Inson manfaatlari – doimo e’tiborda
Kasaba uyushmalari faoliyati ijtimoiy, ma’naviy hayotda alohida o‘ringa ega. Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan oilalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni o‘rganish va yaxshilash, mehnat jamoalaridagi xodimlarning kayfiyati va hayotdan rozi bo‘lib yashashini ta’minlash jarayonida bular yaqqol o‘z ifodasini topib borayotir.
Ta’kidlash joizki, kasaba uyushmalari mahalliy hokimlik organlari bilan ijtimoiy hamkorgina emas, balki mamlakat miqyosida xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari va mehnat sohasidagi huquqlarini himoyalash bilan birga bugungi kundagi eng dolzarb masalalar, xususan, aholi, ayniqsa, yoshlar bandligini ta’minlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, iqtidorli yosh mutaxassislarning innovatsion g‘oya va ishlanmalarini amalga tatbiq etish, oilalar daromadlarini oshirish yo‘nalishlaridagi ishlarga munosib hissa qo‘shayotgan va yangi tashabbuslarni ilgari surayotgan yirik jamoat tashkilotidir.
Xususan, 2017 yilning birinchi yarim yilligi davomida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimidagi 17 ta sanatoriyda jami 66 mingdan ortiq fuqaro sog‘lomlashtirildi.
ulardan 23 ming nafardan ortig‘i imtiyozli, 891 nafari bepul yo‘llanmalar asosida o‘z salomatliklarini tiklab, mazmunli hordiq chiqarishdi. E’tiborlisi shundaki, ko‘p bolali, kam ta’minlangan hamda respublikamizning chekka hududlarida, murakkab iqlim sharoitida yashovchi oilalardan bo‘lgan ayollar, tibbiyot muassasalari hamda ta’lim muassasalari xodimlari, farzand ko‘rmagan oilalar a’zolari hamda ishlaydigan keksalarga bepul yo‘llanmalar ajratildi.
Xodimlarga qulay va xavfsiz mehnat sharoitlari yaratib berilishi ustidan jamoatchilik nazoratini tashkil etish doirasida 943 ta boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlari faoliyati o‘rganilib, mehnat muhofazasiga oid aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha ish beruvchilarga taqdimnomalar kiritildi hamda kasaba uyushmalarining aralashuvi bilan 3 ming 419 ta kamchilik bartaraf etilishiga erishildi.
Shuningdek, tasdiqlangan reja asosida respublika bo‘yicha o‘tkazilgan mehnat yarmarkalarining 510 tasida kasaba uyushmalari ham faol ishtirok etib, 19 ming 576 nafar fuqaroga ishga joylashish uchun yo‘llanmalar berildi. Shu bilan bir qatorda fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra, jami 535 nafar shaxsning mehnat huquqi tiklanishi va xodimlar foydasiga 2 mlrd. 450 mln. so‘m miqdorida ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarning undirilishiga erishildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 28 dekabrdagi “O‘zbekiston faxriylarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan korxona, tashkilot va muassasalarda ishlovchi pensionerlar hamda kasaba uyushmalari a’zolarining pensiyadagi ota-onalaridan jami 3 ming 604 nafari sanatoriylarga imtiyozli yo‘llanmalar bilan ta’minlandi.
– Ikkinchi jahon urushi faxriylarini sanatoriylarda sog‘lomlashtirish ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda muntazam ishlar amalga oshirilib, 2017 yilning birinchi yarim yilligi davomida 1 ming 39 nafar urush va mehnat fronti faxriysi kasaba uyushmalari tizimidagi sanatoriylarda sog‘lomlashtirildi, – deydi O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi matbuot xizmati rahbari Muhabbat O‘rmonbekova. – Quvonarlisi, tizimdagi sog‘lomlashtirish muassasalarining moddiy-texnik ta’minotini yanada yaxshilash, xizmatlar turlarini ko‘paytirish borasidagi ishlar izchillik bilan davom ettirilmoqda.
Xususan, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining 2017 yilga mo‘ljallangan manzilli qurilish dasturiga asosan joriy yil 1-yarim yilligi davomida “Oqtosh” va “Zomin” sanatoriylarida turar joy binosini qurish, “Termiz marvaridi sanatoriysi” mas’uliyati cheklangan jamiyatida rekonstruksiya, “Umid gulshani” sanatoriysida hududni obodonlashtirish, Xorazm viloyatida “Jayhun quyoshi” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohini qurish, Surxondaryo viloyatining Termiz tumanida yangi 200 o‘rinli “Amudaryo” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohini barpo etish ishlari amalga oshirildi. Bularning zamirida mehnat jamoasi xodimlari va ularning farzandlarini mazmunli va maroqli dam oldirish hamda ularning salomatligini mustahkamlash ko‘zda tutilgani ahamiyatlidir.
2017 yilning 1-yarim yilligi davomida tizimda jamoatchilik bilan aloqalarni mustahkamlash, bu orqali faoliyatning ochiqligi va oshkoraligini ta’minlash, axborot ishlarini tashkil etishning samarali tizimini yo‘lga qo‘yish, zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish, elektron xizmatlarning interaktivlik darajasini oshirish sohasidagi ishlar izchil davom ettirilib, samarali natijalarga erishilmoqda.
Xurshida HUSENOVA