Teran nigohlar
katarakta tufayli gavharishamchiroqlarimiz xiralashmasin
Katarakta – ( yunoncha «katarhaktes» – «sharshara») ko‘z kasalliklaridan biri bo‘lib, aslida tiniq ko‘z gavharining xiralashuvidir. Kataraktaning rivojlanishi inson organizmidagi ba’zi kasalliklarning asorati, qolaversa, tashqi muhit omillari – ko‘z shikastlanishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Bu xastalik tug‘ma va hayot davomida orttirilgan bo‘lishi mumkin. Qarilikda (odatda 50 yoshdan keyin ) katarakta ko‘p uchraydi (90 foiz). Buning sababi ko‘z gavhari oziqlanishining buzilishi, uning tarkibiga kiruvchi oqsillarning o‘zgarishi (denaturatsiya) va hokazo.
Kelib chiqishiga ko‘ra kataraktalar bir necha xil bo‘ladi:
– Qarilik kataraktasi;
– ko‘z shikastlanishidan keyin rivojlanadigan katarakta;
– asortali kataraktalar(ko‘z kasalliklari asorati – masalan yuqori darajali miopiya va hokazo);
– radiatsion kataraktalar (ionlashtiruvchi nurlanish oqibatida kelib chiqadi);
– toksik kataraktalar (naftolon kislota va shunga o‘xshagan zaharli moddalar ta’siri ostida rivojlanadi);
– organizmning umumiy kasalliklari oqibatida kelib chiqadigan katarakta (endokrin tizimidagi o‘zgarishlar, umumiy moddalar almashinuvining buzilishi oqibatida);
Ushbu xastalik sababli vaqt o‘tishi bilan ko‘z gavhari butunlay xiralashib qoladi.
Qarilikdagi katarakta asta-sekin rivojlanadi. Kasallikaning bir necha bosqichlari farq qilinadi, ya’ni:
– Boshlang‘ich;
– yetilmagan;
– yetilgan;
– o‘tib ketgan.
Uning yetilgan davri hammada har xil kechadi. Bu ko‘proq bemorning umumiy ahvoli va yoshi bilan bog‘liq. Ko‘z gavharining hamma qismi xiralashsa, yetilgan katarakta deb ataladi.
Kataraktada quyidagi belgilar kuzatiladi:
– Ko‘rish qobiliyatining pasayishi;
– bemorning ko‘z oldi jimirlashadi, nuqta, chiziq va dog‘ kabi shakllar paydo bo‘ladi;
– sog‘ ko‘z berkitilganda jismlar ikkita bo‘lib ko‘rinadi;
– tasvirlar xiralashadi;
– yorug‘likka nisbatan ta’sirchanlik oshib, asosan bu holat kechki paytda kuchayadi;
– ko‘z qorachig‘i oqish, kulrang tusga kiradi;
– rang ajratish buziladi.
TASHXIS
– Ko‘rish o‘tkirligini va ko‘rish maydonini aniqlash;
– ko‘z ichki bosimini o‘lchash – tonometriya;
– ko‘z gavharini biomikroskopiya (tirqishli lampa) yordamida tekshirish;
– ko‘z to‘r pardasini elektrofiziologik usul bilan tekshirish;
– ko‘zni ultratovush yordamida tekshirish;
– qo‘shimcha tekshiruvlar.
Ko‘zning xira tortishi uning boshqa kasalliklarida ham kuzatiladi. Shuning uchun albatta shifokor–oftalmologga murojaat etish va kasallikni o‘z vaqtida aniqlash lozim. Tekshiruvlar natijasini tahlil qilib, shifokor dorilar vositasida yoki jarrohlik yo‘li bilan davolashni tavsiya etadi. Dorilar bilan davolash ko‘z gavharidagi xiralashishning so‘rilishiga yordam bermaydi. Lekin dori-darmonlar kasallik rivojlanishini sekinlashtirishi mumkin.
Kataraktanining davolashning yagona yo‘li – jarrohlik operatsiyasi bo‘lib, bunda xiralashgan ko‘z gavhari intraokulyar linza – sun’iy gavhar bilan almashtiriladi. Hozirgi vaqtda butun dunyoda kataraktani ultratovushli fakoemulsifikatsiya yo‘li bilan olib tashlash jarrohlik amaliyotida keng qo‘llanilmoqda. Jarrohlik amaliyotini amalga oshirish uchun kataraktani yetilishini kutish kerak emas. Hozirgi paytda ushbu ko‘z xastaligini davolash qancha erta boshlansa, davo shuncha samarali bo‘ladi.
Esda tuting!
Katarakta ko‘zni to‘sib turgan parda emas. Balki, bu jiddiy ko‘z kasalligi bo‘lib, uni maxsus parhez, tomchi dorilar yoki xalqona usullar bilan davolab bo‘lmaydi.
Dilfuza USMONXO‘JAYEVA,
oliy toifali oftalmolog