El e’zozi – aziz
Xotira va qadr… Naqadar zalvorli, muqaddas so‘zlar. Uning zamirida o‘tganlar yodi, atrofdagilarning bir-biriga e’tibori mujassam. Kattalarga hurmat, kichiklarga izzatda bo‘lish, insonlarni tirikligida e’zozlash kabi xislatlar odamiylikning belgisidir.
Toshkent shahri Mirobod tumanida joylashgan 110-umumta’lim maktabi pedagog jamoasi ana shunday ezgu xislatlarni kelgusi avlod ongiga singdirish, ularni chuqur bilimli, jismonan va ma’nan sog‘lom bo‘lib voyaga yetishlari yo‘lida ko‘lamdor ishlarni amalga oshirmoqdalar.
9 may – Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbir ham ana shunday ezgu maqsad yo‘lidagi sa’y-harakatlardan biri bo‘ldi. Tumandagi Sharof Rashidov, Afrosiyob mahallalarida istiqomat qilayotgan urush va mehnat faxriylari tadbir mehmoni bo‘lishdi.
Maktab direktori Gulnora Yusupova xotira va qadrlash xalqimizning azaliy qadriyatlaridan biri ekanini ta’kidlab, yig‘ilganlarni o‘quvchilar tomonidan tayyorlangan bayram dasturiga taklif etdi.
O‘quvchilar tomonidan namoyish etilgan sahna ko‘rinishi, Vatanni, ota-onani qadrlash, do‘stlikni ulug‘lash kabi mavzularga bag‘ishlangan she’r va qo‘shiqlar mehmonlarga xush kayfiyat bag‘ishladi.
Shuningdek, o‘quvchilar Ikkinchi Jahon urushi faxriysi Anna Kuzmina va mehnat fahriysi Hafiza Abdullayeva kabi 11 nafar keksalarning xonadonlariga borib bayram bilan qutlab, ularning ko‘nglini shod etib qaytishdi.
Ikkinchi Jahon urushi fahriysi Talgat Absalyamov, hozir 89 yoshda. 18 yoshida jangga kirgan ushbu otaxon urushdan keyin gaz quvurlarni o‘rnatish yo‘nalishida uzoq yillar faoliyat olib borgan. Davlatimiz tomonidan uning mehnatlari e’tiborga olinib, «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan quruvchi» unvoni bilan taqdirlangan. U yoshlarga qarata bugungi baxtli, tinch zamonning qadriga yetishlari va faqat a’lo baholarga o‘qib, kelajakda shu yurt, shu el ravnaqi uchun kerakli mutaxassislar bo‘lib yetishishlarini tiladi. Zero, kelajak yoshlar qo‘lida, mamlakatimiz rivoji uchun esa keng mushohadali, sog‘lom fikrli, mastahkam e’tiqodli yigit-qizlar kerak, – deya ta’kidladi.
Anna Kuzmina bugungi kunda keksalik gashtini surmoqda. U ham «Farzandlarimiz hech qachon urush nimaligini bilmasinlar! Yurt osoyishtaligi, farovonligi bardavom bo‘lsin»,– deya tilak bildirdi.
Mehnat fahriysi Kira Muhammedjanova 110-maktabda uzoq yillar o‘quvchilarga fizika fanidan ta’lim bergan. “O‘zbekiston xalq o‘qituvchisi” unvoniga sazovor bo‘lgan muallim shunday deydi:
– Maktab men uchun nihoyatda aziz dargoh. Bugun qayga bormay, shogirdlarimni uchrataman. Ular orasida pedagoglik kasbini ulug‘layotganlari ham bor. Men ular bilan faxrlanaman. Bugungi e’zoz uchun maktabimiz jamoasiga samimiy tashakkurimni bildiraman. Zero, biz kabi keksalar uchun el e’zozidan kuchli e’tibor yo‘q.
Tadbir so‘nggida o‘quvchilar mehmonlarga o‘z qo‘llari bilan tayyorlagan esdalik sovg‘alari va gullar taqdim etdilar.
Saida Jabborova