Mudom yuksalgaydir parvozlarimiz

FIFA referisi Ravshan ERMATOVning futbolchilik faoliyatini qanday tugatgani va hakamlikka qanday qadam qo‘ygani haqida lavha

– Uka, inson irodali bo‘lishi kerak, – deydi shifokor yosh yigitning yuziga tushkunlik ina boshlaganini ko‘rgach. – Sen hayotingni endi boshlayapsan. Futbol o‘ynamaslik fojia emas, nasib etsa, futboldan ham boshqa biror sohani tanlab, ko‘p muvaffaqiyatlarga erishasan hali. Mana, ko‘rasan…

O‘shanda u yigirmaga ham to‘lmagan yigitcha edi.

Bu yoshda kishining orzulari osmon bo‘ladi. Hech kim bu orzularining kelgusida orzuligicha qolib ketishiga ishonmaydi, nimaga intilayotgan bo‘lsam, yetishaman, deb o‘ylaydi. Umid – odamning eng dilbar yo‘ldoshi. Alloh ato etgan ulug‘ ne’mat. Bolaligidan zo‘r futbolchi bo‘lishi mumkin, deya iste’dodi yuksak baholangan, o‘zi havas qilgan Birodar Abdurayimov, Mirjalol Qosimov, Igor Shkvirin kabi futbolchi bo‘laman, deb niyat qilib yurgan o‘spirin faoliyatining dastlabki yillaridanoq og‘ir jarohat olishini, oqibatda futbolchilik faoliyatini yakunlashini bilganida nima bo‘lardi?.. Holbuki, Yaratgan uning dilidan umidni olmadi, g‘ayrat-shijoatdan qismadi, mehnatsevar qildi…

Kutilmagan jarohat (bolaligida shikastlanib, so‘ng tuzalgan oyog‘i futbolchilik davrida yana jarohatlanadi) uning kelgusi faoliyatiga ta’sir etdi. Bu – o‘n to‘qqiz yashar yigitcha uchun og‘ir zarba bo‘ldi. Axir, qancha orzu-umidlari bor edi uning. Jahon chempioni bo‘lmoqchi edi. Nahot, u yuksak orzulardan voz kechsa! Nahotki, umid olovini birgina sovuq so‘z so‘ndiradi? Bu shunchalik osonmi?

– Yo‘q, – deydi u o‘ziga-o‘zi qat’iy. – Yo‘q! Men taslim bo‘lmasligim kerak…

Karavotda yotar ekan, derazadan quyoshning zarrin nurlari kirib, xonasini nurafshon etayotganini ko‘radi.

“Kechasi bilan uxlamabman-a, – xayolidan o‘tkazadi u, – tong ham otibdi, oftob chiqibdi. Men bo‘lsam… Mijja qoqmabman…”

Siniq jilmayadi. Biroq bu jilmayishda allaqanday umid va yaxshi niyatning bilinar-bilinmas uchquni bor edi.

– Bugun bu oddiy dardga yengilsam, mag‘lubiyatlarga ko‘nikuvchan bo‘lib qolmaymanmi? – deya o‘ziga-o‘zi pichirlaydi u. Shu onda xonasiga kimdir ohista qadam tashlab kelayotganini sezadi.

“Oyim, – deydi ko‘ngli bebaho bir haroratni tuyib. – Oyijonim! Adam ikkovlarini ko‘p qiynab yubordim-da. Kecha-kunduz parvona, jim yotishimni ko‘rib, uxladi deb o‘ylagan bo‘lsalar kerak… Mehribonlarim…”

U tun bo‘yi miriqib uxlagan qilib ko‘rsatish uchun o‘zini dadil tutishga urinadi.

– Yaxshi dam oldingmi, bolam?

– Zo‘r, oyijon, o‘zingiz-chi…

Anisa aya o‘g‘lining ko‘zlariga termiladi:

– Bugun ham uxlamabsan-da, Ravshan?..

Fasl tanlamaymiz. Hammasi bahor,

Qovjiraydi faqat yolg‘on-yashiqlar.

Biz abadiy nekbin. Mangu umidvor.

Biz – ko‘ngli sovishni bilmas oshiqlar.

Qishlar va bahorlar, yozlar va kuzlar,

Biz uchun barobar yangroq torlardir.

Yerga yog‘a olmay yongan yulduzlar

Bizlar qalovini topgan qorlardir.

Tog‘dek toqatlardan mo‘miyodek sirqib,

Do‘stlarga atalgan dil rozlarimiz.

Qanotimiz po‘lat. Hech bo‘lmas qirqib.

Jaranglab turadi parvozlarimiz.

(Matnazar Abdulhakim, “Iroda”)

Yana o‘qing:  Yaxshiliklar shahri

2000 yilning qishi. Futbol jamoalari yangi mavsumga tayyorgarlik ko‘rish asnosida turli musobaqalarda, o‘rtoqlik uchrashuvlarida ishtirok etishar, o‘z oldiga ulkan maqsadlar qo‘ygan 23 yashar bir yigit ham navbatdagi mavsumga hozirlik ko‘rardi. Shu orada uni Qashqadaryoda futbol bo‘yicha viloyat hokimi kubogi musobaqasida hakamlik qilish uchun chaqirib qolishdi. Mamlakat chempionati oliy ligasida qanot hakami, ikkinchi ligada esa bosh hakam sifatida faoliyat olib borayotgan yosh yigit uchun bu ajoyib chorlov edi. Omadi kulib, final uchrashuvini boshqarish unga ishonib topshiriladi.

O‘yin qizg‘in kechayotgan bir pallada, viloyatda mehmon bo‘lib turgan, ushbu uchrashuvni bevosita stadionda kuzatayotgan taniqli murabbiy, futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasini 1994 yilgi Osiyo o‘yinlari g‘oliblik shohsupasiga olib chiqqan Rustam Akramov yonidagi sheriklaridan “Bu yigit kim?” deb so‘raydi maydondagi hakamga imo qilib. Mashhur futbol mutaxassisining bu yanglig‘ e’tibor berishi, alohida qiziqishi uchun jiddiy sabab bo‘lishi kerak edi.

– Yosh sudyalarimizdan, Ravshan Ermatov… Hali juda yosh-da, – deydi bir kishi o‘zlari tashkil etgan musobaqada hakamlik qilayotgan yigitning xatti-harakatlarini go‘yo “oqlayotgandek” ohangda. – Rustam aka, nima, u qandaydir… xato qilib qo‘ydimi-a?

– Qayerda hakamlik qiladi? – hamon o‘sha alfozda so‘raydi Rustam Akramov.

– Ikkinchi ligada.

– Bunday saviya bilan u “oliy”da ishlashi kerak…

– Yoshligimda jarohat olib, olti oy davolanishimga qaramay, futbolchilik faoliyatimni yakunlashga majbur bo‘lganman. Bundan qattiq qayg‘urganman, – deydi jarohat olgan yillari, so‘ng yana katta futbolga qaytgan damlari haqida Ravshan Ermatov. – Ana shunday kunlarimda menga oilam suyanch bo‘ldi. Agar yaqin insonlarim, otam, onam, opalarim, jiyanlarim bo‘lishmaganda, o‘zim sevgan sohadan butunlay ketishim mumkin edi…

U hikoya qilar ekan, birorta so‘zini qoldirmasdan daftarimga yoza boshlayman. Mana, u bolalik yillari, futbolchi bo‘lish orzusi, uning amalga oshmagani, hakamlikdagi ilk qadami haqida gapirayapti. Qo‘lim bu so‘zlarni qog‘ozga tushirayapti, ammo xayolimning bir chekkasida boshqa bir manzara: to‘p tepayotgan bolalar, “Oshir! Qani, bo‘l, tep!” deya shovqin solib, qiyqirishib futbol o‘ynayotgan o‘spirinlar, maydonning bir chekkasida o‘tirgancha, ularga havas bilan boqayotgan o‘n to‘qqiz yashar yigitcha. Ana, atigi bir necha kun oldin o‘zi bilan bir jamoada to‘p surgan do‘sti. Bugun ham maydonda jon-jahdi bilan o‘ynayapti. Bu esa… Lablari kulaman deydi-yu, ko‘zlari jiqqa yosh… U endi futbolchi bo‘lolmaydi…

– Men uchun hammasi tugagandek edi, – deya davom etadi Ravshan Ermatov. – Hatto o‘sha kunlari futboldan butunlay voz kechish haqida o‘ylay boshlaganman. Umidsizlikdan yomoni bo‘lmas ekan. Bilasizmi, shunday vaziyatlarda hammasiga qo‘l siltaydiganlar ham bo‘ladi. Ba’zi to‘siqlarni, omadsizliklarni “orzular chegarasi” deb biladigan, intilishdan to‘xtaydigan yoshlarni ko‘rganman. Men ham shulardek bo‘lishim mumkin edi…

Yana o‘qing:  Yo‘li topildi

O‘g‘lining qalbida nimalar kechayotgani Anisa aya bilan Sayfiddin akaga ma’lum edi. Jigarbandini bu qorong‘u damlardan olib chiqish uchun ular eng yaxshi chorani qo‘llaydilar. Yuzlab bolalar va o‘smirlarni tarbiyalagan tajribali murabbiy, mohir pedagog Sayfiddin Ermatov o‘g‘lini murabbiylik kurslariga qatnashga ko‘ndiradi.

– Murabbiylik avvaliga zerikarli ko‘rindi, – degancha kulib eslaydi referi. – Yaqindagina o‘zim maydonda yugurib yurardim. Bugun bolalarni shug‘ullantirish… Dam olish kunlari Toshkentdagi “Chig‘atoy” stadionida o‘smirlar o‘rtasida shahar birinchiligi o‘tkazilardi. Otam murabbiy, men u kishiga yordamchi edim…

Buyog‘i juda tez rivojlanadi. Qaysidir o‘yinga hakam kelmay qoladi. Kimdir uning ishini bajarishi kerak edi. Bu ish yordamchi murabbiylardan biriga – Ravshan Ermatov zimmasiga yuklanadi.

– Ravshan, o‘yinni o‘zing boshqarasan!

Otasining bir so‘zli ekanini bilgan qahramonimiz bu “hukm”ga qarshi borolmaydi.

– Futbolchilik paytlarim hakamlarni yomon ko‘rardim, – deydi Ravshan aka jilmayib. – Adamning qistovlari bilan o‘zim “sevgan” ishni noiloj bajarishga kirishdim.

Xatti-harakatlaridan hech kim bu ishni u birinchi marta qilayapti, deb hech kim o‘ylamasdi. Hamisha hakamlardan norozi bo‘ladigan ota-onalar, murabbiylar o‘yinni jim kuzatishadi. Ularda e’tiroz tug‘diradigan birorta vaziyat sodir bo‘lmaydi.

– Bilasanmi, o‘g‘lim, harakatlaringni kuzatib, sendan juda yaxshi sudya chiqarmikan, deb o‘ylab qoldim, – deydi uylariga qaytishar ekan, yo‘lda Sayfiddin aka. – Boshqalar og‘zidan ham shu gapni eshitib xursand bo‘ldim, o‘g‘lim…

Qattiqqo‘l, qat’iyatli, uncha-munchaga maqtayvermaydigan Sayfiddin akaning bu e’tirofidan Ravshanning ko‘ngli ko‘tariladi. Biroq otasining salobati boismi, farzandlik andishasi tufaylimi, nima deyishni bilmas, ichida quvonib tursa ham, uni bildirolmas edi. Kulimsirar ekan, “Bilmadim, ada…” deya oladi arang.

Gohida shunday holatlar bo‘ladiki, bir og‘iz so‘z inson hayotini butkul o‘zgartirib yuboradi. Bolalarni sunnat qilib qo‘yuvchi samarqandlik usta Tangriqul Boboqulov yoshligida bir oqil raisning ishonchi bilan shu qutlug‘ kasbni egallab, hayotida baraka topganini o‘zi aytgan, yaqin do‘stim o‘spirinligida bir odamning “sendan advokat chiqarmidi, holingga qarab niyat qilsang-chi”, degan achchiq gapidan so‘ng ancha paytgacha o‘ziga kelolmay, o‘qish-yozishni tashlab qo‘yganini aytib bergan, ularni eshitib, so‘zning qudratiga ming karra amin bo‘lgan edim.

Otasining dalda bag‘ishlovchi bu e’tirofidan ko‘ngli tog‘dek yuksalgan Ravshan Ermatovda endi yangicha ishtiyoq, baland cho‘qqilar sari undovchi shijoat paydo bo‘ladi.

Professional hakamlik bilan shug‘ullanayotgan yigitning Qashqadaryodagi futbol o‘yiniga taklif etilganini, uni odilona boshqarganini, ehtimol, “shunday bo‘lishi tabiiy edi” yoxud “bu oddiy tasodif-ku”, “yo‘q, shunchaki omad nishonasi bo‘lgan” qabilida izohlash mumkindir. Biroq haqiqat shuki, u mana shu darajaga yetishi uchun hayotining eng quvnoq, beg‘ubor, go‘zal onlarini qurbon qilgan, aziz orzusini – futbolchilikni hakamlikday sermashaqqat, balki g‘avg‘oli ishga almashtirgan edi.

– Bunday saviya bilan u “oliy”da ishlashi kerak, – deydi Rustam Akramov, maydonda qat’iylik bilan qaror chiqarayotgan, yoshligi shundoq ko‘rinib turgan, biroq katta yoshli futbolchilarga-da o‘z qarorlarining haqligini isbotlab bera olayotgan istarasi issiq yigitdan ko‘zini uzmay.

Yana o‘qing:  Quyoshim enam

– Oliy ligada bosh hakam bo‘lish uchun yoshi yetmaydi, reglamentda shunaqa, – luqma tashlaydi kimdir.

Biroq hammasi iste’dodli hakam uchun ajoyib yakunlanadi. Ushbu musobaqadan so‘ng unga oliy liga o‘yinlarini boshqarish huquqi beriladi.

Shoirning:

Yaxshilarning mehri unutilar, lekin

Unutilmas ular oldidagi qarz…

– misrasi aynan mana shu holat uchun ijod etilgandek, nazarimda.

Futbolni tushunadigan, iste’dodlarni payqay oladigan fidoyi insonlarning yaxshiligi bilan Ravshan Ermatov hakamlik faoliyatidagi eng katta va zalvorli qadamni qo‘ygan edi.

Meni hamisha shunday savol qiziqtirib kelgan: “Nima uchun bolalikdagi pokiza orzularning ko‘pi amalga oshmaydi?”. Buni kimdir ijtimoiy hayot bilan bolaning orzulari o‘rtasidagi nomutanosiblik, iste’dod, bilim, qobiliyat va boshqa “ob’yektiv-sub’yektiv” sabablar bilan tushuntirib berar. Ammo, menimcha, o‘sha turli-tuman faktorlarni boshqarib turadigan, insonni ichki va tashqi xavfli omillardan saqlab, faqat olg‘a boshlaydigan, butun salohiyati, ruhiy-ma’naviy quvvatini bir maqsad yo‘lida safarbar etadigan uchta tuyg‘u bor. Bular – muhabbat, iroda va ishonch.

Osiyoda to‘rt marta yilning eng yaxshi hakami deb tan olingan, jahon chempionati, Olimpiya o‘yinlari va qit’a kubogi musobaqalarida hakamlik qilib kelayotgan FIFA referisi, yurtdoshimiz Ravshan Ermatov yoshligidan ana shu tuyg‘ularni qalbiga mustahkam jo qila olgan, ularning qat’iy maqsad yo‘lida qanday kuchga aylana olishi mumkinligini his etgan edi.

Biz ko‘pincha mashhur sportchilar, siymolar haqida gapirganimizda, oddiy odam emas, qandaydir o‘zga sayyoralik bir zot haqida so‘zlayotgandek gapiramiz. Shundayki, go‘yo ulardek bo‘lish ilojsiz; shundayki, ular erishgan martabaning manzili bizning Ona Yerimizda emas, allaqanday sayyorada; shundayki, ularda bunday mavqega erishish uchun o‘zgacha qobiliyat, odam zotiga xos bo‘lmagan xususiyat bor… Vaholanki, ular ham siz bilan menga o‘xshagan odamlar. Ular ham bola bo‘lishgan, o‘smirlik, yoshlik damlarini o‘tkazishgan. Farqi shundaki, ular maqsad yo‘lida sobitqadam bo‘lganlar, beqaror emas. Ular orzu qilishni ham, orzu yo‘lida intilishni ham bilishgan. Yo‘lida uchragan to‘siqlarni sabr-toqat, matonat, iroda bilan yengib o‘tishgan. Yarim yo‘lda “bo‘ldi endi, shunisi ham menga yetadi” deya qolib ketishmagan.

“Hech bir yosh yigit o‘zining iqtidoridan shubha qilmasligi kerak” degan ekan psixolog Vilyam Jeyms.

Millionlab futbol muxlislari mehrini qozongan (hakamlikda shunday mavqega ega bo‘lish hazil gap emas), bolalarning sevimli kumiri Ravshan Ermatov ham o‘z iqtidoriga zarracha shubha qilmagan edi. Uning yutuqlarida o‘ziga bo‘lgan ana shu ishonch ham muhim o‘rin tutganiga shubha yo‘q.

Zero, iste’dodli odamlar hamisha o‘ziga ishonib yashaydi.

Elmurod NISHONOV

“Yoshlik” jurnalida e’lon qilingan.

Manba: saviya.uz

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: