O‘zbekistonda “Mahalla iftixori” ko‘krak nishoni ta’sis qilindi
Prezident 13 iyul kuni “Mahalla iftixori” ko‘krak nishoni ta’sis etish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi
“Mahalla iftixori” ko‘krak nishoni (keyingi o‘rinlarda – ko‘krak nishoni) bilan jamiyatimizda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining o‘rni va rolini kuchaytirish, joylarda ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, millatlararo do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlash, yosh avlodni ona Vatanga muhabbat va istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, keng qamrovli profilaktika tadbirlari va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, mahalla fuqarolar yig‘inlarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish ishlariga munosib hissa qo‘shib kelayotgan faol, tashabbuskor fuqarolar va jamoatchilik tuzilmalari vakillari taqdirlanadilar.
Ko‘krak nishoni bilan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lmagan shaxslar ham taqdirlanishi mumkin.
Ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan shaxslar eng kam oylik ish haqining to‘rt baravari miqdorida bir yo‘la to‘lanadigan pul mukofoti oladilar. Bir yo‘la to‘lanadigan pul mukofotlari O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Ko‘krak nishoni, uning guvohnomasi va pul mukofoti Mustaqillik kuni bayrami arafasida Respublika kengashi raisi (yoki uning topshirig‘iga binoan boshqa mas’ul shaxslar) tomonidan tantanali vaziyatda topshiriladi.
Ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan shaxslar O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi hisobidan mamlakatimiz sanatoriylarida davolanishlari uchun bir marotabalik bepul yo‘llanma olish huquqiga ega bo‘ladilar.