Cho‘qqilarning mangu chorlovi

Bu dunyoga har bir inson, eng avvalo, mehr istab keladi. Odam bolasining tom ma’nodagi shaxs bo‘lib kamolga yetishida ona mehri, u tug‘ilib o‘sgan diyorning tarovati, qon-qardoshlik rishtalari benihoya katta ta’sir ko‘rsatadi. Inson dastlab oilasida, so‘ngra, tashqi muhit ta’sirida muloqot saboqlarini o‘zlashtirib boradi. Bu davrdagi his-hayajonlar, orzu-havaslar, armonlar, keyinroq, uning taqdir yo‘lini belgilab beradi, desak yanglishmaymiz.

Ona mehri va kindik qoni to‘kilgan so‘lim go‘shaga nisbatan alohida hurmat-ehtirom, kishi qalbida insoniy his-tuyg‘ularning tug‘yon urishiga sabab bo‘ladi. Bunday shaxs o‘zligini anglab yetishi zamirida bor salohiyati, kuch-qudratini ona Vatanning shonu shavkatini yuksaltirishga safarbar qiladi. Ocherkimiz qahramoni, marhum Ilyos Tuxvatullin ham ana shunday insonlardan edi.

Xalqaro miqyosdagi alpinist, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sport ustasi Ilyos Tuxvatullin mamlakatimizda uzoq vaqt davomida Alpinizm va qoyaga chiqish sport federatsiyasining vitse-prezidenti lavozimida ishlab kelgan. O‘zi sevib tanlagan va butun hayotini, bor kuch-qudratini shu soha rivojiga safarbar qilgan bu qalbidaryo inson o‘z Vatani nomini ulug‘lash yo‘lida qilgan beminnat xizmatlari uchun «Shuhrat» medali bilan taqdirlangan.

Ilyos Tuxvatullinning sport sohasida erishgan yutuqlari ham ancha salmoqlidir. U o‘z vaqtida V.Ritsark nomidagi alpinistlar klubining sardori sifatida «Oltin karabin» xalqaro sovrinini qo‘lga kiritgan edi. Bundan tash­qari turli davrlarda o‘tkazilgan xalqaro miqyosdagi musobaqalarda bevosita ishtirok etib, erishgan zafarlari uchun ko‘plab oltin va kumush medallarga sazovor bo‘lgan edi. Xususan, 2011 yilda unga «Qor qoploni» nomi berildi va u yurtimiz dovrug‘ini butun dunyoga yoydi. Bu fidoyi vatandoshimizning jasorati tufayli ikki marotaba respublikamiz bayrog‘i dunyoning eng baland cho‘qqilaridan biri Jomolungmaning (uning balandligi 8848 metr­ni tashkil qiladi) shiddatli shamollar esib turgan cho‘qqisi ustiga o‘rnatildi. Bundan tashqari jasur alpinist Ilyos Tuxvatullin uch marta Chogori tog‘idagi K-2 ­­cho‘qqisini shimoliy tomondan zabt etgan flpinistlar qatoriga kirdi. Bu cho‘qqi Jomolungmadan keyin dunyoda ikkinchi o‘rinda turadi. 2003 va 2012 yillarda bu fidoyi insonning qishda 7800 metrlik Chogori tog‘iga chiqishining o‘zi bir jasorat. Chunki, qahraton qishda bu joyda havo harorati — 70 Co darajada bo‘ladi. Ilyos Tuxvatullin betakror sport ustasi bo‘lishi bilan bir vaqtda nihoyatda ko‘ngilchan, birovlarning dardiga befarq qarab turolmaydigan kuyunchak inson ham edi. Qahramonimizning hayotiy shiorida «Qalbingdagi mehr chashmasidagi tarovat va saxovatni odamlardan ayama. Shunda ular ham senga nisbatan mehr-oqibatli bo‘lishadi», degan so‘z mujassam edi.

Yana o‘qing:  Boladek beg‘ubor bobo

Alpinistlar tabiatan juda ziyrak, odamning qalbidagi oqu qorani tezda ilg‘ab oladigan mardonavor odamlar bo‘lishadi. Shunday odamlar orasida katta hurmat- ehtiromga ega bo‘lish hammaga ham nasib etavermaydi. Alpinizm juda murakkab, hayot uchun o‘ta xavfli sport turi sanaladi. Biroq, ulkan bo‘ysunmas tog‘ tizmalari bo‘ylab asta-sekin odimlab borar ekan har lahzada o‘z hayotining qil ustida ekanligini chuqur idrok eta oluvchi insongina hayot va mamot masalasini tom ma’noda tuyadi. Shunday odamgina insonlarni chindan qadrlay biladi. Chunki, bunday inson chinakamiga sevishni, g‘animat hayotning har bir lahzasidan zavqlanishni uddalay oladi. Ehtimol, shu boisdan Ilyos Tuxvatullin juda xushchaqchaq odam edi. Hayotga chanqoq qalb sohibi bo‘lmish kahramonimiz tinchlikni benihoya sevar edi. Bu odam ekologiya masalasiga ham befarq qarab turolmasdi. Ilyos Tuxvatullin odamlarning ona tabiat bilan uyg‘unlikda yashashga undab, imkon boricha ularni bunga da’vat qilib yurardi.

Tabiatni asrab-avaylash muhim ekanligini anglab yetgan fidoyi sport ustasi daraxtlar, turli ko‘chatlarni ekib, ekologik muhitni barqaror bo‘lishiga o‘zini hissasini qo‘shishga uringan. Ilyos Tuxvatullin dunyo kezgan, turli millat va elatlar hayotini yaqindan bilgan inson edi. Kunlardan bir kun u shunday dedi: «Bilasizmi, o‘zbek xalqi juda bag‘rikeng va mehmondo‘st. Vatandoshlarimizni ko‘ngli ham, qo‘li ham juda ochiq. Mehmondo‘stlikni o‘rniga qo‘yishadi. Bunday insoniy fazilatlarni dunyo xalqlari orasida kam uchratganman.»

Har qanday vaziyatda ham odam va tabiat o‘rtasida uzviy aloqadorlik mavjud bo‘lib ayrim insonlarda bu munosabat butunlay o‘zgacha tus oladi. Shu boisdan bo‘lsa kerak alohida toifadagi odamlar borki, ularni turli xildagi tabiiy unsurlar, olov, suv, yer yoki havo ohanrabodek o‘ziga jalb etaveradi. Kosmonavtlar, uchuvchilar o‘z hayotini bepoyon osmonsiz, dengizchilar esa cheksiz ummonlarsiz tasavvur qila olmaydi. Ocherkimiz qahramoni Ilyos Tuxvatullin kabi insonlar esa o‘z umrini osmono‘par cho‘qqilarsiz tasavvur eta olmaydilar.

Biz odamlar yaxshi insonlar olamdan ko‘z yumganida «Eh, attang, erta o‘tib ketdi-ya!» deymiz. Lekin o‘lim haq ekan. Ilyos Tuxvatullin va uning hamkasb do‘stlarini galdagi Anna purna tog‘ cho‘qqisini zabt etish orzusi olis yo‘lga chorladi. Tog‘larda har xil ko‘ngilsiz voqea­lar bo‘lishi mumkin. Aksariyat hollarda alpinistlar halokatli vaziyatlarga tushib qoladilar. Shunda ularga tashqaridan yordam kelish ehtimoli juda oz. Faqatgina ular o‘zi va sheriklarining kuchiga ishonib, ish tutishiga to‘g‘ri keladi. Ilyos Tuxvatullin bunday lahzalarda hech ham pand bermagandi. Hamisha yordamga muhtoj sheriklarini og‘irini yengil qilishga, bor kuchini va bilimini safarbar kilishga intilardi. Afsuski, kutilmaganda ro‘y bergan qor ko‘chkisi Ilyos aka va alpinist do‘sti Ivan Lobanovni oramizdan olib ketdi.

Yana o‘qing:  Xalqning ishonchli vakili yoxud firibgarga aylangan deputat

Mard o‘g‘lonning xotirasi hamisha xalqimiz va yaqin do‘stlari qalbidan mangu o‘chmaydi. Jasoratli insonlarning faoliyati o‘sib kelayotgan yosh avlodga namuna bo‘ladi va ularni ham ulkan ishlarni amalga oshirishga chorlaydi.

Iroda RAHIMOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: