Oramizdan oqqan daryo

…Kasalxonaga yoki shifokorning huzuriga borgan bemor ko‘proq nimadan tashvishlanishi to‘g‘risida hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Birinchidan, u joniga azob berayotgan darddan tezroq qutilishni o‘ylaydi. Qolaversa, davolashga kirishgan shifokorni malakasi, bilimi, insof va diyonati haqida turlicha o‘y-fikrlarga boradi.

Hech qanday mubolag‘asiz aytadigan bo‘lsam, Samarqand viloyati, Ishtixon tumanida yashayotgan aholining 85-90 foizi betob bo‘lib qolsa, dastlab, malakali jarroh, xushmuomala inson Shirinboy Hasanovni xayolidan o‘tkazishi aniq. Chunki, Shirinboy aka qanday ishni boshlasa ham o‘zini o‘ta ehtiyotkor tutadi. Eng qaltis vaziyatlarda ham yaxshi natijadan umidini uzmaydi. Yaxshi gap, shirinso‘zlik bilan bemorlarning ruhiy holatini me’yoriga keltiradi. Qolgani esa qiyin emas.

2014 yil yanvar oyidan tobim qochib, men ham malakali jarroh Shirinboy Hasanovni izlab keldim. Aslida biz Shirinboy aka bilan xuddi aka-ukadek tanishmiz. Ammo ko‘rishmaganimizga ehtimol, o‘n yildan ham oshgandir. Hayot shunday ekan, nachora.

– Aka, bu dard qaydan keldi, bilmayman, rosa jonimga tegdi, – dedim umidvor ko‘yda.

Hasanov stol ustida turgan tibbiy uskuna yordamida qon bosimim hamda yuragimning urishini yetti-sakkiz marta tekshirib ko‘rdi. So‘ngra bilagimdan ushlab bosh barmog‘i bilan tomirimni bosdi-da, sanadi. Daftariga nimanidir yozib qo‘ydi. Nafasini rostlagach, tushdan keyin yana bir marta kelsangiz yaxshi bo‘lardi, dedi. Aytilgan paytga yetib keldim. Ertalabgidek, yana qayta-qayta tekshirdi. Yana daftariga nimlarnidir qayd qildi. Endi do‘stim, bir ilojini topib ertaga ertalab yana kelasiz, so‘nggi nuqtani qo‘yamiz, dedi. Ertasiga ertalab meni Shirinboy Hasanovning xususiy shifoxonasi yonida boshqa bir shifokor kutib olib, tuman markaziy shifoxonasining terapiya bo‘limiga boshlab ketdi. U kishi ham besh-olti marta tekshirib ko‘rgach, miyig‘ida kulib, qon bosimingiz 120/80, yurak urishingiz naqd 80 ta, bu inson uchun juda yaxshi natija, siz soppa-sog‘siz dedi. Keyin ikkalamiz birga yana Shirinboy Hasanovga uchradik. Meni tekshirib ko‘rgan shifokor qo‘lidagi qog‘ozchani Shirinboy akaga uzatar ekan, hammasi yaxshi ekanligini ta’kidlab, xonadan chiqib ketdi. Hasanov bilan yolg‘iz qoldik. U kishi kutilmaganda “Siz bilan oramizdan hech qanday gap-so‘z o‘tmaganmi, men eslolmayapman” – dedi.

– Nega so‘rayapsiz, do‘xtir, degan ma’noda u kishiga qaradim.

Yana o‘qing:  Illatlar ildiz otsa, dunyo zalolatga botadi

– Mening oldimda qattiq hayajonlanayapsiz yoki mendan qo‘rqayapsiz. Shuning uchun yuragingizda biroz qaltirash, tomirlaringizda bilinar-bilinmas titrash yuz bermoqda. Yigirma martadan ortiq tekshirdim, baribir shu holat takrorlanmoqda. Boshqa shifokor tekshirganda esa qaltirash va titrash holati sezilmagan, – deya yotig‘i bilan tushuntirdi.

Men esladim, yanglishmasam, bundan yigirma yilcha oldin tibbiy sohaga oid maqola yozish maqsadida tumanga kelganimda, markaziy shifoxonaning jonlantirish bo‘limi boshlig‘i Erkin Do‘stmurodov jarroh Shirinboy Hasanovning operatsiya xonasiga olib kirgan edi. Jarrohlik stolidagi narkoz ta’sirida hushsiz yotgan bemor ayol kishining yoshi taxminan 40-42 yoshlarda bo‘lib, uni shifokorlar o‘rab olishdi. Jarroh Shirinboy Hasanov ehtiyotkorlik bilan ishga kirishdi. Bemorning qorin bo‘shlig‘idan sal yuqorirog‘ini belgilab, yuvdi, ukol qildi. So‘ngra o‘tkir tig‘ bilan ishga kirishdi. Orada yana surgi dori va ukollardan foydalandi. Ikki-uch daqiqa o‘tib, bemorning qovurg‘alari ostidan taxminan 15-16 santimetr uzunlikda me’daga qaragan yoriq paydo bo‘ldi. Xuddi shu vaziyatda men biroz seskandim, vujudimni qo‘rquv bosdi. Shu-shu Shirinboy akani ko‘rsam, ushbu jarayon ko‘z oldimga keladi. Hayajonlanaman. Vahima bosadi.

Xuddi shu holatni Shirinboy akaning o‘ziga so‘zlab berdim.

– Tushundim, – dedi Hasanov. Hammasini tushundim. Siz ushbu holatni unutolmayapsiz. Unutish ham oson emas. Sizni davolash ancha qiyin kechadi-yov…

Xullas, bir haftacha davolandim. Bu vaqt mobaynida Shirinboy aka men yotgan palataga bir marta ham kirmadi. Hattoki, shifoxona atrofida ham uchrashmadik. Hamshiralardan so‘rasam, hammasi jim. Shu atrofda yurgan bo‘lsa kerak, degan gapdan nariga o‘tmaydi.

Kasalxonadan chiqdim. Ruhan va jismonan ancha yengillashib, qizg‘in hayotga kirishib ketdim. Oradan uch-to‘rt kun o‘tgach, Hasanov telefon qilib, shifoxonasiga bir bor kelib-ketishimni so‘radi. Bu gal ko‘chada uchrashdik. Sog‘lig‘im bilan jiddiy qiziqdi.

– Meni to‘g‘ri tushuning. Agarda har kuni sizning oldingizga kirib turganimda ruhiyatingizdagi qo‘rquv alomatlarini qayta uyg‘otib yuborar edim. Shuning uchun sog‘lig‘ingizning tiklanishini chetdan nazorat qilib turishga majbur bo‘ldim, – dedi.

O‘shanda jarrohning tutgan yo‘liga qoyil qoldim. Shu bilan u kishining boshqa hamkasblaridan yana bir farqli jihatini anglab yetdim.

Bundan 15 yilcha ilgari shifoxonaga me’dasidan qon ketayotgan og‘ir ahvoldagi bemor keltirildi. Operatsiya qilish uchun tuman Tibbiyot birlashmasining imkoniyati talabga javob bermaydi. Bemorning ahvoli esa soat sayin yomonlashmoqda. Hech kim jarrohlik qilishni bo‘yniga olmaydi. Shirinboy aka chidab turolmadi. Mas’uliyatni bo‘yniga olib, bemorni operatsiya stoliga yotqizdi va ishni qoyilmaqom tarzda oxiriga yetkazdi. Oradan bir kun o‘tib tumanimizga Sog‘liqni saqlash vaziri shaxsan tashrif buyurib, birlashmamiz holati bilan tanishdi. Qishloq sharoitida bunday qaltis jarrohlik amaliyotini o‘tkazib, bemorga qayta umid bag‘ishlagan Shirinboy akaga chin dildan minnatdorligini bildirdi…

Yana o‘qing:  OILA MUSTAHKAMLIGI – YURT FAROVONLIGI

…Yoz fasli boshlanishi bilan qishlog‘imizga keldim. Ertasi kuni ertalab qishloq vrachlik punkti xodimlaridan sovuq xabar eshitdim – malakali shifokor, qo‘li yengil jarroh Shirinboy Hasanov 65 yoshida to‘satdan vafot etibdi…

Marhumning janozasiga kelish nasib qilmagan bo‘lsa-da, do‘stlarim bilan xonadoniga o‘tdik. Hovlisi, uning atrofi, yaqin oradagi yo‘llar ta’ziyaga kelganlar bilan “liq” to‘la. Hammasi Hasanovni eslayapti, u kishi haqida yaxshi so‘zlar aytmoqda.

…Bu besh kunlik dunyoga odamlar mehmon kabi kelib, ketaveradi. Ko‘p qatori marhum jarroh Shirinboy Hasanovdan oilasi, do‘stlari, kasbdoshlari hamda xalqimiz uchun bitmas-tuganmas boylik – yuzlab shogirdlar, tibbiy soha rivoji bilan bog‘liq ilmiy-amaliy izlanishlarning yuksak samarasi o‘laroq katta tajriba, o‘git, insof va diyonat, javonida to‘lib-toshib yotgan behisob kitob-daftarlar qoldi. “Sog‘liqni saqlash a’lochisi” degan faxrli nom, “Mehnat shuhrati” ordeni, “Mustaqillikning 20 yilligi” ko‘krak nishoni, shuningdek, shifokorning qo‘lidan shifo topgan ming-minglab zamondoshlarimizning duolari bizga Shirinboy Hasanovning dunyoga kelib, chaqmoqdek yashab o‘tganligini eslatib turadi.

Normurod MUSAMOV,

jurnalist

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: