Insultdan so‘ng otda yurish organizmning tez tiklanishiga yordam beradi
Shvetsiya va Avstraliyalik tadqiqotchilarning xabar berishicha, otda sayr qilish insultni boshdan o‘tkazgan kishilarning ahvoli yaxshilanishiga yordam beradi. Bundan tashqari ot minish hatto 5 yil oldin insultga yo‘liqqan kishilar uchun ham foydali. Otda yurish muvozanatni saqlash, qadam tashlash va aqliy funksiyalarga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Tadqiqotda 10 oy – 5 yil oldin insultni boshdan kechirgan 123 nafar shvetsiyalik ishtirok etdi. Ular uch guruhga bo‘lindi. Birinchi guruh qatnashchilari 12 hafta davomida haftasiga ikki martadan otda sayr qildi, ikkinchi guruh musiqali terapiyaga bordi, uchinchi guruhga esa oddiy g‘amxo‘rlik ko‘rsatildi.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, birinchi guruh ishtirokchilarida muvozanatni saqlash, qadam tashlash va aqliy funksiyalar darajasi 10 foizga o‘sdi, uchinchi guruhda esa, aksincha 0,5 foizga kamayish kuzatildi. Birinchi guruhdagilarning 56 foizida ijobiy ta’sir kamida 6 oy davomida saqlanib qoldi. Yuqorida ko‘rsatilgan funksiyalar darajasi ikkinchi guruh ishtirokchilarida 5 foizga oshdi, ijobiy ta’sir esa ularning 43 foizida yarim yilgacha saqlanib turdi.
Mirjalol Madvaliyev tayyorladi.