“To‘rtinchi hokimiyat”: unga munosib bo‘lishni davrning o‘zi taqozo etmoqda

Har kuni axborot bo‘shlig‘i ni to‘ldirish mahoratiga ega bo‘lgan kasb egalarini taniysizmi? Bular jurnalistlardir.

Ommaviy axborot vositalari erkin so‘z, inson taqdiri bilan bog‘liq ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy jarayonlarga ta’sir ko‘rsatuvchi hozirjavob minbardir. Zotan, matbuot jamiyatning o‘tkir ko‘zi, xolis va teran nigohi bo‘lib, xalq manfaati, orzu-intilishlari ro‘yobga chiqishi yo‘lida faoliyat olib boradi. Jurnalist aytgan so‘zning qay darajada aks-sado berishi, uning ta’siri va samarasi jamiyatimiz hayotidagi o‘zgarishlarda ko‘rinadi.

Afsuski, bugun xalq bilan hamnafas, yelkama-elka turib, ularning dardini tinglaydi muammolarini hal eta oladigan jurnalistlar ko‘p deyolmaymiz.

Yaqinda poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida davlatimiz rahbarining Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga yo‘llagan tabrigidan kelib chiqadigan muhim vazifalar ijrosiga bag‘ishlangan “So‘z mas’uliyati, grajdanlik pozitsiyasi, ma’naviy jasorat – jurnalist faoliyatining bosh mezoni” mavzuida bo‘lgan davra suhbatida bu xususida alohida to‘xtalib o‘tildi.

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi S.Hakimov va boshqalar mamlakatimizda ommaviy axborot vositalari faoliyatini takomillashtirishga qaratilayotgan doimiy e’tibor yuksak samaralar berayotgani, bugungi kunda barcha sohalarda yangi bosqichda olib borilayotgan islohotlar mazmun-mohiyatini odamlarga tushuntirish, ulardagi ona Vatan taraqqiyotiga xizmat qiladigan barcha sa’y-harakatlarda daxldorlik hissini yanada oshirishda soha xodimlari har doimgidan-da mas’uliyat, fidoiylik bilan mehnat qilishi lozimligini ta’kidladi.

E’tiborga molik jihati shundaki, ommaviy axborot vositalarining tarkibi ham tubdan o‘zgarib bormoqda.

Buni yurtimizdagi barcha telekanallarning qariyb 53 foizi, radiokanallarning esa 85 foizi nodavlat ommaviy axborot vositalari ekani ham tasdiqlaydi.

Global tarmoqda Uz domenli veb-saytlar, axborot portallari soni 400 dan oshdi. Bu resurslarning aksariyati xorijiy tillarda faoliyat ko‘rsatayotgani, ushbu yo‘nalishda yangi ijodiy avlod – internet jurnalistlari shakllanib borayotganini ko‘rsatadi.

Tadbirda hayotimizdagi mavjud muammolarni, Prezidentimizning «Xalq qabulxonalari» va «Virtual qabulxonasi»da aholi tomonidan ko‘tarilayotgan o‘tkir va dolzarb masalalarni, ularning sabab va omillarini ochib berish kabi vazifalar ommaviy axborot vositalari faoliyatida hali to‘la o‘z ifodasini topmayotgani aytib o‘tildi. Bu borada ijobiy natijalarga erishish uchun nimalarga ko‘proq ahamiyat qaratish lozimligi haqida fikrlar bildirildi. Bugun davlatimiz rahbari har bir sohani tanqidiy ko‘rib chiqayotgan, har bir tumanni shaxsan o‘zi borib, u yerdagi shart-sharoitlarni ko‘zdan kechirayotgan bir davrda ayrim jurnalistlarning qo‘l qovushtirib o‘tirishi yarashmaydigan holat ekanligi aytib o‘tildi.

Yana o‘qing:  SIFATLI DORI VOSITALARI SALOMATLIK TAYANChI

Shuningdek, tadbirda jurnalistlarni yetishtirib chiqarayotgan fakultetlar masalasi ham muhokama qilindi.

– O‘zbekiston Milliy universiteti va O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetidagi jurnalistika fakultetlarini birlashtirish kerak. Ularning o‘rniga esa jurnalistlar instituti yoki akademiyasini ochish taklifini berish lozim. Sababi, bugun fakultetni bitirayotgan talabalarning hammasi ham jurnalist kadr bo‘lib chiqmayapti, – deydi Xalqaro press-klub raisi Sherzod Qudratxo‘jayev.

Tadbirda jurnalistlar malakasini oshirish institutini ham tashkil etish kerak, degan takliflar bildirildi. Zero, shifokorlar, o‘qituvchilarning malakasi oshirilayotgan bir vaqtda o‘z qolipidan chiqmay qolgan ko‘plab jurnalistlar uchun bunday institutning bo‘lishi, albatta, yaxshi.

Xulosa o‘rnida, jurnalist nigohi xuddi lochin ko‘zidek o‘tkir bo‘lishi kerak. U shuning uchun ham jurnalist. Ommaviy axborot vositalarini to‘rtinchi hokimiyat maqomiga tenglashtirayotgan ekanmiz, demak bu minbarga munosib bo‘lish zarur.

Navro‘z NORBOBOYEV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: