetimizni ko‘tarib, ish unumdorligini oshiradi. Mutaxassislar fikriga ko‘ra, ertalabki nonushtada sut va sut mahsulotlari iste’moli kishini kun davomida tetik va bardam qiladi. Sutning tarkibida 12 xil vitamin mavjud. Ulardan A, D1, D2, V2 vitaminlari hamda karotinning organizmga foydasi beqiyos.

Yana o‘qing:  Tomoq yallig‘langanda

Sir emaski, ba’zida ishga yoki o‘qishga shoshib, nonushta qilishni unutamiz. Tushlik vaqtida esa zo‘r berib ovqatlanamiz. Bu holat sog‘ligimizni yo‘qotishga, turli kasalliklar yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi. Ayniqsa, kechki ovqatda qovurilgan yog‘li ­taomlarni iste’mol qilish semirib ketishga, qolaversa, me’da-ichak faoliyatining buzilishiga olib keladi.

Shu o‘rinda unutmaylikki, har bir oilada shirindan-shakar bolajonlar, o‘smirlar ­voyaga yetmoqda. Ularning sog‘lom bo‘lib ulg‘ayishini xohlagan onalar, albatta, farzandlarining ovqatlanish tartibiga jiddiy e’tibor qaratishi joiz. Misol uchun, maktabga va kollejga yo‘l olgan o‘smir ko‘pincha yarim tayyor “fas-fudlar”: gamburger, xotdog kabilarni tanovul qilib, gazli, rangli ichimliklar bilan chanqog‘ini qondiradi. Bu esa o‘smir tanasiga quvvat bo‘lib kirish o‘rniga oshqozon hazm qilish muammosi va turli ichki a’zolari kasalligiga olib keladi.

Shu bois onalar farzandining uyda foydali ovqatlanishi uchun yetarli sharoitni muhayyo qilishsa yaxshi bo‘lardi. Buning uchun dasturxonda qaynatilgan, bug‘da pishirilgan taomlar va ko‘katlardan tayyorlangan salatlar bo‘lgani ma’­qul. Farzandimiz ertalab uydan chiqayotganda sumkasiga olma, mayiz va yong‘oq solib qo‘ysak, bu mahsulotlar ham bolada ochlik hissini kamaytirib, fikrlash qobiliyatini kuchaytiradi, kamqonlikning oldini olishga yordam beradi.

Xalqimizda shunday gap bor: ertalabki nonushtani o‘zing ye, tushlikni do‘sting, kechki ovqatni esa dushmaning bilan bo‘lish… Demak, katta-yu kichikda ham sog‘lom bo‘lish va to‘g‘ri ovqatlanishning asosiy sharti ratsionda mineralli, vitaminlarga boy ­taomlar xilma-xilligini ta’minlash hamda tartib va me’yorga amal qilishdan iborat ekan.

Go‘zal BAXTIYOR qizi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: