Davr bizniki, marra bizniki

Yoshlik bu – boy imkoniyatlar davri. Shu sabab bo‘lsa kerak yurtimiz o‘zining ertangi kunini aynan yoshlarda ko‘radi. Davlatimiz jamiki reja-maqsadlarini xalq, avvalo, navqiron avlod vakillarining manfaatlaridan kelib chiqib tuzadi. Vatan kelajagi haqida qayg‘urgan insongina shaxsiy manfaat va halovatidan kechib, el-yurt koriga yaramoqni oliy saodat, deb biladi. Yana bir haqiqat borki, halollikka o‘rgangan yoshlar hamisha marrani yuqori qo‘yib, ezgu amallarga intilib yashaydi.

Ana shunday ehtiyoj sabab bundan o‘n olti yil muqaddam mamlakatimiz nodavlat sektorida “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, deya nomlangan yangi tuzilma paydo bo‘lgan edi. U jamoat tashkiloti maqomida faoliyat yuritishiga qaramay, davlatning yoshlar masalasidagi eng ishonchli maslahatgo‘yi, davlat va yoshlar o‘rtasidagi mustahkam ko‘prikka aylandi. Yoshlarga doir davlat siyosatiga daxldor bironta soha yoki yo‘nalish yo‘qki, Harakatning e’tiboridan chetda qolgan bo‘lsa. Hatto, hukumat darajasida qabul qilinayotgan muhim siyosiy qaror va dasturlarni ishlab chiqishda “Kamolot”ning fikri, pozitsiyasi inobatga olindi. “Kamolot” safida yuzlab yoshlarimiz o‘z iste’dodi va salohiyatini ro‘yobga chiqargani, hayotda, jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lgani haqiqat. Biroq, bunda yutuqlardan ko‘ra xato-kamchiliklar ko‘p bo‘lgani ham rost.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining IV qurultoyida bu boradagi ob’yektiv va sub’yektiv sabablarni aniq misollar, inkor qilib bo‘lmas isbotlar bilan aytarkan, achchiq haqiqat hamisha ko‘zgu bo‘lishiga yana bir bor amin bo‘ldik. Prezidentimiz o‘z vaqtida “Kamolot” jamoat tashkiloti sifatida tuzilgan bo‘lsa-da, lekin undan katta bir vazirlik vazifasi talab qilinganini, unga juda keng va ulkan vazifalar topshirilishi bilan birga, bularni bajarish uchun zarur huquqiy va amaliy vakolatlar, tegishli imkoniyat va imtiyozlar yaratib berilmaganini ta’kidladi. Oqibatda “Kamolot” yoshlar hayoti bilan bog‘liq hamma narsaga javob beradigan va ayni paytda hech narsaga javob bermaydigan, mo‘rt va zaif bir tuzilmaga aylanib qolganini bugun qanchalik og‘ir bo‘lmasin, ta’kidlashimiz kerak”, dedi.

Shuni aytish joizki, qog‘ozda tashkilot a’zolari soni 4 milliondan ziyod qilib ko‘rsatilsa-da, amalda ko‘pchiligi Harakatni bilmaydi, faoliyatiga qiziqmaydi. Qolgan o‘g‘il-qizlarimiz, ayniqsa, uyushmagan, ya’ni hech joyda ishlamaydigan, o‘qimaydigan, tayinli mashg‘ulotga ega bo‘lmagan yoshlar esa, turgan gapki, e’tibordan chetda qolayotgani va ular o‘rtasida jinoyatchilikning ko‘payishi xususida Prezidentimiz kuyunchaklik bilan gapirdi. Bunday adolatsizlikni ko‘rib, ular hayotdan asta-sekin sovib borayotgani, yot g‘oyalarga ergashib, salbiy oqimlarga qo‘shilib ketayotgani ham inkor qilib bo‘lmas haqiqatdir.

Yana o‘qing:  Yo‘l harakati qoidalari HUSHYORLIKKA ChORLAYDI

Savol tug‘iladi: nega yoshlarimiz uchun foydali mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanishda shuncha keng imkoniyatlar yaratilayotgani holda balog‘at bekatidagi ayrim o‘spirinlar o‘z kuchini qabohatga sarflamoqda? Ularda bunchalik shafqatsizlik va tajovuzkorlik qayerdan paydo bo‘lmoqda? Javob oddiy – shunday bo‘z bolalar ko‘nglida nima o‘ylar borligi bilan shu paytgacha na ota-onasi, na yaqinlari, na mahalla-ko‘y va na boshqalar yetarlicha qiziqmagan, ular o‘z holiga tashlab qo‘yilgan. “Kamolot” YOIHning bu borada shu paytgacha aniq mexanizmi, afsuski, yo‘q edi.

Xushhavo maskanlardagi yig‘inlar yo bir xil futbolka kiyib kampaniyabozliklar qilish yoxud stadionlardagi konsertlar bilan barcha yoshlarni buyuk maqsadlar yo‘lida birlashtirishning imkoni bo‘lmadi. Ko‘zguga tik qarab aytilsa, bor haqiqat shu!

Joylardagi mutasaddilarning “Kamolot”chilarga bo‘lgan munosabati, bino va xonalar, texnik jihozlarning yetishmasligi, ishlash uchun elementar sharoitning yo‘qligi sababli qanchadan-qancha xunuk holatlarga duch kelinyapti. Ochig‘ini aytish kerak, Harakatning ayrim mahalliy kengashlari juda nochor ahvolga kelib qolgan. Prezident agar vaziyat o‘zgarmasa yoshlarga Harakatning so‘zi ham amaliy ta’siri ham yetib bormasligini uqtirdi. “Kamolot”chilarni qishloq xo‘jaligi yumushlari, obodonlashtirish ishlari, metallalom yig‘ish, majlisma-majlis yurishlardan xolos etish kerak, dedi Shavkat Mirziyoev. Axir, bunday holatda ular o‘zining vazifasini qachon bajaradi?!

Yuqoridagi mulohazalardan kelib chiqadigan xulosa bitta: endi avvalgiday ishlab bo‘lmaydi! Davr boshqacha – “Kamolot”ga munosabatni ham, tashkilotning o‘zini ham o‘zgartirmoq darkor.

Prezidentimiz Harakat negizida mutlaqo boshqacha prinsip va yondashuvlar asosida ishlaydigan, yoshlarning huquq hamda manfaatlarini himoya qila oladigan, har qanday rasmiyatchilik va kampaniyabozliklardan xoli, haqiqiy demokratik tashkilot – O‘zbekiston yoshlar ittifoqini tuzish va 30 iyunni mamlakatimizda Yoshlar kuni sifatida nishonlashni taklif etdi.

Biroq ayni chog‘da gap faqat nomni o‘zgartirish haqida ketayotgani yo‘q. O‘zbekiston yoshlar ittifoqi mohiyatan yangi tashkilotga aylanmog‘i darkor. Davlatimiz rahbari yoshlar qalbiga yo‘l topish, ular bilan doimiy muloqot qilish davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishi ekanini yana bir bor eslatib, “Barcha katta-kichik rahbarlar qulog‘iga qo‘rg‘oshindek quyib olsin: biz endi sizlarning faoliyatingizga paxta yoki g‘allaga qarab emas, eng avvalo, sizlarning yoshlarga, yoshlarga oid davlat siyosatiga bo‘lgan munosabatingizga qarab baho beramiz”, deb ta’kidladi.

Yana o‘qing:  Hunar – zar, hunarmand – zargar

E’tiborli jihati, O‘zbekiston yoshlar ittifoqining rahbarlariga katta maqom va vakolat berildi. Tashkilot rahbari ayni vaqtda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar siyosati bo‘yicha davlat maslahatchisi lavozimida faoliyat olib boradi, Prezident farmoniga binoan Oliy Majlis Senati a’zosi etib tayinlanadi. Tashkilotning Qoraqalpog‘istondagi kengashi raisi Respublika Jo‘qorg‘i Kengesi raisining, viloyat, tuman va shahar bo‘linmalarining rahbarlari tegishli hokimlarning yoshlar siyosati bo‘yicha maslahatchilari etib tayinlanadi.

Prezidentimiz qurultoyda Yoshlar tadbirkorligi va fermerlikni qo‘llab-quvvatlash markazi, Yoshlar tashabbuslari markazi kabi tuzilmalar faoliyatini jonlantirish, ularga yangi mazmun va ruh bag‘ishlash kerakligini, ta’lim tizimida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi bo‘limlarini tashkil etishni ta’kidladi. Bunda Yosh olimlar uyushmasi, Yoshlarga ijtimoiy-psixologik yordam ko‘rsatish markazi, Yoshlar turizmi uyushmasi, Sport klublari va fitnes markazlari uyushmasi, Imkoniyati cheklangan yoshlar uyushmasi va boshqa tashkilotlar ham tuzish g‘oyalarini ilgari surib, bu tuzilmalarni qanday nomlash, ularning vazifalarini belgilash bo‘yicha fikrlashib, bir qarorga kelishni, avvalo, yoshlarning e’tiboriga havola qildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining IV qurultoyi delegatlari, yoshlarimiz forum taassurotlarini bayon qilar ekan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tashkil etilgan kun – 30 iyun sanasini mamlakatimizda Yoshlar kuni deb e’lon qilish, yigitlar uchun “Mard o‘g‘lonlar” Davlat mukofotini ta’sis etish, kursantlar maktablariga “Temurbeklar maktabi” deb nom berish, Yoshlar ittifoqining faol a’zosi bo‘lgan talabalarga a’lo baholari uchun (86 ball va undan yuqori) ta’lim bo‘yicha shartnoma to‘lovi miqdorining 35-40 foizini tashkilot hisobidan to‘lash, tizimda 3-5 yil va undan ko‘proq faol ishlab kelayotgan xodimlarni uy-joy bilan ta’minlash borasidagi taklif va tashabbuslarini qizg‘in qo‘llab-quvvatlamoqda. Shu bilan birga bu borada o‘z fikr-mulohazalari va takliflarini ham bayon qilmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev yoshlarning dadil qadamlarini, ezgu tashabbus va intilishlarini doimo qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekaniga “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining IV qurultoyida barchamiz guvoh bo‘ldik: forum jarayonida yoshlar yetakchilariga yordam berish o‘rniga ularga qo‘pol munosabatda bo‘lgan ayrim rahbarlar ishdan olindi, mamlakatimiz yoshlari vakillarining ko‘z o‘ngida ular orasidan eng faol bo‘lgan ikki yigit – Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti magistranti Olim To‘ychiyev O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligi bosh direktorining o‘rinbosari, “Result” o‘quv markazi rahbari Alisher Sa’dullayev O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari etib tayinlandi.

Yana o‘qing:  Bola qanday qilib vunderkindga aylanadi?

Ilyos SAFAROV,

O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi a’zosi,

“Kamolot” stipendiyasi sovrindori

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: