Gullayotgan yoshlik chog‘lari…

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi farmonini o‘qib

…Iqtisod yo‘nalishida tahsil olayotgan tanishim bor. Intiluvchan, tashabbuskor, iqtidorli talaba. Bir odati bor: bayram kunlarni sanab yuradi. Dunyoning qaysi mamlakatida qachon qanday bayram nishonlanishini yoddan biladi. Yaqinda uchrashib qoldik. Og‘zi qulog‘ida.

– Aka, bayramlarimiz yana bittaga ko‘paydi, – deydi quvonib. – Bu kun biz – yoshlar uchun kutilmagan sovg‘a, yuksak ishonch bayrami bo‘ldi.

U O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tashkil topgan kun – 30 iyun sanasi mamlakatimizda “Yoshlar kuni”, deb e’lon qilinganini nazarda tutayotgan edi.

Shu tariqa suhbatimiz Prezidentimiz farmonining mazmun-mohiyatiga o‘tdi.

– Tuqqan joyda tug‘ing tik, degan maqol bejiz aytilmagan, – deydi u. – Xalqimiz dono, topib gapiradi, haq aytadi. Vatan – bu insonga taqdim etilgan eng ulug‘ ne’mat. Uning qadriga yetish, avaylab-ardoqlash, taraqqiyotiga xizmat qilish – oliy baxt. Ayting, hozir o‘qiyman, ilm qilaman, o‘sib-ulg‘ayaman, degan yoshlar uchun nima yetmaydi? Barcha sharoit muhayyo, imtiyozlar yetarli. Yangi farmon bizga yanada kuch-g‘ayrat, zo‘r ilhom bag‘ishladi. O‘zimizni ko‘rsatadigan, yurtimizga xizmat qiladigan yoshdamiz. Aka, ko‘nglimga tugib qo‘ydim, farmonda ta’sis etilgan “Mard o‘g‘lon” davlat mukofotini olishga harakat qilaman.

Darhaqiqat, Prezidentimizning mazkur farmoni bilan yangi tashkil qilingan O‘zbekiston yoshlar ittifoqi “Yoshlar – kelajak bunyodkori” shiori ostida yoshlarning tom ma’nodagi suyanchiga aylanishi shubhasiz. Farmonda tashkilot faoliyatining huquqiy asoslari belgilab berilgan. Unga ko‘ra, yoshlarning huquqlarini ta’minlash, Vatanga muhabbat, kelajakka ishonch hissini qaror toptirish, puxta bilim egallashlari, malakali mutaxassis bo‘lib yetishishlari uchun zarur sharoitlar yaratish, ma’naviyatini yuksaltirish, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, yoshlar siyosati borasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish kabi bir qator chora-tadbirlar O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari sifatida belgilangan.

Mustaqillik yillarida mamlakatimiz yoshlarini vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash, ma’naviy yetuk va jismonan sog‘lom barkamol avlodni voyaga yetkazish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilganiga qaramay, yoshlarning keng qatlamlariga daxldor bo‘lgan dolzarb masalalar mavjudligi ta’kidlangan. Bunda “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati o‘z zimmasidagi maqsad va vazifalarni to‘laqonli hayotga tatbiq etolmagani, tom ma’noda O‘zbekiston yoshlarini buyuk maqsadlar sari birlashtiradigan va safarbar etadigan ommaviy harakatga aylana olmagani qayd etilgan.

Yana o‘qing:  TAYYORLOV GURUHI MAKTABGA ShAY

Mazkur yo‘nalishdagi kamchiliklarni bartaraf etish, yoshlarga oid davlat siyosatini izchil va samarali amalga oshirish, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini mustahkam himoya qilish maqsadini ko‘zda tutuvchi farmon mamlakatimiz yoshlari uchun ayni muddao bo‘ldi.

Tarix guvoh, bu muqaddas zaminimizdan ne-ne buyuk allomalar, davlat arboblari yetishib chiqmagan. Ularning shonli yo‘li, hikmatiyu falsafasi bugun ham o‘z qiymatini yo‘qotgan emas. Buyuk davlat arbobi va sarkarda Amir Temurning Vatanga sadoqat, el-yurtni ardoqlash, mardlik va fidoyilik kabi yuksak fazilatlari yosh avlod uchun o‘rnak bo‘lib kelmoqda.

Prezidentimiz farmonida bu jihatlar alohida e’tiborga olinib, mamlakatimizning barcha harbiy akademik litseylariga “Temurbeklar maktabi” nomi berildi. Endilikda bunday sharafli nomdagi ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan yoshlarimiz yurtimiz sha’nini, osoyishtaligimizni munosib himoya qiladigan yetuk farzand bo‘lib kamol topadi.

– Bundan barchamiz – ustozlar, ota-onalar, yoshlarimiz nihoyatda faxrlandik, – deydi Toshkent shahridagi harbiy akademik litsey direktori o‘rinbosari O‘rinboy Boboyorov. – Litseyimizga “Temurbeklar maktabi” nomi berilganini eshitgan mehnat ta’tilidagi o‘qituvchilarimiz ham kelib, yangi o‘quv yili rejasiga o‘zgartish kiritmoqda. Bu bizga katta mas’uliyat yukladi. Endi Sohibqiron bobomizga munosib bo‘lishga barchamiz birga harakat qilamiz.

Farmon asosida “Yoshlar nashriyoti uyi” tashkil qilinmoqda, “Qizlarjon” jurnalini ochish ko‘zda tutilgan.

Dilobar Mamatova bu yil Navoiy davlat pedagogika institutining ona tili va adabiyoti fakultetini tamomladi. U hozir poytaxtda. Jurnalistika fakultetining oliy jurnalistika kursiga hujjat topshirgani kelgan.

– O‘zbekiston yoshlar ittifoqining tashkil etilgani menga alohida mamnuniyat bag‘ishladi, – deydi u. – Prezidentimizning bu boradagi farmonini o‘qib ko‘nglim tog‘dek ulg‘aydi. She’rlar mashq qilib turaman. Yoshlar nashriyot uyining tashkil etilishi ayni muddao. Mazkur nashriyotda biz kabi yoshlarning ilm-fan, adabiyotga doir kitoblari chop etiladi. Bu ijodkor yoshlarni qo‘llab-quvvatlashda g‘oyat ahamiyatlidir. “Qizlarjon” jurnali ham mamlakatimiz qizlarining huquq va manfaatlarini himoya qilish, iste’dod va qobiliyatini ro‘yobga chiqarish, ular orasida haqiqiy yetakchilarni tarbiyalash ishlarida yaqin ko‘makchiga aylanishiga shubha yo‘q. Biz ham shu yuksak e’tiborga munosib farzand bo‘lishga astoydil harakat qilamiz.

Yana bir gap. Farmonda mamlakatimiz yoshlari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tizimida ishlayotgan xodimlar uchun qator imtiyoz va sharoitlar yaratilishi belgilangan. Bu ham yoshlarimizning kuchiga kuch, g‘ayratiga g‘ayrat qo‘shadi.

Yana o‘qing:  Tennis bo‘yicha o‘smirlar hamda qizlar o‘rtasidagi nufuzli turnir boshlandi

…Farmonni qayta-qayta o‘qiyman. U biz, yoshlarni yangidan-yangi muvaffaqiyatlar sari undaydi.

Ulug‘bek ASROROV

O‘zA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: