Sport va OAV: muhim uyg‘unlik
Sport – jismoniy madaniyatning tarkibiy qismi bo‘lib, jismoniy tarbiya vositasi va usulidir. Bu – yo‘nalishlar bo‘yicha musobaqalarni tashkil etish, tayyorlash va o‘tkazish tizimi hisoblanadi. Kishilar sog‘lig‘ini mustahkamlash, uning umumiy jismoniy rivojlanishiga ko‘maklashish va shu orqali muvaffaqiyatlarga erishish sportning bosh maqsadidir.
Sport jurnalistikasi sportchilar va sport voqealari haqida yozish demakdir. Bu soha rivojlanib borar ekan, unga ixtisoslashgan jurnalistika ham taraqqiyotdan to‘xtamaydi.
Mamlakatimiz sporti milliy madaniyatimizning bir qismi hisoblanadi. U xalqni yuksak axloqiy ruhda tarbiyalashda va salomatligini mustahkamlashda muhim vositalardan biridir. Yurtimizda yashovchi xalqlar asrlar davomida xilma-xil jismoniy mashqlar va milliy musobaqalar turini yaratdiki, bu o‘z navbatida yoshlarning jismoniy va ma’naviy tarbiyasiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Prezidentimizning «O‘zbekiston Respublikasi Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida»gi Farmoni, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «O‘quvchi va talaba yoshlarni sportga jalb qilishga qaratilgan uzluksiz sport musobaqalari tizimini tashkil etish to‘g‘risida»gi Qarori mamlakatimizda sportning yanada rivoj topishi uchun puxta zamin hozirladi.
2003 yil 4 noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Ommaviy sport targ‘ibotini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Qaroriga binoan «Sport» telekanali tashkil etildi. Shu yili 1 yanvarda efir vaqti 6 soat, aprel oyidan esa 8 soatga uzaytirildi.
2006 yil O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi shakllangandan so‘ng «Sport» telekanali «Sport» DUK shaklida qayta tuzildi hamda uning tarkibiga «Mash’al» radiokanali ham kiritildi. 2010 yil 1 sentyabrdan boshlab, «Sport» telekanali uzluksiz efir tizimiga o‘tdi.
«Mash’al» radiokanalining avvalgi auditoriyasi 30 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan bo‘lsa, «Sport» kanali bilan birlashgandan so‘ng 15 yoshgacha bo‘lgan auditoriyaga mo‘ljallangan dasturlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi.
O‘zbekistonda jismoniy tarbiya va sportni qo‘llab-quvvatlash hamda rivojlantirishga, mamlakatimiz va chet eldagi sport tadbirlarini, respublikamiz sportchilarining yutuqlarini yoritishga yo‘naltirilgan teleradio ko‘rsatuv va radioeshittirishlarni tayyorlash, sog‘lom turmush tarzini keng ommalashtirish, bolalar va oilaviy sportni ommaviy tarzda rivojlantirish, jamiyatdagi barcha ijtimoiy guruhlarning ehtiyojlarini qondirgan holda dam olishning faol va ijtimoiy foydali shakllarini tashkil etish, milliy sport turlari va xalq o‘yinlarini qayta tiklash va rivojlantirishga bag‘ishlangan tele va radiodasturlarni tayyorlash kabi masalalar «Sport» teleradiokanalining asosiy vazifasiga aylandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «2011-2013 yillarda Respublikada futbolning moddiy-texnik bazasining yanada mustahkamlash va uni rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Qaroriga binoan ommaviy axborot vositalarini ommaviylashtirish, 2011 — 2013 yillar mobaynida oliy liga futbol klublari stadionlarida radio va telesharhlovchilar uchun zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalari bilan jihozlangan maxsus xonalar tashkil etish, futbol o‘yinlarining televideniye va internet tarmog‘i orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri uzatilishini ta’minlash, sport internet-jurnalistikasini qo‘llab-quvvatlash, Vatanimiz futbolini targ‘ib qilishga ixtisoslashayotgan mavjud va yangidan ochilayotgan veb-saytlarni moddiy rag‘batlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi O‘zbekiston Futbol federatsiyasi bilan birgalikda respublikaning ixtisoslashgan oliy ta’lim muassasalarining hamda Toshkent Axborot texnologiyalari universitetining tegishli fakultetlari negizida sport, shu jumladan, futbol sohasiga ixtisoslashtirilgan professional jurnalistlar, sharhlovchilar, rejissyorlar va teleoperatorlar tayyorlash hamda qayta tayyorlash tizimini shakllantirish masalasi o‘rtaga tashlandi, O‘zbekiston Davlat Jahon tillari universiteti xalqaro jurnalistika fakulteti tarkibida sport jurnalistikasi mutaxassisligi tashkil etildi.
Mashhur rus jurnalisti Stanislav Tokaryov sport jurnalistlarida quyidagi 5 ta sifat: jurnalistlik, kompetetlik (ma’lum holat xususida to‘g‘ri mulohaza yuritishga imkon beradigan bilimlarga ega bo‘lish), donolik, insoniylik va so‘zga chechanlik zarur ekanini aytib o‘tgan. Bundan ko‘rinib turibdiki, sport jurnalistikasining yaxshi mutaxassisi bo‘lishi uchun bizdan, mavjud sport turlarining qonun-qoidalari, hayotimizda tutgan o‘rni haqida bilimga ega bo‘lish talab qilinadi. Statistik ma’lumotlarga egalik, chet tillarini mukammal bilish, ijodda xolislik, yuksak bilimlilik, odob va albatta mahorat sport jurnalisti uchun asosiy mezonlarga aylanmog‘i lozim. Ammo oldimizda shunday muhim vazifa turibdi, eng avvalo yosh jurnalist kadrlar uchun o‘zbek tilida hali yaratilmagan sport jurnalistikasi nazariyasi o‘quv qo‘llanmalarini soha mutaxassislaridan kutib qolamiz.
Nigora G‘AFFOROVA,
O‘zDJTU talabasi