Yozgi ta’til maroqli o‘tmoqda
Ta’til boshlanishi bilan yurtimizdagi barcha oromgohlar minglab bolajonlarni o‘z bag‘riga oladi. Bu kabi maskanlarda o‘tkaziladigan turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, sport musobaqalari, sport va fan to‘garaklari dam oluvchilarning dunyoqarashini shakllantirish, ularning ijodiy qobiliyatini yuzaga chiqarishga xizmat qiladi.
Ta’kidlash joizki, unib-o‘sib kelayotgan yosh avlodni sog‘lom va har tomonlama barkamol shaxs bo‘lib ulg‘ayishini ta’minlash, ularda kasb-hunar va jismoniy mehnat ko‘nikmalarini hosil qilish, yoshlarni yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlar bilan tarbiyalash, yon-atrofda bo‘layotgan voqea-hodisalarga nisbatan daxldorlik tuyg‘usini shakllantirish muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 23 martdagi “2017 yilning yoz mavsumida bolalarni dam oldirish va sog‘lomlashtirishga tayyorgarlik ko‘rish hamda mavsumni yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida yurtimizdagi barcha oromgohlarda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.
Birgina Qashqadaryo viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan bolalar yozgi dam olish maskanlarida o‘quvchilarning mazmunli hordiq chiqarishlari uchun “Yoz – 2017” konsepsiyasi ishlab chiqildi. Ushbu konsepsiya doirasida 15 iyundan 15 avgustgacha bo‘lgan davrda 19 ta oromgohda 26 ming 440 nafar bolaning yozgi ta’tilini yuqori saviyada tashkil etish belgilandi. Ayni paytda barcha oromgohlarda turli ko‘ngilochar dasturlar, kitob ko‘rgazmalari, sport va badiiy tanlovlar uyushtirilmoqda.
Mavsumni ko‘ngilli o‘tkazish, har bir oromgohda xavfsizlik, yo‘l harakati va yong‘in xavfsizligini ta’minlash hamda jamoat tartibini saqlash maqsadida dam olish maskanlariga Viloyat ichki ishlar idoralari xodimlari biriktirilib, nazoratga olindi. Oromgohlar talabidan kelib chiqib, hududlar va smenalar kesimida tibbiyot xodimlari, shifokorlar ro‘yxati shakllantirildi hamda dori-darmon zahirasi yaratildi.
Bugun viloyatdagi barcha oromgohlarda bolalarni qabul qilish va ularning mazmunli dam olishlarini tashkil etish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Jumladan, bu mavsum viloyatning Kitob, Shahrisabz va Yakkabog‘ tumanlaridagi statsionar bolalar dam olish maskanlarida 3 ming 500 nafar kam ta’minlangan oilalar farzandlari, 181 nafar “Mehribonlik” uyi tarbiyalanuvchilari, 100 nafar bepul yo‘llanmalar bilan ta’minlangan iqtidorli bolalar hordiq chiqarishi rejalashtirilgan. Ayni paytda “Mehnat va dam olish”, “Intellektual rivojlantirish”, “Ekologik-biologik”, “O‘lkashunoslik”, “Texnik-ijodkorlik”, “Ijtimoiy moslashuv”, “Tarbiya va sport-sog‘lomlashtirish” hamda “Badiiy ijodiyot” kabi oromgohlarda 1 ming 264 nafar o‘quvchi maroqli dam olmoqda.
Bolalar dam olish maskanlarining har navbati 300 nafardan turli toifali mutaxassis-pedagoglar bilan ta’minlandi. Ular oldindan Shahrisabz tumanidagi Beruniy, Yakkabog‘ tumanidagi Ulug‘bek nomidagi oromgohlari, Kitob tumanidagi 81-umumta’lim maktabida bo‘lib o‘tgan ko‘rgazmali seminarlarda o‘z malakalarini oshirdilar. Shuningdek, bolalar va o‘smirlar sport maktablarining 19 nafar murabbiylari va suzish bo‘yicha yo‘riqchilari ham sog‘lomlashtirish oromgohlariga biriktirildi.
Axborot-resurs markazlarida 75 ta kitob taqdimoti, 300 ta ijodiy ko‘rik-tanlovlar, 45 ta multimedialar taqdimoti hamda 205 ta rasmlar ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi.
Yoshlarning kitobga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularda mutolaa madaniyatini yuksaltirish maqsadida har bir oromgohda kutubxona tashkil etilib, ziyo maskanlari 26 mingdan ziyod badiiy adabiyotlar, ertak kitoblar bilan ta’minlandi. Bundan tashqari dam olish maskanlarida bolalar sevimli gazeta va jurnallarining yangi sonlari bilan tanishish imkoniyatiga ham ega. Yosh avlodning qiziqishlariga qarab, 156 ta fan, kasb, sport va ijodiy to‘garaklar faoliyat ko‘rsatmoqda. Qolaversa, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining 4 turdagi o‘quv metodik qo‘llanmalari tarqatildi.
“Bilimlar bellashuvi”ning viloyat bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 100 nafar iqtidorli bolalar uchun avgust oyida Shahrisabzdagi “Ziyo chashmalari” oromgohida intelektual sog‘lomlashtirish oromgohi tashkil etildi.
“Yoz – 2017” konsepsiyasi asosida oromgohlarga jalb etilmagan o‘quvchilarning yozgi ta’tilda bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari uchun madaniy-ma’rifiy tadbirlar, namunaviy dasturlar ishlab chiqilib, 611 ta umumta’lim maktabida sog‘lomlashtirish maydonchalari tashkil etildi. Shuningdek, “Barkamol avlod” bolalar markazlarida ochilgan 218 ta kasb va ijodiy to‘garaklarga 4 ming 653 nafar bola jalb qilindi.
Maryam AHMEDOVA