Fergyuson faoliyatini yakunladi
Angliyaning «Manchester Yunayted» klubi bosh murabbiyi Aleks Fergyuson mavsum yakuniga yetgach, jamoadan ketadi. Buni klub rasmiy sayti rasman tasdiqladi.
Buning natijasida Fergyusonning futboldagi so‘nggi uchrashuvi 19 may kuni «Vest Bromvich»ga qarshi bahs bo‘lib qoladi. Shundan keyin keksa murabbiy klub rahbariyatida faoliyatini davom ettiradi.
– Men bu qarorni uzoq o‘yladim. Natijada, aynan shu holatda klubni tark etishga qaror qildim. Chunki, jamoam rivojlanish cho‘qqisida turibdi.
«Manchester Yunayted»ning hozirgi tarkibi katta maqsadlarga erisha oladi. Yosh futbolchilarning tayyorlash maktabi esa klubning kelajagi porloq ekanligi ko‘rsatadi, – deydi Fergyuson.
– Hozir bunday qarorga kelishning ayni vaqti deb o‘ylayman. Men uchun jamoaning kuchliroq paytida ketishim muhimroq. O‘ylashimcha, buni uddaladim.
Eslatib o‘tamiz, Fergyuson «Manchester Yunayted» bosh murabbiyligiga 1986 yilda kelgan va 27 yillik faoliyati mobaynida 13 marotaba Angliya chempionatida, 5 marotaba mamlakat kubogida va ikki marotaba Yevropa chempionlar ligasida zafar quchgan.
Ser Aleks Fergyusondan so‘ng «Manchester Yunayted» jamoasiga murabbiy bo‘lishga «Everton» bosh murabbiyi Devid Moyes hamda «Real Madrid» jamoasi bosh murabbiyi Joze Mourinolar asosiy nomzod bo‘lib turishibdi.