Cho‘lda daromadning chorasini topgan azamat
Tadbirkorlik oson ish emas. U bilan shug‘ullanish uchun inson sabr-toqatli, rejali, eng asosiysi kelajakni oldindan ko‘ra olishi kerak. Bu qobiliyat oilada shakllansa yanada yaxshi.
Hali yosh bo‘lishiga qaramay dehqonchilik sohasida talay yutuqlarga erishgan Qobiljon G‘ulomovga ishbilarmonlik, mehnatsevarlik va yerni e’zozlash kabi xislatlar otasi Dilmurod G‘ulomov, onasi Zamira ayadan o‘tgan. U maktabda o‘qib yurgan yillaridayoq hovlisidagi bir parcha yerni bog‘ga aylantirib, qish-qirovli kunlarda o‘zi tashkil qilgan kichik issiqxonada pomidor, bodring, ko‘kat kabi qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yetishtira boshladi. Bu ishi orqali Qobiljon el dasturxoni to‘kinligiga munosib hissa qo‘shish bilan birga oila byudjetining yuksalishida ota-onasiga katta yordam berdi.
U yosh niholni parvarishlashdan tortib, to hosilga kirgunicha yerga ishlov berish,o‘simlikni changlatish, suv va ozuqasidan xabardor bo‘lish, yetishtirilgan hosilni bozorga olib chiqishgacha bo‘lgan jarayonlarda ishtirok etib, dehqonchilikning hadisini oldi. Tanlagan kasbiga mehr qo‘ydi.
– Ota-onamning “Yerni sevsang, mehnat qilsang, kam bo‘lmaysan”, degan nasihatlarini eshitib katta bo‘ldim. Shu bois, men va akalarim bolalikdan halol mehnat qilib ulg‘aydik, yerni ardoqladik, – deydi yosh tadbirkor Qobiljon G‘ulomov. – Dehqonchilik borasida orttirgan tajriba va ko‘nikmalarim, qolaversa tadbirkorlik borasida o‘zimga bo‘lgan ishonch tufayli tug‘ilib o‘sgan yurtim G‘ijduvonda “Aziz-Agro-Trans-Fayz” MCHJ faoliyatini tashkil etib, 5 nafar yaqinlarim bilan ish boshladim. 2016 yil Qashqadaryo viloyati, Muborak tumanidagi lalmi yerlarda issiqxona qurib, u yerda ham mustaqil tadbirkorlik ishimni yo‘lga qo‘ydim. Rejalarimni samimiy qo‘llab-quvvatlagan tuman hokimiligining mas’ul rahbarlari 2 gektar yer va davlatdan kredit olishimda beg‘araz amaliy yordamlarini ayamadi. Sidqidildan qilgan mehnat va izlanishlarimiz tufayli ayni qish chillasida elimiz dasturxoniga issiqxonamizda yetishtirilgan sarxil pomidor, bodring, baqlajon, bulg‘or qalampiri kabi sabzavot mahsulotlarini yetkazib bera boshladik. Dastlabki yilning o‘zidayoq hosilning cho‘g‘i yomon bo‘lmadi. Shu bois, olingan kreditni muddatidan ilgari qoplashga erishdik.
Ayni paytda qo‘shimcha issiqxonalar qurilishini boshlab yuborganmiz. Quvonarlisi, o‘zim kabi 20 nafar yoshlarni doimiy ish bilan ta’minladim.
Bugungi kunda tadbirkor Qobiljon G‘ulomovning ishbilarmonligi tufayli bir vaqtlar qarovsiz holda yotgan yerda yetishtirilgan sarxil sabzavot mahsulotlari nafaqat tuman, balki Qarshi va Yerqo‘rg‘on shaharlari, hatto poytaxtimiz aholisiga ham yetkazib berilmoqda.
Ishni samarali tashkil etish, intizom, mehnatga munosabat va jonkuyarlik tufayli jamoa hurmat-e’tiborini qozongan ish yurituvchi Avaz Savriyev Qobiljonga biznes sohasida yaqin maslakdosh, hamkordir.
“Birlashgan o‘zar, birlashmagan to‘zar” degan xalq maqolini shior deb bilgan ahil jamoa ayni paytda bir tanu bir jon bo‘lib, yangi issiqxona qurilishida faollik ko‘rsatishmoqda. Mirishkorlar ayni avgust oyining oxirlarida yelim xaltachalarda yerga urug‘ qadaydilar. Nihollar o‘z-o‘zidan o‘smaydi, ularni parvarishlab, makro va mikro elementlar bilan oziqlantirish, turli zararkunandalarga qarshi dorilash zarur. O‘z vaqtida ishlov berib, o‘g‘itlangan har bir tup pomidordan 2,5-3 kilogrammgacha, bodring tupidan 3,5-4 kilogramgacha hosil olish mumkin.
Ana shunday mashaqqatli mehnat samarasi tufayli bodringlar 40-45 kun, pomidor va bulg‘ori qalampirlar esa 90 kunda hosil beradi.
Qarabsizki, ayni yangi yil kirishi arafasida yurtdoshlarimiz dasturxoni yoz ne’matlari bilan yanada to‘kin bo‘ladi.
Tadbirkor bu yil yetishtirgan mahsulotlarini nafaqat ichki bozorga, balki qo‘shni davlatlarga ham eksport qilishni maqsad qilgan. Eng muhimi, qishloq xo‘jaligi sohasida sifatli urug‘ yetishtirish niyati ham bor. Agar bu reja amalga oshsa dehqonlarimizning chet davlatlardan urug‘ olib kelishiga sira hojat qolmaydi.
Ayni paytda jamoaning Dilshod Ro‘ziyev, Mahmud Yarashev, Mahbuba Fayziyeva, Husan Fatxullayev kabi samarali mehnat qilayotgan yosh ishchilari boshqa hamkasblariga har tomonlama o‘rnak bo‘lmoqda. Jamoa bepul 2 mahal issiq ovqat, maxsus kiyim-bosh bilan ta’minlangan.
Ha, halollik bor joyda fayz-baraka bo‘ladi. Bunga yosh tadbirkor Qobiljon G‘ulomovning faoliyati misolida yana bir bor amin bo‘ldik.
Maryam AHMEDOVA