Inson ekotizimni qanday o‘zgartirmoqda?
Insonni vayronkorligi bo‘yicha meteoritga qiyoslash mumkinmi? Biz kelishimiz bilan Yerning geologik tizimi qanday o‘zgardi? Eng muhimi, sivilizatsiyamiz qoldiqlarini qazib o‘granadigan uzoq avlodlarimiz biz haqimizda qanday xulosaga keladi? Amerikalik sotsiobiolog Edvard Uilson “Yerning kelajagi. Hayot uchun kurashayotgan sayyoramiz” nomli asarida yuqoridagi kabi savollarga javob berishga urinadi, deb yozadi “Nauka”.
65 million yil avval Yukatan yarim oroli sohiliga hozirgi Chiksulub shaharchasi hududidagi 20 kilometr kenglikka soatiga 20 kilometr tezlik bilan harakatlanayotgan asteroid quladi. Sayyora ulkan qo‘ng‘iroq kabi mazkur zarba oqibatida tebranib ketdi. Portlash oqibatida diametri 180 kilometr, chuqurligi o‘n kilometr bo‘lgan krater vujudga keldi. Uning ketidan vulqonlar, zilzila, kislotali yomg‘irlar va okeanning ulkan to‘lqini vujudga keldi. Osmonga ko‘tarilgan kul bulutlari fotosintez jarayonini sekinlashtirib yubordi va quyosh yorug‘ligi yo‘lini to‘sib qo‘ydi. Tun uzaygan davrda kataklizmni boshdan kechirgan o‘simlik dunyosining katta qismi halok bo‘ldi. Halokatli tun qatlami ostida havo harorati keskin tushib ketdi va sayyorani qish qamrab oldi. Tirik organizmlarning 70 foizi, jumladan, dinozavrlarning oxirgi turlari ham qirilib ketdi.
Shunday qilib sudralib yuruvchilar davri — mezozoy erasi tugab, sutemizuvchilar davri — kaynozoy erasi boshlandi. Biz kaynozoy erasining eng oliy, ehtimol oxirgi asarimiz. Geologlar kaynozoy erasini yettita geologik davrga bo‘ladi. Ulardan har biri o‘ziga xos yashash muhiti va ularda tarqalgan o‘sinlik va hayvonot olami turlari bilan xarakterlanadi. Yangi era boshlanishi paleotsen, undan keyin eotsen, oligotsen, miotsen va pliotsen davrlari bir-birning o‘rnini egalladi. Biz yashayotgan davr geologlar tomonidan golotsen deb nomlangan. U 11700 yil avval oxirgi qit’a muzliklari chekina boshlagandan so‘ng boshlanib, ancha yumshoq iqlim sharoitlarini olib keldi. Qisqa davr ichida juda ko‘p turlar vujudga keldi.
Shuningdek, golotsen davrida Yer yuzining yashash uchun yaroqli barcha yuzasi bo‘ylab odamlar joylasha boshladi. Hayotning barcha uch bosqichi vayronkorlik kuchi bo‘yicha Chiksulubdagi zarba bilan qiyoslash mumkin bo‘lgan yangi tahdidga yuzma-yuz bo‘ldi. O‘shanda ham, hozir ham birinchi bosqichni ekotizimlar (masalan, marjon qoyalar, o‘rmon va daryolar), ikkinchi bosqich — ekotizimlar tirik qismini tashkil etuvchi turlar (marjon qoyalar, eman, baliqlar turlari), uchinchisi esa — har bir tirik organizmning o‘ziga xos jihatlarini belgilab beruvchi genlar tashkil qilgan.
Geologik vaqt nuqtai nazaridan ommaviy qirilib ketish o‘ziga xos hodisa emas. Ular bir-biridan ko‘lami va sur’ati bilan farqlanib, hayotga uning butun tarixi davomida hamrohlik qiladi. Umuman olganda, haqiqiy halokatli hodisalar taxminan 100 million yilda bir marta yuz beradi. Biz ana shunday vayronkor jarayonning maksimal faolligi kuzatilgan beshta davr haqidagi ma’lumotlarga egamiz. Ularning har biridan so‘ng Yer o‘zini o‘nglab olishi uchun taxminan o‘n million yil kerak bo‘lgan.
Ko‘pchilik mualliflarning fikricha, golotsen tugaganligini qayd etish va yangi geologik davr boshlanganligi haqida e’lon qilish uchun Yer yetarlicha o‘zgarishlarni boshdan kechirgan. Yangi davr nomlanishlari orasida “antropotsen” – inson davri termini ko‘proq uchraydi. Bu nomlanishning ishonarli mantiqiy asosi mavjud.
Buni yaqqol tasavvur qilish uchun quyidagi xayoliy tajribani o‘tkazib ko‘ramiz. Uzoq kelajakda geologlar guruhi qadimiy qoldiqlarni o‘rgana turib, tariximizning oxirgi mingyilligiga taalluqli qatlamga yetib kelganligini tasavvur qiling. Ular iqlim o‘zgarishlarining fizik va kimyoviy izlarini aniqlaydi. Odamlar paydo bo‘lguniga qadar mavjud bo‘lgan o‘simlik va hayvonot olamini egallagan madaniy o‘simliklar va xonakilashtirilgan hayvonlarning ko‘p sonli tosh qotgan qoldiqlarini topadi. Ular mashinalar va qirg‘in qurollarining ulkan zaxirasini topadi.
“Antropotsen davrida texnologiya sohasidagi jadal rivojlanish, afsuski, insoniyat tabiatining eng yomon manzaralari uchun xizmat qilgan. U odamlar va barcha tirik mavjudotlar uchun eng dahshatli davr bo‘lgan”, – xulosa qiladi uzoq kelajak geologlari.