Yangilanayotgan ilmu ma’rifat maskani

2017 yilgi Investitsiya dasturi asosida Andijon viloyatidagi 21 ta umumta’lim maktabi va 25 ta maktabgacha ta’lim muassasasini rekonstruksiya qilish hamda kapital ta’mirlash rejalashtirilgan. Buning uchun 57 milliard 388 million so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Paxtaobod tumanidagi 42-maktabda ham kapital rekonstruksiya ishlari bormoqda. Umumiy qiymati 847 million 900 ming so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari tumandagi “Paxtaobod KMS” qurilish tashkiloti tomonidan amalga oshirilmoqda.

Avvallari maktab moslashtirilgan binoda joylashgani uchun o‘qituvchi va o‘quvchilar dars o‘tish va saboq olishga qiynalardi. Hatto, joy yetishmasligi sababli o‘qituvchilar xonasi maktab yerto‘lasida joylashgandi. Ikki qavatli, barcha qulayliklarga ega yangi bino foydalanishga topshirilsa, ushbu noqulayliklar bartaraf etiladi. 700 nafardan ziyod o‘quvchi va ularning ota-onalari ham bu ishlardan juda mamnun.

— Ishning sifatli va o‘z vaqtida bajarilishiga jiddiy e’tibor qaratilmoqda, — deydi maktab direktori Zohidjon Isoqov. — Ayni paytga kelib, qurilish-ta’mirlash ishlari 75 foizga bajarildi. Maktabimizdagi bunyodkorlik ishlari nafaqat o‘qituvchi va o‘quvchilarni, balki hududda yashovchi ota-onalarni ham befarq qoldirmayapti. “Ahillik” MFY faollari, ota-onalardan iborat jamoatchilik nazorat kengashi tashkil etganmiz.

Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi mutaxassislari ma’lumotiga ko‘ra, nafaqat ushbu maktab, balki qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilayotgan barcha ta’lim maskanlaridagi jarayon jamoatchilik kengashi tomonidan nazorat qilib borilmoqda.

— Haftaning yakshanba kuni bunyodkorlik ishlari olib borilayotgan ta’lim maskanlarida “Sifat kuni” deb belgilangan, — deydi viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Ahmadjon Sobirov. — Shu kuni viloyat hokimligi mutasaddilari va pudratchi tashkilot rahbarlari, maktab va maktabgacha ta’lim maskani rahbarlari qurilish sifatini tekshirishadi. Haftalik ishlar yakuniga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkaziladi. Ish jarayonida sifat va samaradorlikka erishayotgan pudratchi tashkilotlar rag‘batlantirilmoqda.

Oqsoqollar, viloyat va tuman hokimliklari vakillari, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi va tuman (shahar) XTMFMTTEB mutaxassislari, ta’lim maskani rahbarlaridan iborat nazorat guruhlari ish sur’ati va sifatini kuzatib, haftalik monitoring tadbirlarini olib bormoqda. Guruhlar ishining natijasiga ko‘ra, Andijon shahridagi 37-, Izboskan tumanidagi 26-, Qorasuv shahridagi 1-maktablardagi qurilish va ta’mirlash ishlari sur’ati jadallashdi. Andijon shahridagi 62-, Qo‘rg‘ontepa tumanidagi 8-, Jalaquduq tumanidagi 29-, Xo‘jaobod tumanidagi 21-MTMda ham yuqoridagi guruhlar ko‘magi bilan ish sifati yaxshilanayotgani kuzatilyapti.

Yana o‘qing:  7 kun davomida

— 50 yildan ziyod maktabda o‘quvchilarga kimyo va biologiya fanlaridan saboq berdim, — deydi Paxtaobod tumanidagi Madaniyat qishlog‘ida yashovchi 80 yoshni qoralagan xalq ta’limi faxriysi Boltaboy Mirzajonov. — Maktab va bog‘chalardagi qurilish-ta’mirlash ishlarini ko‘rib juda xursand bo‘lyapmiz. Bu ishlarga viloyat hokimligi shaxsan bosh-qosh bo‘lmoqda. Belgilangan muddatdan kechikayotgan qurilish ob’yektlariga mahalliy byudjetdan yordam ko‘rsatilmoqda. Misol uchun, qishlog‘imizdagi 42-maktab va 5-bolalar bog‘chasida bo‘lib, qurilish ishlari ko‘zdan kechirildi. Ma’lum bo‘lishicha, mablag‘ ajratilmagani uchun 42-maktab hovlisini devor bilan o‘rash ishlari to‘xtab turgan ekan. Viloyat hokimining ko‘rsatmasi bilan bu ishlarga 75 million so‘m ajratildi. 5-maktabgacha ta’lim muassasasida ham ishchilar yetishmagani uchun ish sur’ati kechikayotgan ekan. Bu ob’yektga qo‘shimcha ishchi kuchi jalb etildi.

Mustaqilligimizning 26 yillik ayyomi tobora yaqinlashmoqda. Xalqimiz ushbu qutlug‘ kunga har bir sohada yutuq va muvaffaqiyatlar bilan hozirlik ko‘rmoqda. Investitsiya dasturi asosida qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilayotgan viloyatdagi qator ta’lim muassasalari ham Mustaqillik bayrami arafasida foydalanishga topshirilib, o‘quvchilarga ajoyib sovg‘a bo‘ladi. Hademay, ushbu ta’lim maskanlarida o‘g‘il-qizlarning shodon ovozi yangraydi.

Orifjon SIDDIQOV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: