Yoshlar ittifoqi tom ma’noda yoshlar manfaatini himoya qiladigan, orzu-umidlari, iqtidor va salohiyatini ro‘yobga chiqara oladigan tizim bo‘ladi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev 2017 yil 5 iyul kuni “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi tarixiy farmonni imzoladi. Shu kundan e’tiboran mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati bilan shug‘ullanadigan yangi tuzilma – O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyat boshladi.

Tashkilot oldida turgan muhim vazifalar va ularni ro‘yobga chiqarish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar xususida O‘zA muxbiri O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi Qahramon Quronboyev bilan suhbatlashdi:

– Qahramon Qo‘chqorovich, yangi tashkilotga aksariyat yoshlar xayrixohlik bildirmoqda. Lekin biroz shubha bilan qarayotganlar ham yo‘q emas. Buni o‘z vaqtida katta orzu-maqsadlar bilan tashkil etilgan “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati barcha yoshlarning tom ma’nodagi tayanchi va suyanchiga aylana olmagani bilan izohlash mumkin. Bunday holat qayta takrorlanmasligi uchun Yoshlar ittifoqi nima ishlar qilmoqchi?

– Avvalo, yoshlarni tinglash mexanizmini yo‘lga qo‘yamiz. Balandparvoz gaplarni bugun zamon ko‘tarmaydi. Bunday usul bilan yoshlarning qalbiga yo‘l topish qiyin. Amaliy ishlar kerak. Ilgari yoshlar tashkiloti yoshlar hayotidagi qanday dolzarb muammolarni muhokama etmasin, ularning aksariyati o‘sha tashkilotdan nariga o‘tmas edi. Bir marta dardini, tashvishini aytgan yigit yoki qiz mana shunday munosabatni ko‘rgach, qaytib bunday tashkilotga ishonmas, o‘z bilganicha yo‘lida davom etaverardi. Yoshlar ittifoqi tashkiliy tuzilmasida yuqoridan pastga qarab emas, har tomonlama harakatlana oladigan mexanizmni joriy qilyapmiz. Ya’ni yoshlarning fikri, orzu-intilishlari, maqsadi, eng muhimi, muammolarini tinglab, ularni o‘z o‘rnida hal qilish prinsipi asosida ish tutiladi. Tashkilotning eng quyi bo‘g‘inidagi yigit yoki qizning fikri, o‘rtaga tashlagan muammosi, taklif va tavsiyalari, avvalo, o‘sha tuman, viloyat darajasida hal etilishi zarur. Unda hal bo‘lmasa, Prezident devoni, Oliy Majlis Senati doirasiga olib chiqiladi. Bundan buyon muammoni faqat o‘rganish emas, balki uni hal etish, kelgusida oldini olish yo‘lidan boramiz! Yoshlar bizdan shuni kutyapti. Bugungi globallashayotgan hayot qancha murakkab bo‘lmasin, biz o‘z kelajagimiz haqida chindan qayg‘ursak, O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan birorta yoshni e’tibordan chetda qoldirishga haqqimiz yo‘q.

– Kuni kecha Yosh olimlar va Yosh tadbirkorlar assotsiatsiyalari, Ijodkor yoshlar uyushmasini tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Yil oxirigacha shunga o‘xshash tuzilmalar soni 30 ga yetishi kutilmoqda. Har birining faoliyatini tashkil etish va yuritish to‘liq yoshlar ixtiyoriga berilyapti. Bunday keng ko‘lamli ishni uddalashning mas’uliyati ham shunga yarasha bo‘ladi.

– Prezidentimiz yoshlarga bunyodkor kuch sifatida qarab, ularning imkoniyatlariga katta ishonch bildirdi. Hammamizni bir maqsad, bir g‘oya birlashtiradi. Hamma narsa boshida qiyin. Yoshlar yoshlarga ta’sir ko‘rsatadigan, o‘z taqdirini o‘zi belgilaydigan, o‘zlari o‘zlariga ko‘mak, dalda berishiga imkon yaratish vaqti keldi. Prezidentimiz Yoshlar ittifoqi tarkibida Yosh olimlar uyushmasi, Yoshlar turizmi uyushmasi, Sport klublari va fitnes markazlari uyushmasi, Imkoniyati cheklangan yoshlar uyushmasi, Yoshlarga ijtimoiy-psixologik yordam ko‘rsatish markazi kabi tuzilmalarni tashkil etishni taklif qilganida mana shu g‘oyadan kelib chiqqan edi. Albatta, Ittifoq yangi uyushmalarga har tomonlama amaliy yordam ko‘rsatib, ishini muvofiqlashtirib boradi. Qolaversa, har biriga ular bilan bevosita ishlaydigan hukumat a’zolari ham biriktirib qo‘yilishi uning samaradorligini ta’minlashga xizmat qiladi. Masalan, ta’lim tizimidagi yoshlar bilan Bosh vazir, oliy va o‘rta maxsus hamda xalq ta’limi vazirlari, yoshlar tadbirkorligi va fermerlikni qo‘llab-quvvatlash bilan Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari, Bosh vazir o‘rinbosari va Savdo-sanoat palatasi raisi, yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bilan Prezidentning Davlat maslahatchisi va madaniyat vaziri doimiy ish olib borishi belgilandi.

Shunday imkoniyat va sharoitlar yaratilgan bo‘lsa-da, barcha ishlarning harakatlantiruvchi kuchi – joylardagi yoshlar ittifoqi tuzilmasidir. Yoshlarning iste’dodi va salohiyatini yuzaga chiqarishga harakat qilmasa, turgan gapki, jamiyatda obro‘-e’tibor qozonolmaydi. Ammo bu faqat iste’dodli va jonkuyar yoshlar tegrasida o‘ralashib qolish kerak, degani emas. Oldingi xatolardan xulosa chiqarib, har bir yosh bilan alohida ishlab, ularni o‘rganib, individual yondashgan holda faollar safiga qo‘shmagunimizcha maqsadimizga erishdik, deya olmaymiz. Bizning barcha rejalarimiz shunga qaratilgan. Deylik, kasb-hunar kollejida o‘qiydigan yigit zamonaviy axborot texnologiyalarini yaxshi o‘zlashtirgan, kompyuter dasturlarini yaratishga qodir. Uni Yoshlar ittifoqiga jalb etib, zamonaviy elektron qurilmalar uchun yangi dasturlar yozish, shu sohadagi tadbirkorlik faoliyatiga yo‘naltirish ayni muddao. Agar bu ishni biz qilmasak, chetdagi g‘arazgo‘y kuchlar farzandlarimizning bilimi va qobiliyatidan o‘z maqsadi yo‘lida foydalanadi. Shuning uchun yangi uyushmani tashkil etib, endi ishni yurita olarmikanmiz, degan hadik bilan yashashdan ko‘ra, bor imkoniyatlarni ishga solib, ertaga yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan katta-katta muammolarning oldini olgan ma’qul.

– Prezidentimiz “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining IV qurultoyidagi ma’ruzasida yoshlarni manfaatdor qilish to‘g‘risida gapirdi. Bu borada qanday amaliy choralar ko‘rish mo‘ljallangan?

– Biz yosh avlodga shunchaki rasmiy tashkilot a’zoligini emas, ularning manfaatini tom ma’noda himoya qila oladigan muassasa to‘g‘risida gapiryapmiz. Boshqa tomondan, Ittifoqqa birlashuvchi bironta ham yigit-qiz boshqa safdoshlaridan kam mas’uliyat bilan yashamasligi, ishlamasligi kerak. Yoshlar uchun hamisha intiladigan bir mayoq zarur. Shundagina biz ularni ishontirishimiz, bir maqsad sari yo‘naltirishimiz mumkin. Karyera ko‘plab yoshlar uchun ana shunday jozibador mayoq vazifasini o‘tashi tabiiy. Zero, yosh kadrlar salohiyatidan oqilona foydalangan, ularga ishongan mamlakat hamisha taraqqiyotga yuz tutgan. Bunga misollarni o‘zimizning tariximizdan ham istagancha topishimiz mumkin.

Yana o‘qing:  Coch ildizining mustahkam bo‘lishini istaysizmi?

Prezidentimiz O‘zbekiston yoshlar ittifoqi davlat va jamiyat uchun rahbar kadrlarni tayyorlab beradigan o‘ziga xos markaz bo‘lishi, zamonaviy tilda aytadigan bo‘lsak, yoshlar uchun “sotsial lift” vazifasini bajarishi kerak, deya alohida ta’kidladi.

Fikrlash bir joyda to‘xtab turmagani kabi zamon, taraqqiyot ham mudom harakatda. Mana shu jarayon bilan qadam-baqadam yurish, hatto ertaga nima bo‘lishini oldindan ko‘ra bilish uchun, avvalo, yangi fikr, yangicha qarash zarur. Katta orzu-umidlar bilan kirib kelayotgan har bir yigit-qizda ana shu yangi fikr, ijobiy ma’noda “portlash effekti” mavjud. Ular mamlakat hayotini, hatto taraqqiyot murvatini zarur tomonga burishga qodir bo‘ladi. Shuning uchun bu ulkan salohiyatdan oqilona foydalanish katta ijtimoiy ahamiyatga ega. Fidoyi yosh rahbarlarning mamlakat boshqaruv tuzilmalariga kelishi chinakamiga yangicha ruh, yangicha nafas olib keladi va butun ijtimoiy hayotga ta’sir ko‘rsatadi. Bunday g‘ayratli yoshlarni davlatimiz rahbari qo‘llab-quvvatlab, ishonch bildirmoqda. O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tashkilotlarida o‘zini ijobiy jihatdan ko‘rsatgan xodimlar Davlat boshqaruvi akademiyasida bilim va malaka oshirib, hokimlik va vazirliklar tizimida rahbarlik lavozimlari uchun asosiy nomzodlar bo‘ladi, dedi. Bu yo‘lda dastlabki amaliy qadam tashlandi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshida Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti tashkil etilmoqda. Bu institut nafaqat bilimli, tashabbuskor va tashkilotchi kadrlar zaxirasini, balki yoshlar muammolarini o‘rganishning butun boshli bir tizimini yaratadi. Demak, yuqorida aytilganidek, yoshlarni qiynayotgan muammolar nafaqat joyida hal etiladi, balki ular ilmiy asoslangan tarzda o‘rganiladi, monitoring qilinadi va kelgusida bunday muammolarni jamiyatimizdan butunlay supurib tashlash imkoniyati paydo bo‘ladi.

Joriy yilning 1 sentyabridan boshlab o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida “yoshlar yetakchisi” vazifasi yuklatilgan xodimga o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasasining direktor jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan oliy ma’lumotli o‘qituvchi bazaviy tarif stavkasining 50 foizi miqdorida har oylik ustama belgilanadi.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqining faol a’zosi bo‘lgan oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat va magistratura bosqichlari talabalariga o‘rtacha o‘zlashtirish ko‘rsatkichi 86 foiz va undan yuqori bo‘lgan taqdirda ta’lim bo‘yicha to‘lov kontrakti miqdorining 35 foizi O‘zbekiston yoshlar ittifoqining rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan to‘lanadi.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tizimida uch yil va undan ko‘p muddat davomida faol ishlab kelayotgan xodimlarga uy-joy sotib olish uchun ipoteka kreditining boshlang‘ich to‘lovi O‘zbekiston yoshlar ittifoqining rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan to‘lanadi.

Mamlakatning ijtimoiy-siyosiy hayotida faol ishtirok etayotgan yosh oilalarni yanada qo‘llab-quvvatlash, ularning uy-joy va maishiy sharoitlarini yaxshilash maqsadida 2018-2021 yillarga mo‘ljallangan Yoshlar uylarini barpo etish dasturi ishlab chiqiladi.

Ushbu dasturda barcha yirik shaharlarda – ko‘p qavatli, qishloq tumanlarida – 1-2 qavatli namunaviy loyihalar asosida arzon uylar yoshlarning uy-joyga bo‘lgan ehtiyojidan kelib chiqib qurilishi nazarda tutilgan.

– Yosh avlodga e’tiborsiz qarab bo‘lmaydi. Ularning taqdiriga befarqlikning tovoni katta bo‘lishi shubhasiz. Ayni paytda yoshlarni qiynab kelayotgan bir qancha dolzarb muammolar bor. Masalan, ishsizlik…

– Haqiqatni aytdingiz. Yoshlar bandligini ta’minlash masalasi biz uchun eng dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda. Har o‘quv yili tugashi arafasida turli vazirligu idoralar, davlat tashkilotlari va korxonalari, tadbirkorlik tuzilmalari kollej bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash bo‘yicha o‘z imkoniyatidan kelib chiqib, sharoit, imkoniyat yaratyapmiz, deydi. Ta’lim muassasalari mutasaddilari ham bitiruvchilarni ishga joylashtirish uchun yelib-yuguradi. Bitiruvchining qo‘lida to‘rt tomonlama shartnoma, ishli-joyli bo‘lyapti. Bu, albatta, rasmiy ma’lumotlarda shunday. Amalda-chi?

Bugun yurtimizda yoshlar uchun yangi ish o‘rinlari yaratish borasida katta ishlar qilinayotganini inkor etmagan holda, aytish mumkinki, ularning mehnatda toblanib, halol rizq topishi, o‘z oilasi, ota-onasiga nafi tegishi uchun hamma ham birday harakat qilayotgani yo‘q.

Davlatimiz rahbari ushbu achchiq haqiqatni bejiz eslatmadi. Axir o‘zingiz o‘ylang, ishsizlarning aksariyatini kollej bitiruvchilari tashkil etadi. 2016 yili 477 ming 743 yigit-qiz kollejlarni bitirib chiqqan va ularning 438 ming 503 nafari ish bilan ta’minlangan, degan statistika berilgan. Prezidentimiz haqli savolni o‘rtaga qo‘ydi: «Bu raqamlar qanchalik to‘g‘ri? Agar barcha kollej bitiruvchilari ishga joylashayotgan bo‘lsa, ishsiz yoshlar qayerdan paydo bo‘lyapti? Kollej bitiruvchilari bilan to‘rt tomonlama shartnomalarni nomigagina imzolab, o‘zimizni o‘zimiz aldamayapmizmi?»

Davlat yosh yigit-qizni ishga joylashtirish uchun shuncha qayg‘urishi nima uchun? Ta’lim muassasasi qog‘ozbozlik uchungina har qanday korxonaga bitiruvchini ishga joylashni gaplashib bersa, bitiruvchi duch kelgan tashkilotdan shartnomaga muhr qo‘yib berishni iltimos qilsa, korxona o‘zida yo‘q bo‘sh ish o‘rni uchun so‘rab kelgan odamning shartnomasini imzolasa – bunday ko‘r-ko‘rona yondashuv kimga foyda, kimga zarar?

Hayotda kim yaxshi yashaydi? Qo‘lida hunari bor hech qachon qoqilmaydi, birovdan kam bo‘lmaydi. Shu bois xalqimiz azaldan farzandini bolaligidanoq uddaburonlikka, tadbir bilan ish yuritishga o‘rgatgan. Hunar egallashiga ko‘maklashgan. Bunday bolalar kun kelib, o‘zi mustaqil mehnat qilib, hunari, tadbirkorligi ortidan qaddini rostlaydi, oilasini, davlatni boy qiladi. Hunarmandlik yo‘nalishidagi tadbirkor yoshlar, ayniqsa, qizlarning kasanachilik bilan band bo‘lishi uchun qulay sharoit yaratib berish, bu borada bo‘sh turgan ob’yektlardan imtiyozli shartlar asosida joy ajratish, mini-texnologiyalar, asbob-uskuna va zarur jihozlar o‘rnatib berilishiga erishish O‘zbekiston yoshlar ittifoqining eng muhim vazifalaridandir. Yosh hunarmandlarga xomashyo sotib olish uchun kredit berish, o‘z biznesini boshlagan yosh tadbirkorlar tomonidan Pensiya jamg‘armasiga to‘lanadigan sug‘urta badalini olingan kreditlarni qoplashga yo‘naltirish tizimi joriy etilishi bu boradagi imkoniyatlarni yanada kengaytiradi.

Yana o‘qing:  Mastopatiya: bu dardga e’tiborsizlik ko‘krak saratonini keltirib chiqaradi

Ana shunday nihoyatda hayotiy ehtiyojdan kelib chiqib, davlatimiz rahbari oldimizga muhim vazifa – yoshlarni ish bilan ta’minlash uchun ular o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish, bu borada yangi imkoniyatlar yaratish maqsadida har bir tuman markazida, shaharda Yoshlar tadbirkorlik klasterlarini tashkil etish vazifasini qo‘ydi.

– Tadbirkorlik klasterlari nima?

– Klaster – umumiy faoliyat va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishiga ega, bir-birini to‘ldiruvchi, geografik jihatdan bir-biriga yaqin korxonalar guruhidir. Klasterlar odatda mahalliy doiradagi turli tashkilotlarning ixtisoslashgan tarmog‘i bo‘lib, ularning ishlab chiqarish yoki xizmat ko‘rsatish faoliyati ikkinchisining tijorat, tovar ayirboshlash, ilmiy tadqiqot yoki iste’mol faoliyati bilan uzviy bog‘liq bo‘ladi.

Prezidentimiz ana shunday tadbirkorlik klasterlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun elektr energiyasi, tabiiy gaz, suv va transport kommunikatsiyasi, aloqa vositalari va internetga ulanish imkoniyati mavjud bo‘lgan hududlarda foydalanilmay yotgan davlat ob’yektlari yosh tadbirkorlarga “nol” qiymatda ijaraga berilishini ta’kidlagani bu borada juda katta imkoniyat yaratadi. Sababi, bundan keyin barcha hududlarda tashkil etilayotgan iqtisodiy zonalarda, shaharlarda kichik sanoat zonalarida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi a’zosi bo‘lgan yosh tadbirkorlardan ijara haqi olinmaydigan tartib joriy etiladi. Tasavvur qilyapsizmi, yosh tadbirkorga ishini yuritib, o‘zini o‘nglab olishi uchun juda katta imkoniyat, imtiyoz bu!

– Achchiq bo‘lsa-da, bir haqiqatni tan olishga to‘g‘ri keladi: hozirgi globallashuv davrida na davlat, na jamoat tashkilotlari yoshlarning ongu tafakkurini yot g‘oyalar, begona mafkura va “ommaviy madaniyat”dan to‘la himoya qilolmayapti. Sizningcha, buning sababi nimada?

– Yoshlarimiz qalbiga quloq tutish, o‘y-kechinmalari bilan qiziqishga yetarlicha e’tibor qaratmadik. Orzu-niyatlarini so‘rashni o‘rgandig-u, ularni qiynayotgan muammolarni tinglashga, dardiga quloq tutishga hafsala qilmadik. Eng yomoni, “to‘rtinchi hokimiyat” sanalmish ommaviy axborot vositalari yoshlarning faqat yutuqlarini yoritish bilan andormon bo‘lib, ularning talab va istaklari, muammolarini olib chiqishni qariyb unutib yubordi.

Bu borada Prezidentimiz “Go‘yoki hamma narsa joyida, olam guliston. Agar hammasi joyida bo‘lsa, to‘g‘ri yo‘ldan adashgan yoshlar, jinoyatchilik, ishsizlik qayerdan paydo bo‘lyapti? Nega yoshlarga oid davlat siyosatiga loqayd munosabatda bo‘layotgan amaldorlar haqida ommaviy axborot vositalari, avvalo, yoshlar matbuoti churq etmaydi?”, deya haqli e’tiroz bildirdi. Bu bejiz emas, albatta. Rostdan ham, qaysi kanalni qo‘ymang, qaysi radioni tinglamang, qaysi nashrni varaqlamang, “shablon” materiallar – ko‘r-ko‘rona, yuzaki o‘tkazilgan tadbirlardan lavhalar, yengil-elpi qo‘shiqlar, o‘zini o‘zi maqtash, chiroyli qiyofalardan boshqa narsa yo‘q. Eng yomoni, ayrim yoshlarimiz maqtanishga o‘ch bo‘lib qoldi. Ularda muammoga tik boqish, uni hal etishga urinish, tengdoshlarini ham shunga undashga jasorat yetishmayotganday. Axir yoshlarning dardini, muammosini ularning o‘z tengdoshlaridan ko‘ra yaxshiroq biladigan kim bor?

Shu bois bundan buyon yoshlar ichiga kirib borish uchun targ‘ibot masalasiga jiddiy e’tibor qaratiladi. Bunda eng zamonaviy texnologiyalar asosida yondashuvni o‘zgartiramiz, g‘oya va tashabbuslarni faqat qog‘ozda emas, amalda joriy etamiz. Chunki yoshlarimizni og‘zaki gaplar emas, faqat va faqat amaliy ish, aniq takliflar bilangina ortimizdan ergashtira olamiz.

– Bunga qanday erishiladi?

– Avvalo, yaqin vaqt ichida “Yosh lektorlar” guruhi tashkil etiladi. Yoshlarning o‘zi tengdoshlari ichiga kirib boradi. “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati bilan hamkorlikda oltita vagondan iborat “Targ‘ibot poyezdi” yo‘lga qo‘yiladi. Yosh targ‘ibotchilar joylarga chiqib, faqat targ‘ibot olib borish bilan cheklanmay, uyushmagan yoshlarning ham fikrini o‘rganish, ularni foydali yumushlarga jalb etish, amaliy ishlarga rag‘batlantirish, har tomonlama yordam berish bilan shug‘ullanadi.

Bugun yoshlar deganda ko‘z oldimizga po‘rim kiyingan, bo‘ynida yo cho‘ntagida qimmatbaho matoh, quruq savlat emas, yuzidan nur-ziyo taralib turgan, odob-axloqi siyratiga balqigan, ma’naviyati yuksak shaxslar gavdalanishi kerak. Oldimizda turgan eng katta maqsad-vazifalardan biri ham shu aslida. Yoshlarni ma’rifatga, kitobga oshno qilish. Toki farzandlarimiz maktab, litsey va kollejdagi o‘qishdan tashqari har kuni, har daqiqa bo‘sh vaqtini badiiy adabiyot, gazeta-jurnal mutolaa qilishga, ma’rifatli bo‘lishga sarflamas ekan, bu maqsadga erishish qiyin.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi internet tizimi orqali ma’naviy targ‘ibot ishlarini, jumladan, elektron kitobxonlikni kuchaytirishga ham alohida e’tibor qaratadi. Nega deganda, davlatimiz rahbari alohida ta’kidlaganidek, farzandlarimizning ongi, dunyoqarashi asrlar davomida sinovdan o‘tgan, yuksak ma’naviyat xazinasi bo‘lgan jahon va milliy adabiyotimiz asosida emas, balki qandaydir shubhali, zararli axborotlar asosida shakllanishiga beparvo qarab turolmaymiz.

Yoshlarimizni kitobga qaytarish, mutolaaga do‘st qilish asosiy vazifalarimizdan biriga aylanadi. Buning uchun yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini oshirish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida har yili “Eng kitobxon maktab”, “Eng kitobxon mahalla”, “Eng kitobxon oila” kabi yo‘nalishlarda tanlovlar o‘tkaziladi. G‘oliblarga yurtimizda ishlab chiqarilgan avtomobillar mukofot tariqasida beriladi. Bu, ishonamanki, kitob o‘qigan inson mashina minadi, degan gap ertaknamo, xomxayol emas, ayni haqiqat ekanini isbotlaydi va yoshlarda mutolaaga ishtiyoqni kuchaytiradi.

Prezidentimizning “Kitob olami” do‘konlari tarmog‘ini O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tasarrufiga o‘tkazish, yosh ijodkorlarning kitoblarini, yoshlar nashrlari – “Turkiston”, “Molodyoj Uzbekistana” gazetalari, “Yosh kuch” jurnallarini chop etish uchun “Yoshlar nashriyot uyi”ni tashkil etish kabi topshiriqlari ijrosi navqiron avlodimiz ma’naviy-madaniy hayotida ulkan o‘zgarishlar yasashi tabiiy.

– Endi Yoshlar ittifoqi uyushmagan yoshlar uchun ham javobgar tashkilot hisoblanadi. Ular bilan ishlash mexanizmi qanday bo‘ladi?

Yana o‘qing:  Stress bo‘lg‘usi onalarga qanday ta’sir ko‘rsatadi?

– Prezidentimiz “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining IV qurultoyidagi “Jismoniy va ma’naviy yetuk yoshlar – ezgu maqsadlarimizga yetishda tayanchimiz va suyanchimizdir” nomli ma’ruzasida uyushmagan yoshlar masalasiga alohida e’tibor qaratdi. Haqiqatan, jinoyatchilikka moyil, profilaktik hisobda turadigan yoshlar e’tiborimizdan, mehr-muruvvatimizdan, nazoratimizdan chetda qolgan edi. Ularning har biri ko‘ngliga o‘z vaqtida yo‘l topganimizda, mehr-e’tiborimizni amalda ko‘rsatib, so‘zimizga ishontira olganimizda bugun ularni jinoyatchi nomi bilan atamagan bo‘lardik. Lekin bir haqiqat borki, shuni ham har kim o‘z qalbida chuqur mushohada etishini xohlardim: bolaning yomoni, begonasi bo‘lmaydi. Hammasi shu yurtning farzandi –bizning dilbandlarimiz! Ularga o‘z bolamizdek munosabatda bo‘lishni o‘rganmasak, ko‘p jihatdan yutqizamiz.

Yana bir toifa yoshlar muqaddas dinimizni noto‘g‘ri tushunishi oqibatida nojo‘ya yo‘llarga qadam qo‘ydi. Aslida din nima? Uning asl mohiyati nimadan iborat? Dindan maqsad nima? Bu kabi tushunchalar haqida farzandlarimizga to‘g‘ri va xolis ma’lumot bera oldikmi? Hech bo‘lmasa, farzandimiz xulq-atvorida og‘ish paydo bo‘layotganini sezishimiz kerak emasmidi? Ne-ne buyuk ajdodlarimiz insoniyat tamadduniga juda katta hissa qo‘shgani, Buxoriy, Termiziy, Moturidiy, Marg‘inoniy kabi zotlar ayni shu ta’limotni puxta o‘rganib, butun insoniyat uchun manfaatli boy ilmiy meros qoldirgani mohiyatini yoshlarimizga to‘g‘ri tushuntirish bizning asosiy vazifamiz emasmi? Yoshlarimiz ularning nomi bilan quruq faxrlanib yuraverish o‘rniga amaliy faoliyatga o‘tish payti allaqachon kelgan. Buxoriyning loaqal birgina kitobining to‘liq nomini aytib berolmagan bola qanday qilib o‘zini Buxoriy vorisiman yoki Buxoriy avlodidanman, deya oladi?

Prezidentimiz o‘z ma’ruzasida jahon madaniyati rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimiz merosiga hurmat, unga munosib bo‘lish tuyg‘usini shakllantirish, bu bebaho boylikni chuqur o‘rganish va keng targ‘ib etishga qaratilgan mazmundor, ta’sirchan loyihalarni amalga oshirishda Yoshlar ittifoqi tashabbus ko‘rsatishi zarurligini ta’kidladi. Biz endilikda bu faoliyatning aniq mexanizmini ishlab chiqishimiz, avvalo, shu tizimda faoliyat yuritayotganlarga yetkazishimiz, so‘ngra mamlakatdagi barcha yoshlar ongi va tafakkuriga singdirishimiz zarur. Dunyoda ba’zi bir g‘arazgo‘y toifalar o‘z manfur maqsadlariga erishish uchun din omilidan ustalik bilan foydalanayotgan nozik bir davrda ajdodlarimiz merosi misolida ham dinni, ham ma’naviyatni, ham odob-axloq va xushmuomalalikni o‘rganish ayni muddao bo‘ladi. Bu bizning jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish vositamiz hamdir.

– Yoshlarimizning ma’lum qismi xorijga chiqib ketmoqda. Vaziyatni o‘nglash bo‘yicha qanday takliflaringiz bor?

– Ayrim yoshlarning noqonuniy ravishda xorijga chiqib ketayotgani va bu ko‘rsatgich yildan-yilga ortib borayotgani masalaning mohiyatiga to‘liq yetib borolmayotganimizni ko‘rsatadi. Kezi kelganda darsga qatnashmayotgan o‘quvchisining qayerda yurganini bilmaydi, deb o‘qituvchini, o‘smirning nojo‘ya og‘ishidan xabarsiz, deb kollej psixologini, hududidagi oilalar ahvoli bilan tanish emas, deb mahalla mas’ullarini aybdor sanaymiz. Lekin bir oilada, bir uyda yashayotgan o‘g‘li yo qizining bir necha kundan beri uyda yo‘qligini ham “payqamaydigan” yoki farzandining nojo‘ya xatti-harakatidan boxabar bo‘lsa-da, biron chora ko‘rib, uni to‘g‘ri yo‘lga boshlashga uquvsiz, beparvo, loqayd ota-onalarni nima deyish mumkin? Agar ular o‘z farzandi taqdiri uchun jon kuydirganda, bir nechta davlat va nodavlat tashkilotlari uchun jamiyatda yangi-yangi muammolar paydo bo‘lmasdi.

Ayrim yoshlar xorijda ishlash orqali o‘z turmushini, oilasi hayotining moddiy farovonligini ta’minlashni maqsad qilishadi. Uy-joyga ega bo‘lish, mashina sotib olish, zamonaviy uy-ro‘zg‘or anjomlari, maishiy texnika, mebel jihozlari kabi hayotiy ehtiyojlarga oylik maosh bilan erish mushkulligini ro‘kach qilishadi. Bu borada davlat ko‘rsatayotgan ijtimoiy himoya tamoyili, afsuski, yoshlar auditoriyasini to‘la qamrab ololmagan. Qolaversa, davlatning yoshlarga ko‘rsatayotgan e’tibor va g‘amxo‘rligi ayrim mansabdorlarning aybi bilan hamma joyda birday xolis va adolatli bajarilmayapti. Bunday noxolislikni ko‘rgan qoni qaynoq, ta’sirchan yoshlar bir zumda o‘z xulosasini chiqarib, butun bir davlatni adolatsizlikda ayblaydi. So‘ngra o‘zicha adolat va moddiy farovonlik qidirib o‘zga yurtlarga ravona bo‘ladi. U yerlarda o‘z sha’ni, obro‘-e’tibori, g‘ururi, hatto or-nomusi toptalib, sarson-sargardon bo‘lishini mulohaza qilib o‘tirmaydi.

Najmiddin Kubro kabi buyuk ajdodlarimiz “Yo Vatan, yo saodatli o‘lim”, degan g‘oyani o‘z hayotida dasturilamal qilib olib, har qanday tang vaziyatda, hatto eng tahlikali damlarda ham yurtdan oyog‘ini uzmagan. Yaqin o‘tmishimizda yashagan kishilar – Ikkinchi jahon urushidan keyingi og‘ir sinovli yillar iztirobini chekkanlar hali oramizda ko‘p. Ana o‘shalar boshidan kechirgan, guvohi bo‘lgan qora kunlar tafsilotini ko‘p eshitganmiz. Hatto bir burda zog‘ora nonga zor yashab, kunjara yeyishgacha borib yetganda ham odamlar boshqa joyga ketish haqida o‘ylab ko‘rmagan. Ularda g‘urur, oriyat kuchli bo‘lgan. O‘tkinchi hoyu havas, qorin qayg‘usi uchun o‘zga yurtda sargardon bo‘lishni inson uchun nomunosib, deb bilgan. Bugun minglab farzandlarimizning xorijda noqonuniy mehnat migrantlari bo‘lib yurishi ularga oilada avvalboshdanoq shu tarbiyani berolmaganimiz oqibatidir.

Shunday ekan, har bir yosh taqdiriga alohida e’tibor bilan qarashimiz, ularning munosib sharoitlarda o‘qishi, ishlashi uchun barcha zarur choralarni ko‘rmog‘imiz kerak. Zotan, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallagan, mustaqil fikrlaydigan, doimo el-yurt taqdiriga daxldorlik tuyg‘usi bilan yashaydigan yoshlar har qanday muammoni hal etishga, eng murakkab vazifalarni ham bajarishga qodir bo‘ladi. Bunday yoshlar qiyinchiliklardan cho‘chimaydi – irodasi mustahkam, har qanday sharoitda ham elu yurtga sodiq bo‘lib qolaveradi. Bizning bosh vazifamiz yoshlarimizni ana shu ruhda kamolga yetkazishdir.

Abu Bakir O‘rozov,

O‘zA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: