Har kun, har dam shukrona…
Inson – aziz, xotira – muqaddas! Ana shu azizlik va muqaddaslik ezgulik debochasidir. Kechagina samo bag‘ridan Ona zaminga tasannolar aytishib uchib kelgan oqqushlarning qo‘shig‘ida yangragan quvonch hislari bugun yanada kengroq qanot yoygan. Moviy samodan yerga qadar cho‘zilgan bu kenglik zamirida shukronalik atalmish boqiy tuyg‘u kezib yuribdi.
Tunlar seni bir avaylab tongga berdi,
Tonglar esa quchog‘ingda gullar terdi.
Ming shodlanib quyosh ko‘kdan ta’zim qildi,
Ona yurtim seni bugun dunyo bildi.
Dunyo tanigan Ona yurtim dorulomon kunlar muborak! Bu kunlarga yetganlar bor yetmaganlar bor. Ikkinchi Jahon urushi jangohlarida ne-ne alplar jonini fido etib shahid ketgan. O‘sha mash’um kunlarda ona tutgan qoraxat tufayli ko‘plab xonadonlarni oila qo‘rg‘onining mustahkam ustuni — otadek buyuk shodlik tark etgan edi.
Bir oyog‘i va bir qo‘lidan ajralgan urush faxriysi Samarqandlik Omon bobo Yusupovni so‘zlarini tinglarkanman uzoqlardan fidoyilik qonida bor yurt degan sas keladi qulog‘imga. Xira tortgan ko‘zlaridagi yoshni omon qolgan titroq qo‘llari bilan sidirayotgan bobo: «Urush dahshatlarini ko‘zimiz bilan ko‘rdik. Ochlik, vabo, o‘lat bularning barchasi hali-hanuz yodimda qolgan. Bunday qora kunlar aslo takrorlanmasin, deyman. Tinchlikni qadriga yetish kerak», — deydi.
Boboning qo‘llariga bir dasta gul tutgan qizaloq ko‘zlarida balqigan hayajon yuraklarga ko‘chadi. Tinchlik na’shidasi naqadar buyuk.
…Bugun ham dunyoning qay mamlakatlarida inson qadri toptalib, ochlikdan, og‘riqdan ingrayotgan odamlar, bola nigohi bilan jirkanch hayot tasvirlarini anglayotgan, alamzadalik bilan ulg‘ayayotgan norasidalar borligini kuzatib turib, baxtiyor turmushimizning o‘tayotgan har daqiqasi uchun shukrona aytamiz.
Ha, bu tinchlik hukmron dorulomon kunlarga osonlik bilan erishilmagan. Cho‘lponu Fitratlar, Qodiriylar orzulagan ozodlik va hurlik zaminimizda bo‘y ko‘rsatib turibdi.
— Bir burda non qadri jon qadri misol e’zozda bo‘lib, tuni bilan ko‘sak chuvirdik. Yosh-yalanglar birdaniga ulg‘ayib qolgan, yon-atrofimizda ocharchilik, urush qiyinchiliklari. Ammo, yaxshi kunlar kelishiga umid qilganmiz, — ta’kidlaydi to‘qson besh bahorni qarshilagan Mukarram momo. Momoning tikkan palaklari hali-hanuz ko‘rkini yo‘qotmay taxmon ustini bezab turganini ko‘rib lol qolasan kishi.
Mustaqillik maydonida bobosining qo‘lidan tutgan nabira uni savolga tutadi.
– Bobojon, katta bo‘lsam, men ham askar bo‘lamanmi?
– Albatta bo‘lasan, yurtga qalqon bo‘lasan, bolam. — astagina nabirasining yelkasiga qoqib qo‘yadi bobo.
Bugun bu yurtda inson qadri — aziz. Islohotu imkoniyatlar, obod turmushu farovon hayot barchasi inson uchun. Yana xotirjam yashash, hayotdan ko‘ngil to‘lib umrguzaronlik qilish — ulkan baxt. Dilga yaxshilikni tuyib, o‘zgalarga mehr ulashib, halol mehnat qilib, el-yurt koriga yarab yashasak, kifoya. Aslida har bir odam bir-biriga g‘animat. O‘tganlarni xotirlash, ularni yodga olish, mudhish kunlarni boshdan kechirgan, bugun yurtda e’zoz topayotgan nuroniylarni yo‘qlash insoniy vazifamiz.
O‘tayotgan bugun ertaga tarixga aylanadi. Kun davomida amalga oshirilgan ishlar ma’lum ma’noda kelajakka zamin yaratadi. Bugun xalqimiz taqdirida ro‘y bergan g‘oyat mas’uliyatli davr istiqlol olib kelgan mashaqqatli va sharafli kurash tarixining o‘chmas sahifasi ham yodlanayapti. Bugungi nurafshon kunlarning qadriga yetib, ertangi kunimizga qat’iy ishonch bilan qarashimiz zarur. Jamiyat taraqqiyoti bosqichi sari yuz tutgan bir paytda milliy g‘oyaga xalqimiz, xususan, o‘sib kelayotgan yoshlar qalbiga singdirish bilan bog‘liq masalalar, bu boradagi keng ko‘lamli ishlar muhim vazifadir.
Bugun O‘zbekistonda erkin fuqarolik jamiyati, dunyoviy davlat barpo etilmoqda. Qurilayotgan jamiyatning tamoyillari, xususiy asoslari ishlab chiqilgan.
O‘zbek xalqi o‘zining butun tarixi davomida, hamma vaqt boshqa xalqlar, millat va din vakillariga hurmat bilan yondoshishni namoyon etib kelgan.
Xotira maydonida “Motamsaro ona” haykali poyiga anvoyi gullar to‘shalgan. Yurtdoshlarimiz o‘tganlar xotirasini yod olmoqda.
Sochlari oq, yuraklari tog‘,
Kulgusida yo‘qdir zarra dog‘.
Nabiralar ko‘rsin sizni omon-sog‘,
Urush ko‘rgan otajonlarim.
Mustaqillik maydoni uzra mayin esgan shamollar qanotida ezgulik, mehr-oqibat hukmron.
Shu mehru oqibatingga, yelkador kelbatingga ko‘z tegmasin elim.
Jamila HAYDAROVA