Shavkat Mirziyoev: “Yoshlar nashriyot uyi”ni tashkil etish vaqti keldi

Yoshlar hayoti, o‘y-kechinmalari, orzu-niyatlari, eng muhimi, ularni qiynayotgan masalalar, afsuski, radio va televideniye, gazeta va jurnallarda o‘z ifodasini to‘liq topmayapti. Davlatimiz rahbari «Kamolot» IV qurultoyida shunday fikr bildirdi.

«Go‘yoki hamma narsa joyida, olam guliston. Agar hammasi joyida bo‘lsa, to‘g‘ri yo‘ldan adashgan yoshlar, jinoyatchilik, ishsizlik qayerdan paydo bo‘lyapti? Nega yoshlarga oid davlat siyosatiga loqayd munosabatda bo‘layotgan amaldorlar haqida ommaviy axborot vositalari, avvalo, yoshlar matbuoti churq etmaydi?

Masalan, “Kamolot” radiosini, “Kamolot”ning Internet saytini oladigan bo‘lsak, ularda o‘tkazilgan yuzaki tadbirlar, yengil-elpi qo‘shiqlar, o‘zini o‘zi maqtash, chiroyli qiyofalardan boshqa narsani deyarli ko‘rmaymiz.

“Yoshlar” teleradiokanali ham o‘z imkoniyatlaridan samarali foydalana olmayapti. Shu munosabat bilan ushbu kanal faoliyatini kuchaytirish, uning 50 foiz aksiyasi O‘zbekiston yoshlar ittifoqiga tegishli bo‘lishi, uning direktori mazkur tashkilot Markaziy kengashi tomonidan lavozimga tasdiqlanishi bo‘yicha Bosh vazir A.Aripov, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi X.Mirzohidov, adliya vaziri M.Ikromovga bir oy muddatda tegishli taklif tayyorlash vazifasi topshiriladi», — dedi Shavkat Mirziyoev.

«Hozirgi vaqtda yoshlarga mo‘ljallangan “Turkiston” gazetasi 9 500 nusxada, “Molodyoj Uzbekistana” gazetasi 2 800, “Yosh kuch” jurnali 3 000 nusxada chop etilayotganini qoniqarli baholash mumkinmi? Mamlakatimizda 10 milliondan ortiq yoshlar mavjud bo‘lgani holda, bu raqamlar biz uchun uyat emasmi?

Misol uchun, “Turkiston” gazetasiga Farg‘ona viloyatida 225 ta, Surxondaryo viloyatida 134 ta, Samarqand viloyatida 54 ta, Sirdaryo viloyatida esa bor-yo‘g‘i 40 ta obuna bo‘lganini, aytinglar, qanday izohlash mumkin?

Holbuki, respublikamizdagi barcha vazirlik va idoralar, yirik kompaniyalar xodimlarining aksariyatini yoshlar tashkil etadi. Lekin ana shu tashkilotlarda yoshlar nashrlariga obuna masalasi qanday?

Qani, “O‘zbekneftgaz” kompaniyasi raisi A.Sultonov, siz bu savolga qanday javob berasiz? Siz o‘z tizimingizdagi yoshlar qanday matbuot nashrlariga obuna bo‘lgani, qanday kitoblarni o‘qiyotgani, umuman, ularning ma’naviy saviyasi, dunyoqarashi bilan hech qiziqib ko‘rganmisiz?

Janob A.Sultonovga bergan bu savolimni men boshqa ko‘p rahbarlarga ham berishim mumkin va aminmanki, javob mana shunday qoniqarsiz bo‘lishi aniq.

O‘zingiz o‘ylang, aziz do‘stlar, yoshlarimiz o‘zimizning gazeta-jurnallarimizni o‘qimasa, o‘z milliy adabiyotimiz va san’atimizni bilmasa, ular qanday qilib vatanparvar bo‘ladi? Ularning ongu tafakkuri, dunyoqarashi nima hisobidan shakllanadi?

Yana o‘qing:  Yoshlar ish bilan ta’minlandi

Bundan kelib chiqadigan xulosa shuki, katta-kichik rahbarlarning barchasi bu masala bo‘yicha shaxsan mas’ul ekanini unutishga hech qanday haqqi yo‘q.

Ayni vaqtda yoshlar auditoriyasiga ixtisoslashgan ommaviy axborot vositalari ham o‘z faoliyatini tubdan o‘zgartirishi lozim.

Avvalo, quruq rasmiy gaplardan qochish, tanqidiy tahlil, kreativ yondashuv, bugungi hayotni butun ko‘lami, mazmuni, kerak bo‘lsa, murakkabligi bilan yoritishda jurnalistlarimiz faollik ko‘rsatishi kerak. Shu ma’noda, yangi tashkil etilgan Xalqaro press-klubga o‘xshab, O‘zbekiston yoshlar ittifoqining ham o‘z matbuot klubini ochish foydadan xoli bo‘lmaydi.

O‘tkir va dolzarb muammolarni sizlar aytmasangiz, baribir xalqning o‘zi aytadi. Axir, sizlarning vazifangiz hayotdan bir qadam oldinda yurish emasmi?

Biz uchun eng muhim bo‘lgan yana bir masala – bu yosh qizlar tarbiyasi bilan bog‘liq. Shu munosabat bilan Bosh vazir o‘rinbosari T.Norboyevaga murojaat qilmoqchiman: siz boshchilik qilayotgan Xotin-qizlar qo‘mitasi faqat “Zulfiyachi qizlar” bilan cheklanib qolmasdan, yurtimizdagi barcha qizlar bilan faol ish olib borishi lozim.

Ayniqsa, qizlarimizning huquq va manfaatlarini himoya qilish, iste’dod va qobiliyatini yuzaga chiqarish, ular orasida haqiqiy yetakchilarni tarbiyalash ishlarini yanada kuchaytirish kerak. Shu borada men qizlarimiz uchun alohida bir nashr – mayli, uning nomi “Qizlarjon” bo‘ladimi, “Dugonalar” bo‘ladimi, yangi jurnal tashkil qilishni taklif etaman.

Hozirgi kunda mamlakatimizda kitobxonlik saviyasini oshirish, mutolaa madaniyatini yuksaltirishga katta ahamiyat berilayotgani sizlarga ma’lum. Lekin, ko‘plab bolalarimiz kitobdan uzoqlashib, ko‘p vaqtini ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazayotgani – bu ham bor gap.

Albatta, biz Internet va boshqa zamonaviy axborot manbalarining o‘rni va ahamiyatini inkor etmaymiz. Bugungi hayotimizni Internetsiz tasavvur qilishning o‘zi qiyin.

Shuni hisobga olgan holda, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Internet tizimi orqali ma’naviy targ‘ibot ishlarini, jumladan, elektron kitobxonlikni kuchaytirishi zarur.

Nega deganda, biz farzandlarimizning ongi, dunyoqarashi asrlar davomida sinovdan o‘tgan, yuksak ma’naviyat xazinasi bo‘lgan jahon va milliy adabiyotimiz asosida emas, balki qandaydir shubhali, zararli axborotlar asosida shakllanishiga beparvo qarab turolmaymiz.

Aholimiz, eng avvalo,yoshlar o‘rtasida kitobxonlik saviyasini oshirish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida har yili “Eng kitobxon maktab”, “Eng kitobxon mahalla”, “Eng kitobxon oila” kabi yo‘nalishlarda tanlovlar o‘tkazish, yakuniy bosqich g‘oliblarini taqdirlash uchun qimmatbaho sovg‘alar, jumladan, yurtimizda ishlab chiqarilgan avtomobillarni mukofot tariqasida berish, o‘ylaymanki, bu juda katta rag‘bat bo‘ladi.

Yana o‘qing:  Sportga oshno yoshlar

Bosh vazir A.Aripov va Davlat maslahatchisi X.Sultonovga shu masala bo‘yicha bir oy muddatda taklif kiritish vazifasi topshiriladi.

Shuningdek, “Kitob olami” do‘konlari tarmog‘ini O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tasarrufiga berish hamda yosh ijodkorlarning kitoblari hamda “Turkiston”, “Molodej Uzbekistana” gazetalari, “Yosh kuch” jurnallarini chop etish uchun “Yoshlar nashriyot uyi”ni tashkil etish vaqti keldi, deb o‘ylayman.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston yoshlar ittifoqiga umumta’lim muassasalari kutubxonalarini 10 milliard so‘m mablag‘ hisobidan badiiy adabiyotlar bilan ta’minlash imkonini yaratib berish lozim. Tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda u har yili umumta’lim muassasalari kutubxonalarining talabini o‘rganib, badiiy adabiyotlarni xarid qilish ishlarini tashkil etishi darkor.

Shu borada yana bir muhim loyiha – 2020 yil 1 dekabrgacha har bir tuman va shaharda O‘zbekiston yoshlar ittifoqiga qarashli, barcha qulayliklarga ega bo‘lgan kutubxona va kitob do‘konini ham o‘z ichiga olgan kichik Yoshlar markazlarini barpo etish loyihasini amalga oshiramiz.

Kelgusida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahridagi har bir tumanda bittadan kollej binosini O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tasarrufiga berish lozim. Bu binolar faqat tashkilotning boshqaruv idorasi bo‘lib qolmasdan, ularda yoshlar ishtirokida turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, fan va kasb-hunar to‘garaklari, sport musobaqalari, adabiy kecha va mushoiralar, badiiy va hunarmandlik ko‘rgazmalari o‘tkazishni albatta yo‘lga qo‘yish kerak», — deya ta’kidladi Prezident.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: