Yuraklarga yo‘l topib…
Baxtimizni ko‘ringki, biz bemorlarning yuragiga to‘g‘ri shifo yo‘lini topib, dardimizga malham bag‘ishlayotgan shifokorimiz bor. U Yunusoboddagi 54-oilaviy shifoxona kardiologi Dilnoza Temiraliyeva bo‘ladi. D.Temiraliyeva ko‘pdan beri keksalar duosini olib kelmoqda. Bemorlar doimiy nazoratda bo‘lib, shifokor tavsiyalariga to‘liq amal qiladi.
To‘g‘ri, birinchi marta qabulga kelganlar bu shifokor “uzoq tekshirar ekan-a, tez-tez jo‘natmaydimi, nimani gaplashadi?” deb betoqat bo‘lishadi. Lekin shifokor oxirgi kardiogrammalar (taqqoslash uchun), UTT, qon va boshqa tahlil natijalarini ko‘rmaguncha xulosa chiqarishga shoshilmaydi. Yurak urishi, qon bosimi, oyoq shishishi – hammasini tekshiradi.
Qabulga kelgan 64 yoshli Zokir aka Farmonov hikoyasi:
— Men yaqinda kardiologiya shifoxonasida katta pul to‘lab yotgandim. Davolovchi shifokor kuchli dori berib qo‘yib, sog‘ligimga nojo‘ya ta’sir ko‘rsatdi. Uzr so‘rash o‘rniga aybni o‘zimga qo‘ydi: go‘yoki men sog‘ligim haqida noto‘g‘ri ma’lumot berganmishman. Shuning uchun u yanglishganmish. Kasalxonadan qochib kelib, o‘zimizning shu poliklinikamizga chiqdim. Dilnoza qizim ahvolimni sinchiklab ko‘rib, birinchi tezkor davoni boshladi. Hozir ancha yaxshiman…
Bunday minnatdorlik so‘zlarini 85 yoshli Mansur ota Qodirov, 56 yoshli Andrey Kim, 53 yoshli Ilnara Mamadiyeva va boshqa ko‘pchilikdan eshitish mumkin.
Dilnozaxonning ustozlari – professorlar: A. Alaviy va U. Komilovadan olgan kuchli bilimi, odamiyligi va kasbiy va hayotiy tajribasiga ming tasanno, deyman.
Mirvosil ODILOV,
68 yosh, II guruh nogironi