Muallimning so‘nggi sabog‘i
Bahor. Bir zumda osmonni qoplagan bulut zamin uzra ko‘z yoshlarini sochadi. Tuproq savalanib yuzada kichik jilg‘alar paydo bo‘ladi. Po‘rtana suvlar ariqlar tomon shoshadi. Yana quyosh charaqlab nur sochadi. Tuproqdan nam qochib ko‘pchiydi. Qo‘shquloq gulu giyohlar yerni yorib chiqadi. Olamga ifor taraladi. U bahorning, tuproqning ifori.
Ha, tuproq isi… Bolaligimda jazirama yoz kunida ulkan yong‘oq daraxti soya tashlagan loysupaga suv sepib, to‘shak tashlab ko‘kka uzoq tikilib xayol surishni xush ko‘rardim. Loysupadan ko‘tarilgan tuproq isi dimog‘imdan singib vujudimga halovat baxsh etardi. Hozir ham ko‘zimni chirt yumaman-da, o‘sha kezlarni tasavvurimda gavdalantiraman. Yana o‘sha ajib ifor dimog‘imga qaytadi. Uzoq vaqt ishdan ortib qishloqqa borolmasam, sog‘inaman. So‘ngra bir zumda hammasidan voz kechib, qishloqqa otlanaman. Kindik qonim tomgan tuproq bo‘yini nafasim bilan tuymay, his qilmay qolishdan qo‘rqaman…
Keksa momomning olam va odam haqidagi oddiy falsafalari ham tuproq bilan bog‘liq edi. «Odam tuproqdan yaraladi, tuproq uchun yashaydi, sadoqat bilan mehnat qilsa, tuproq uni boqadi, yana kun kelib tuproqqa qorishib ketadi»…
* * *
Qishloq ahlining jonkuyar muallimasi Valentina Andreevna keksalik gashtini surib yurgan kezlarida xastalik payt poylab yurgandek uning jismini zabt etdi. Imkonsiz qoldi. U bu yurtda bir ayolga yetarli baxtni topdi. Saxovatli el, yaxshi turmush o‘rtoq, oqil farzandlar, sevimli kasbu kor, do‘stu qadrdonlar – baxtiyor turmush uchun hammasi risoladagidek. Ammo bir istak umr bo‘yi u bilan yashadi. Ukraina kengliklari, yashil o‘rmonlar, daryolar, keng dalalarga tutash qishloqlarda kechgan bolaligi tushlarida gavdalanadi. Ba’zan uzoq xayollarga cho‘madi. Hammasidan voz kechib bo‘z tuproq dalalarga qaytib ketgisi keladi. Ammo uning e’tiqodi, turmushga, oilaga o‘zbekona munosabati bu xayollarni mahv etadi.
So‘nggi paytlar tushlarida Ukraina dalalarida chopqillab borayotgan bolaligini bot-bot ko‘radigan bo‘ldi. Qirraburun, tengdoshlariga nisbatan baland bo‘yli, oltinrang sochlariga zeb berib turgan anvoyi gulbargak taqqan sho‘x qizaloq bir dasta bug‘doy boshog‘ini tutamlab oltinrang dalalar yoqalab yuguradi… Bir zum to‘xtab ortga qaraydi… Ko‘zda yosh bilan onasi Yefrasenya buvi qo‘llarini uzoqdan silkib turibdi. Qizaloq yig‘lab yuboradi. Quvonch yoshlarimi, sog‘inch yoshlarimi uning oppoq yuzlariga dumalaydi.
Valya muallima (maktabda shunday qisqartirib atashardi) seskanib uyg‘onadi. Ko‘zlarida qalqib turgan yoshlarni qo‘llari bilan artadi. Atrofga bazo‘r nazar tashlab, ozg‘in barmoqlari bilan to‘shakni siypalab bolish ostiga suqadi. Qo‘li titrab bir tugunni olib chiqadi-da, yuziga bosib, ko‘zlarini chirt yumib chuqur nafas oladi. Vujudiga singgan bo‘ydan so‘ng bir dam xotirjamlik sezadi…
* * *
Ta’ziya xabarini qo‘shnilardan eshitgan enam xomush tortib hovlida biroz turib qoldi:
– Sho‘rlikkina, xastalanib qoldi-ya… Bir necha kundan buyon to‘shakda yotuvdi, aziz bo‘libdi-da. Oxirati obod bo‘lsin, o‘z yurtidan kechib kelib bir umr oilasi, shu qishloq uchun yashadi. Borlig‘im – bolalarim, deb yashadi. So‘nggi paytlar ota uyiga ilhaq bo‘ldi, o‘g‘illariga aytib, yurtining tuprog‘idan opkeltiribdi.
Vujudimda allaqanday hisni sezdim. Ena ena-da, buni ko‘zlarimdan uqdi, chog‘i, boshqa so‘z aytmadi.
* * *
Dam olish kuni bo‘lgani uchun janoza nomoziga tumonat odam yig‘ildi. Yomg‘irdan so‘ng salqin shabada yuzga urilib huzur baxsh etsa-da, qalbga bu epkindan halovat yuqmaydi. Kimdir yerga, kimdir ko‘kka ko‘z tikadi, hamma o‘z xayoli bilan band. Ammo hovlidan uzuq-yuluq yig‘ining ovozi eshitiladi. Yurakka nashtardek sanchiladi bu ovoz.
Kemadek chayqalib tobut darvozadan ko‘chaga hatlaydi. Olomon yopirilib janoza nomozi uchun saf tortadi:
– Boshini Samarqandga qaratib qo‘yinglar, – mahalla oqsoqolining ovozi baland yangraydi.
So‘ngra imom safdan oldinga chiqib odamlarga yuzlanadi. Odamlarga bir qadar ko‘z qirini tashlab, tomog‘ini qirib so‘z boshlaydi:
– Xaloyiq! Hozir hammaning ko‘nglidan bir savol kechyapti: boqiy dunyo safari oldida turgan marhuma qaysi dinga e’tiqod etib bu dunyoda umrguzaronlik qildi? Ukrain millatiga mansub bu ayol barchamizning ustozimiz bo‘lgani uchun ham uni, uning ezgu fazilatlari-yu amallarini yaqindan bilamiz. U o‘zbek xonadoniga kelin bo‘lib tushdi, o‘zbekona yashadi, o‘zbekona dard chekdi, o‘zbekona farzand tarbiyaladi, musulmonlar qadriyatlari asosida to‘y-marosimlar qildi, bunga hammamiz guvohmiz, aziz hamqishloqlar!
Odamlarning javobi chehrasida. Hamma bosh irg‘ab tasdiqlaydi. U kishining fazilati chindan-da o‘zbekona edi. Qalbida quyoshi, kasbiga mas’uliyati bor edi. Shunchaki, fan saboqlarini bermasdi, kezi kelsa qattiqqo‘l, talabchan edi. Onadek mehribon o‘qituvchi edi, o‘quvchiga rag‘bat bera olardi.
Muallimaning bu xislatidan maktabni tugallab, katta hayot ostonasida turgan o‘quvchilari yana bir bor bahramand bo‘ladi. Bitiruvchilarga rus tilida ilk bor, hijjalab yozgan diktantini, hayajon va tabassum bilan hadya etadi. Hayratlanarli sovg‘a! Axir, navqironlik pallasida bolalikning bir parchasini qaytarib olish cheksiz quvonch baxsh etmaydimi?! Muallima keyin ko‘zda yosh bilan «oq yo‘l» tilaydi…
Elimizda «bir kun tuz yegan joyingga qirq kun salom ber», degan aqida bor. O‘zga millat ayoli shu yurtga, oilasi, turmush o‘rtog‘iga, el farzandlarining buguni-yu ertasiga, qadriyatu urf-odatlariga sadoqat bilan yashadi, e’tiqod etdi. Mana shu fazilatlarni kuyunchaklik bilan yoshlar ongu shuuriga singdirdi.
Millatimizga xos ustoz-shogird an’analarini qadrladi. Muallimaning ko‘plab shogirdlari bugun yurtimizning turli jabhalarida O‘zbekistonimiz ravnaqi yo‘lida mehnat qilmoqda. Uzoq yillar o‘quvchi-yoshlarga ta’lim bergan maktabda ham yosh o‘qituvchi-pedagoglarga ibrat bo‘ldi. Bugun ham yosh murabbiylar uning ta’lim tajribasidan foydalanadi.
* * *
Mustaqillikning ilk yillari. Eski qishloq maktabi, tor sinflar (Hatto elektr tarmog‘i bilan ham ta’minlanmagan. Tunda bexos maktabga kelib qolgan odam vahimaga tushib, qo‘rquvdan zir titraydi. Enam maktabda farrosh bo‘lib ishlagani uchun bu holatga ko‘p tushganman).
Navbatdagi darsda qat’iyatli, irodasi mustahkam muallima sinfimiz o‘quvchilaridan ranjidi. O‘yinqaroqligimiz, fanga munosabatimizdan nolidi:
– Sizlar tushunmaysiz, tushunishni ham istamaysiz. O‘zbekiston mustaqil bo‘ldi, davlat boshida bir inson siz uchun jon koyitib, kecha-kunduz ishlayapti. O‘tirgan partang, ta’lim olayotgan maktabingning ahvolini qara. Yangisini qurib beray, bolalarimiz yaxshi o‘qisin, deyapti shu inson. Endi bizga o‘xshab yashamaysizlar. «Olma pish, og‘zimga tush», degan zamonlar o‘tib ketdi. Davlat sizlarga suyanadi axir… Ey-y, nimagayam sizlarga aytaman shu gaplarni, qulog‘ingiz shu yerda, xayolingiz osmonda…
Ko‘p o‘tmay, qishlog‘imizda katta maktab binosi qurilib, foydalanishga topshirildi. Maktabning ilk qaldirg‘ochlari esa bizning sinfimiz o‘quvchilari bo‘ldi.
Muallima ko‘zda yosh bilan barchamizni birma-bir qo‘l siqib tabrikladi. Fazilatu xislatlarimiz haqida gapirdi. Rus tilida yozgan ilk diktantimizni qo‘limizga tutdi…
* * *
Valentina Andreevna kitob mutolaa qilishni xush ko‘rardi. Jahon adabiyotining yuksak namunalaridan tortib, o‘zbek adiblarining asarlarini ham maroq bilan o‘qir edi. Dars jarayonida ham o‘quvchilarga kitob bilan oshno bo‘lishni tavsiya etardi. Nafaqat tavsiya etardi, talab qilardi. Umrining so‘nggi kunlarini ham ana shu sevimli mashg‘uloti bilan o‘tkazdi. Balki u dardni yengish uchun, jismini sim-sim yengayotgan og‘riqni unutish uchun. Balki… Ammo muallimaning so‘nggi o‘qigan kitobi ukrain yozuvchisi Igor Muratovning «Bukovin qissalari» asari, ukrain shoiri Taras Shevchenkoning «Qo‘bizchi baxshi» she’rlar to‘plami edi…
U o‘zbek xalqining xalqparvar shoiri Muhammad Yusufning she’rlarini ham sevib mutolaa qilar edi…
* * *
Marhumani qabrga olishdi. Muallimaning kenjasi Hasan aka ko‘zlarida yosh bilan polietilen xaltachaga solingan allanimani qabr ichiga uzatdi:
– Oyim vasiyat qiluvdi, yurtining tuprog‘i… atrofiga sochib qo‘ying, xuddi shunday degandi.
Valya muallimaning so‘nggi istagi bajo keltirildi. Uni dunyoga keltirgan va bir umr ardoqlagan ikki yurt tuprog‘i qorishib ketdi. O‘zbek tuprog‘iga o‘zga makonning bo‘z tuprog‘i xol bo‘lib tushdi.
Muallima 70 yoshida bu dunyoni tark etdi. Umrining so‘nggida ham shogirdlariga ona Vatanni sevish, ardoqlash, uni yurakka, vujudga jo qilish borasida hayot sabog‘ini o‘rgatdi. O‘zining hayoti misolida aks ettirdi bu darsni.
* * *
…Keksa momomning tuproq haqidagi oddiy falsafalari, Valya muallimaning inson omili va yurt tushunchalarining uyg‘unligi borasidagi haqiqat saboqlari olamni yanada ravshanroq anglashga, hayotga yanada teranroq nazar tashlashga kishini chog‘lantiradi.
Yana bir bor amin bo‘lamizki, insondan bu dunyoda yaxshi nom, ezgu amal boqiy qoladi.
Chinakam ziyoli nafaqat yoshlarga bergan ta’limi, hayoti bilan ham ularga ibrat bo‘ladi. Yakkabog‘ tumanidagi 34-umumta’lim maktabining rus tili fani o‘qituvchisi Valentena Ashurova hayotini ana shunday go‘zal fazilatlar bilan bezab yashadi…
…Bolaligim mening bir asov qulun,
Oyog‘im shilingan toshga urilib.
Onam chang ko‘chaga qo‘yiblar qo‘lin,
Tuproqni malham deb bosar egilib.
Vatan degani bu — bir hovuch tuproq,
Vatan degani bu — yurakda titroq.
Faxriddin Hayitov