Elektr energiyasi va tabiiy gaz iste’molida qonuniylik ta’minlanadi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2017 yil 29 maydagi “Elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib berish hamda iste’mol qilish sohasida to‘lov intizomini yanada mustahkamlash, shuningdek, ijro ishi yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan sohadagi ishlar tubdan takomillashmoqda. Shu asosda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzurida Majburiy ijro byurosi tashkil etildi.

Bugun aholining keng qatlamida mazkur tashkilot faoliyatiga qiziqishni inobatga olib, O‘zA muxbiri Majburiy ijro byurosi direktori Botir QUDRATXO‘JAYEV bilan suhbatlashdi.

– Botir Bahromovich, Majburiy ijro byurosini tashkil etish zarurati haqida qisqacha to‘xtalib o‘tsangiz.

– Elektr energiyasi va tabiiy gaz kundalik turmushda ishlatiladigan eng zarur ne’matlar hisoblanadi. Garchi bu borada O‘zbekiston o‘zini o‘zi ta’minlaydigan mamlakat hisoblansa-da, biroq bu bizga qimmatbaho, qayta tiklanmaydigan resurslarga xo‘jasizlarcha munosabatda bo‘lish huquqini bermaydi. Bu noyob boyliklarda bolalarimiz, kelgusi avlodlarimizning ham haqqi borligini doimo yodda tutishimiz zarur. Shu bois ulardan tejamkorlik bilan, oqilona foydalanish hamda foydalanilgan energiya resurslari uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirish maqsadga muvofiq.

Davlatimiz rahbarining yuqorida nomi qayd etilgan farmoni sohada yechimini kutayotgan ayrim muammolarni bartaraf etish borasida o‘z vaqtida tashlangan muhim qadam bo‘ldi. Shu asosda yoqilg‘i-energetika kompleksini modernizatsiya qilish hamda texnologik qayta jihozlash, elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib berish va iste’mol qilish sohasida shartnoma majburiyatlariga so‘zsiz rioya etish, shuningdek, sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishning ta’sirchan mexanizmi yaratildi.

Boisi mazkur sohada to‘planib qolgan jiddiy kamchilik va muammolar energiya resurslari bo‘yicha debitor qarzdorlikni keskin kamaytirishga va elektr energetika va gaz tarmoqlarini yanada rivojlantirish, ijro ishi yuritish samaradorligini oshirishga imkon bermagan.

To‘lov intizomining yomonlashuviga, iste’molchilar tomonidan elektr energiyasi va gazdan oqilona foydalanmaslik uchun sharoitlar yaratishga sohada faoliyat yuritgan mas’ul shaxslar “hissa” qo‘shgan. “O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyati va “O‘ztransgaz” aksiyadorlik kompaniyasi tizimida ko‘p sonli nazoratchi shtat birliklari mavjud bo‘lishiga qaramasdan, ular vazifalarini lozim darajada bajarmagan. Aksincha, ular tomonidan pul mablag‘larini talon-taroj qilish, hisobga olish uskunalarining ko‘rsatkichlarini o‘zgartirish holatlariga ommaviy tarzda yo‘l qo‘yilgan (2016 yil va joriy yilning 1 choragida mingdan ziyod xodim sudlangan, yetkazilgan zarar miqdori – 43,3 milliard so‘mni tashkil etgan).

Mansabdor shaxslarning mas’uliyatsizligi, energiya resurslari iste’molini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish muddatlarining kechiktirib yuborilganligi yetkazib berilgan va iste’mol qilingan energiya hajmlari hisobi yuritilishining haqqoniyligini ta’minlashga hamda hisob-kitoblarni o‘z vaqtida amalga oshirishga o‘ta salbiy ta’sir ko‘rsatgan.

Pul mablag‘larini elektr va gaz ta’minoti bo‘yicha eskirgan infratuzilmani modernizatsiya qilishga yo‘naltirish maqsadga muvofiq bo‘lgan bir vaqtda asossiz ravishda nazoratchi shtat birliklari saqlangan. (Nazoratchilarning oylik ish haqlari uchun yiliga 161,8 milliard so‘m sarflangan).

Bu borada faoliyat yuritgan Adliya vazirligi huzuridagi Sud departamenti tegishli organlar bilan ma’lumot almashish va ijro jarayonini nazorat qilish bo‘yicha hamkorlik mexanizmini joriy etmaganligi tufayli ijro hujjatlarining haqqoniy va ochiq hisobi yuritilmagan.

Bunday holatlarga barham berish, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq ravishda sohani tubdan takomillashtirishga zarurat paydo bo‘ldi. Elektr va gaz ta’minoti sohasida boshqaruv tizimini, nazorat va hisobga olish mexanizmlarini yanada takomillashtirish, to‘lov intizomini mustahkamlash, javobgarlikni kuchaytirish, ijro ishi yuritishning samaradorligini tubdan oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzurida Majburiy ijro byurosi tashkil etildi.

Yana o‘qing:  TANLOV YAKUNLANDI

– Byuroga qanday vazifalar yuklangan va ular amalda qanday ta’minlanmoqda?

– Byuroning asosiy vazifalari sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarining so‘zsiz ijrosini ta’minlash, ijro hujjatlari hamda undirilgan mablag‘larning haqqoniy hisobini yuritishdan iborat. Shu bilan birga, Byuro ijro ishi yuritishda sansalorlik va suiiste’molchilik holatlarining oldini olish, elektr, gaz uzatish va gaz taqsimlash tarmoqlariga noqonuniy ulanish, talon-taroj holatlarini aniqlash, bartaraf etish va oldini olish, energiya resurslari uchun to‘lovlarning o‘z vaqtida va to‘liq undirilishini ta’minlaydi.

Iste’molchilarning qarzdorligi kamaytirilishi ta’minlanadi. Energiya resurslari iste’molini nazorat qilish va hisobga olishning zamonaviy avtomatlashtirilgan tizimlari, shuningdek, muqobil energiya manbalarining joriy etilishi ustidan monitoring olib boriladi. Energiya resurslarini sotish va iste’moli hisobini yuritishda ishtirok etadi. Energiya resurslari iste’molchilarining mas’uliyati va huquqiy madaniyatini oshirish choralari ko‘riladi. Kompleks tahlil o‘tkazish, tizimli muammolarni aniqlash, energiya resurslari uchun hisob-kitob qilinishini ta’minlash va majburiy ijro tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi. Qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni yuritish bilan birga surishtiruv va tezkor-qidiruv faoliyati amalga oshiriladi.

Farmon asosida Adliya vazirligi huzurida faoliyat yuritgan Sud departamentining qonun hujjatlarida nazarda tutilgan vazifalari, funksiyalari hamda vakolatlari Byuroga o‘tkazildi. Endilikda sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini majburiy ijro etish Byuroning davlat ijrochilari tomonidan amalga oshiriladi.

Byuro tomonidan tashkiliy va huquqiy tadbirlardan iborat kompleks choralar rejasi ishlab chiqildi. Shu asosda 29 normativ-huquqiy hujjat loyihasi tayyorlanmoqda. Amalga oshirilayotgan tashkiliy chora-tadbirlar doirasida Markaziy bank bilan birga elektr energiyasi va gazdan tushadigan mablag‘larni hamda sud hujjatlari yuzasidan undiruvlarning yagona bank hisobraqamlarini ochish ishlari yakuniga yetkazilayotir.

Kundalik tushum “O‘zbekenergo”, “O‘ztransgaz” kompaniyalari ma’lumotlarini bankdan olingan ma’lumotlar bilan taqqoslash orqali o‘rganilmoqda. Hududlarga Bosh prokuror o‘rinbosarlari hamda mas’ul xodimlar biriktirildi. Ishlarni tashkillashtirish yuzasidan Dastur ishlab chiqilib, joylarga yetkazildi.

Energoresurslar hisob-kitoblarining elektron bazalariga noqonuniy aralashuvlarning oldini olish maqsadida ulardan ko‘chirmalar olindi. Ularning qonuniy yuritilishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish uchun 423 nafar prokuratura xodimi biriktirildi.

Energoresurslardan va sud hujjatlari bo‘yicha qarzdorlarning elektron bazasi shakllantirilib, tahlil qilinmoqda. Elektr energiyasidan qarzdor bo‘lgan 48 ming 376, tabiiy gazdan qarzdor bo‘lgan 22 ming 146 iste’molchi tarmoqdan uzildi.

Sud ijrochilari ish yurituvidagi ijro hujjatlari bilan birga sudlarning 1991 yildan hozirga qadar bo‘lgan ijro hujjatlari xatlovdan o‘tkazilmoqda. Xatlov natijasida faqatgina 18 kun ichida sudlar tomonidan 48 ming 239 (41,7 milliard so‘mlik) ijro hujjati majburiy ijroga qaratilmaganligi aniqlandi.

– Nazorat tadbirlari davomida ko‘proq qanday qonunbuzarliklar aniqlanmoqda?

– Energiya resurslari bilan bog‘liq barcha holatlarni tizimli o‘rganish davomida (farmon qabul qilingandan keyingi 40 kunda) 432 qonunbuzarlik aniqlandi. Ular yuzasidan 67 jinoyat ishi, 365 ma’muriy ish qo‘zg‘atildi.

Yana o‘qing:  RASSOMLAR UCHUN O‘ZBEK TILIDA DARSLIK

Nazorat tadbirlari davomida asosiy e’tibor elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib beruvchi korxonalarning o‘z vazifalariga sovuqqonlik bilan qaragan, vakolatini suiiste’mol qilgan mansabdor shaxslari faoliyatiga qaratilmoqda. Ularning debitorlik qarzdorlikni qisqartirish bo‘yicha lozim darajada chora ko‘rmay qilgan mas’uliyatsizligiga qonuniy baho beriladi. Chunki o‘tgan davrda ular tomonidan bu borada 44,8 milliard so‘m qarzdorlik vujudga kelishiga yo‘l qo‘yilgan. (Buning 40,4 milliard so‘mi elektr energiyasi bo‘yicha, qolgani tabiiy gaz bo‘yicha). Bunday holatlar bo‘yicha 12 jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Misol uchun, Oq oltin tumani elektr tarmoqlari korxonasi rahbari oldindan ellik foiz to‘lovni to‘lamagan 186 yuridik shaxsga 286,6 million so‘mlik elektr energiyasi yetkazib bergan. Bu yo‘nalishda 888 million so‘m qarzdorlik vujudga kelgan bo‘lsa ham, uni undirish choralarini ko‘rmagan.

Energiya resurslarini yetkazib berish sohasida suiiste’molchilikka yo‘l qo‘yilishi oqibatida sun’iy qarzdorlik vujudga keltirilgan. Aniqroq aytganda, turli yo‘llar bilan ishlatilgan, bazaga kiritilgan bunday qarzdorlikni “yopish” uchun ular aholiga taqsimlangan. Misol uchun, “Yunusobodtumangaz” va “Shayxontohurtumangaz” korxonalari mas’ul shaxslari gaz iste’moli bo‘yicha belgilangan tartibda hisob-kitob va nazorat ishlarini yetarli darajada amalga oshirmagani tufayli 3,4 milliard so‘m qarzdorlik vujudga kelgan. Bu boradagi kamomadni qoplash uchun ular bu summani aholiga “yuklagan”.

Qoraqalpoq hududiy elektr tarmoqlari korxonasining Chimboy filiali mas’ul shaxslari o‘zlari uchun jinoiy sxema ishlab chiqqan. Unga ko‘ra, yuzaga kelgan 1 milliard so‘m qarzdorlik 118 fuqaroga “taqsimlangan”. Ularni undirish bo‘yicha tegishli da’volar qo‘zg‘atilgan. Lekin ijro hujjatlari ijrosi ta’minlanmagan.

Bu sohada yo‘l qo‘yilgan jinoiy xatti-harakatlarning ayrimlarini ta’magirlik, poraxo‘rlik hamda iste’mol qilingan energiya resurslari uchun to‘langan mablag‘larni talon-taroj qilish kabilar tashkil etgan.

Alohida qayd etish kerakki, bunday jinoyatlarning asosiy qismi energiya resurslari uchun to‘lovlarni undirishga mas’ul bo‘lgan nazoratchilar tomonidan amalga oshirilgan. Bu yo‘nalishda 40 jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lsa, shundan 18 jinoiy ish 20 nazoratchiga (elektr bo‘yicha – 5, gaz bo‘yicha – 15) taalluqli. 13 holatda qarzdorlikni yo‘qotib berish uchun iste’molchilardan noqonuniy ravishda pul olingan. Masalan, “Buxorotumangaz” filiali nazoratchilaridan biri ikki mijozdan 4,6 million so‘m bo‘lgan qarzlarini “qoplab” berish uchun 400 AQSH dollari va 2 million so‘m olgan. Ularga to‘lov to‘langani haqida noqonuniy hujjat bergan.

Mirzaobod tumani elektr tarmoqlari korxonasi xodimlaridan biri 1,2 million so‘mlik qarzni “yopish” evaziga iste’molchidan 700 ming so‘m olgan. Tekshirish davomida bu shaxs ana shunday yo‘l bilan 417 noqonuniy holatga yo‘l qo‘ygani va davlatga 31,3 million so‘m zarar yetkazgani ma’lum bo‘ldi.

Yashnobod tumani elektr tarmoqlari korxonasi xodimlaridan biri qarzdorlikni sun’iy ravishda kamaytirib berish evaziga iste’molchidan 200 AQSH dollari olayotgan paytda qo‘lga olindi.

Xorazm hududiy elektr tarmoqlari korxonasi bosh hisobchisi o‘z jamoadoshlari bilan til biriktirib, “Elsus” korxonasiga qiymati 1,1 milliard so‘mlik transformatorni 754,8 million so‘mga pullagan. Oqibatda davlatga 331,2 million so‘m zarar keltirilgan. Ming afsuski, bunday misollarni yana davom ettirish mumkin.

Yana o‘qing:  TURKIY ISHBILARMONLARI KENGASHI BIZNES FORUMI BO‘LIB O‘TDI

Nazorat tadbirlari davomida energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlariga ham yo‘l qo‘yilgani ma’lum bo‘ldi. Bu borada elektr va gaz tarmoqlariga noqonuniy ulangan 15 holat aniqlandi. Misol uchun, chinozlik U.Abdullayev o‘z uyida yashirin 159 kvadrat metrli muzlatgich tashkil etgan va uni ishlatish uchun elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan. Natijada 290,3 million so‘m ziyon keltirgan.

Kosonsoy tumani “Suvoqova” korxonasi mas’ul shaxslari nasoslarni ishlatish uchun elektr energiyasidan ikki yil davomida noqonuniy foydalangan va yetkazgan zarari 223 million so‘mni tashkil etgan.

Bunday noqonuniy holatlarni aniqlash va ularga chek qo‘yish ishlari izchil davom ettirilayotir.

– To‘lov intizomini mustahkamlash borasida qanday ishlarni amalga oshirish zarur, deb hisoblaysiz?

– O‘zganing haqiga xiyonat qilishni xalqimiz azaldan katta gunoh, deb biladi. Energiya resurslari haqi ham aslida to‘lanishi shart bo‘lgan qarz. Unga xiyonat qilish birovga emas, o‘zimizga xiyonat qilish bilan barobar. Axir resurslar tuganmas emas. Uni ishlatganda o‘rnini to‘ldirishni ham o‘ylashimiz kerak. Shu ma’noda aholining bu boradagi tushunchasini o‘zgartirish, to‘lov madaniyatini yuksaltirish – dolzarb vazifa. Ushbu maqsadga qaratilgan targ‘ibot-tashviqot ishlari yanada kuchaytirilishi zarur.

Yurtdoshlarimiz unutmasligi kerakki, 2017 yilning 1 iyulidan boshlab iste’molchilar – jismoniy shaxslar har oyning 10 sanasiga qadar o‘tgan oyda iste’mol qilingan energiya resurslari uchun to‘liq hisob-kitob qilishlari shart. Muddati o‘tgan qarzdorlik mavjud bo‘lganda, iste’molchi – jismoniy shaxslar belgilangan tartibda elektr va gaz taqsimlash tarmoqlaridan majburiy uziladi.

Kelgusida iste’molchilarga energiya resurslarini yetkazib berish 100 foizlik oldindan haq to‘lash asosida amalga oshiriladi. Oldindan haq to‘lanmagan hollarda iste’molchilarga nisbatan elektr va gaz taqsimlash tarmoqlaridan to‘liq uzishgacha bo‘lgan choralar ko‘riladi.

Elektr va gaz tarmoqlaridan ilgari uzib qo‘yilgan shaxslarni qayta ulashda iste’molchi – jismoniy shaxslardan eng kam oylik ish haqining 2 baravari miqdorida, yuridik shaxslardan eng kam oylik ish haqining 10 baravari miqdorida to‘lov qayta ulashni amalga oshirgan tashkilot hisobiga mablag‘larni o‘tkazish orqali undiriladi.

Iste’molchi energiya resurslari iste’molini hisobga olish uskunalarining lozim darajada ekspluatatsiya qilinishi va sozligi uchun javobgar hisoblanadi.

Yetkazib berilgan energiya resurslari uchun eng kam oylik ish haqining ikki baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdordagi qarzdorlikni xodim – iste’molchilarning ish haqidan ushlab qolish haqida ish beruvchilarga bajarilishi majburiy bo‘lgan talabnomalar yuboriladi.

Bir so‘z bilan aytganda, endilikda nazorat qilish va hisobga olish, qarzdorlikni undirish tizimi tubdan takomillashadi. Energiya resurslarini yetkazib berish, transportirovka qilish, taqsimlash va sotishdagi yo‘qotishlarni aniqlash tartibi mustahkamlanadi. Elektr energiyasi va tabiiy gaz iste’molini nazorat qilish va hisobga olish uskunalari taqsimlash joylarida – mahallalarda o‘rnatiladi. Zamonaviy elektron to‘lov tizimlari joriy etiladi. Elektr energiyasi va gaz uchun qarzdorlikni, shuningdek, amalga oshirilgan to‘lovlarni real vaqt rejimida kuzatib borish imkonini beruvchi yagona billing tizimi yaratiladi.

Bu kabi chora-tadbirlar sohada qonuniylik to‘liq ta’minlanishiga zamin yaratadi. Iste’molchilarning elektr energiyasi va tabiiy gaz bo‘yicha to‘lovlardan bo‘yin tovlashiga yo‘l qo‘yilmaydi.

O‘zA muxbiri

Norgul ABDURAIMOVA

suhbatlashdi.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: