Tez tibbiy yordam brigadalarining kechikishi oldi olinmoqda
Yurtimizda aholi turmush darajasini yanada yaxshilash, ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati va samaradorligini oshirish borasida tom ma’noda yangilanish va rivojlanish jarayonlari kechmoqda. Bu, albatta, sog‘liqni saqlash tizimining shoshilinch va tez tibbiy yordam xizmati faoliyatiga ham taalluqlidir. Zero, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev har bir ma’ruza va nutqlarida, uchrashuvlarda xalqimizni rozi qilish uchun, eng avvalo, sifatli tibbiy xizmatga bo‘lgan talabni qondirish nihoyatda zarurligini kuyunchaklik bilan bot-bot ta’kidlamoqdalar.
Davlatimiz rahbari joriy yil 5 yanvar va 7 fevral kunlari sog‘liqni saqlash sohasi vakillari bilan bo‘lgan uchrashuvlarida shuningdek, Prezidentimiz raisligida 30 mart kuni o‘tkazilgan videoselektor majlisda ham tizimning bugungi holatini tahlil qilib, mavjud masalalarni hal etishda, xalqimiz salomatligini yanada mustahkamlash yo‘lida olib borilayotgan sa’y-harakatlarni yangi bosqichga olib chiqishda muhim burilish yasab berdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 16 mart kuni imzolangan “Shoshilinch tibbiy yordamni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni hamda “Shoshilinch tibbiy yordamning faoliyatini tashkil etishni yanada takomillashtirish va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ayni shu maqsadlarni ko‘zlagani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Shu munosabat bilan joriy yilning 22 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan “Shoshilinch va tez tibbiy yordam tizimi: dolzarb masalalar va istiqboldagi rejalar” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Tadbir mamlakatimizda shoshilinch va tez tibbiy yordam sohasida qabul qilinayotgan me’yoriy hujjatlar mazmun-mohiyatini chuqurroq o‘rganish, yaratilayotgan imkoniyat va qulayliklardan aholini yaqindan tanishtirish hamda tizim oldida turgan vazifalar va istiqboldagi rejalarni muhokama qilish maqsadida tashkil etildi.
Mustaqillik yillarida mamlakatimizda aholiga shoshilinch va tez tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha o‘ziga xos infratuzilma yaratildi. Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning viloyatlardagi filiallari, tuman va shahar tibbiyot birlashmalari qoshidagi bo‘limlari, mamlakatimizning barcha hududlaridagi tez tibbiy yordam xizmati stansiyalari va sanitar aviatsiya xizmati xalqimiz salomatligi yo‘lida faoliyat yuritayotir.
Mazkur xizmat o‘z oldiga aholiga malakali ixtisoslashtirilgan, yuqori texnologiyali shoshilinch, tez va kechiktirib bo‘lmaydigan holatlarda tibbiy xizmat ko‘rsatish, samaradorligi bo‘yicha jahon talablariga mos keladigan shoshilinch tibbiy yordam tizimini tashkil etish, xorijiy turdosh tashkilotlar bilan yaqin hamkorlik o‘rnatish kabi vazifalarni maqsad qilib qo‘ygan.
Eng asosiysi, soha rivoji yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar natijasida shoshilinch tibbiy yordam tizimida yiliga 600 ming nafardan ziyod bemorga yuqori malakali statsionar va 1 million nafardan ortiq bemorga ambulator yordam hamda 7 milliondan ziyod chaqiriqlar bo‘yicha xizmat ko‘rsatilmoqda.
Shoshilinch holatlarda bemorga yordam ko‘rsatish uchun zarur vositalarga ega bo‘lgan shoshilinch yordam brigalari zudlik bilan yetib borishi muhimdir. Shundan kelib chiqib, yil oxirigacha 1200 ta tez tibbiy yordamga ixtisoslashtirilgan avtotransport vositasi sotib olinishi rejalashtirilgan bo‘lsa, shu kunlarda zarur vositalar bilan jihozlangan 200 ga yaqin tez tibbiy yordam avtomashinalari xarid qilinib, ehtiyoj baland bo‘lgan hududlarga yetkazib berildi.
Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirining joriy yil 13 fevraldagi “Tez tibbiy yordam avtotransportlarining ixtisoslashtirilgan va umumtarmoq brigadalarini, tez tibbiy yordam xizmati chaqiriqlarida ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlar uchun zarur bo‘ladigan dori-darmonlar va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlash normativlarini tasdiqlash haqida”gi buyrug‘iga ko‘ra, tez tibbiy yordam xizmatining bitta maxsus brigadasida 41 nomdagi, umumtarmoq brigadasida esa 36 nomdagi dori vositalari bo‘lishi belgilandi va ular bilan ta’minlash ishlari jadallik bilan olib borilayotir.
Bundan tashqari, shoshilinch holatlarda tibbiy yordam brigadasi ishini tashkillashtiruvchi asosiy bo‘g‘in — tez yordam xizmati dispetcherlari qayta o‘qitilib, ularga nisbatan talablar ham oshirildi. Endi dispetcherlarning kasbiy mahorati va malakasini mustahkamlash uchun ular qayta o‘qitiladi. Chunki bugungi kun dispetcherining vazifasi faqat murojaatni yozib olib, uni kerakli mutaxassisga yetkazish emas, zarur holatda u murojaat qiluvchiga tez tibbiy yordam brigadalari yetib borguniga qadar ko‘rsatilishi lozim bo‘lgan birinchi tibbiy yordam bo‘yicha maslahatlar bera olishi ham kerak.
Olib borilayotgan islohotlarning yana bir ahamiyatli jihati shundaki, birlamchi tibbiy bo‘g‘inda tibbiy xizmatning tezkorligini ta’minlash va shu orqali shoshilinch va ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatga tushayotgan yuklamalarni yengillashtirish maqsadida yaqinda poytaxtimizdagi jami 60 ta shahar oilaviy poliklinikalarning har biriga ikkitadan, jami 120 dona “DAMAS” rusumli avtomashinalar topshirildi. Endilikda bemorlarning uyiga borib, eng kerakli tibbiy muolajalarni amalga oshirish, zarur holatlarda ularni oilaviy poliklinika yoki boshqa tibbiyot muassasasiga yetkazib borish xamda patronaj xizmatini ko‘rsatish kabi vazifalar o‘z vaqtida, kechiktirilmay amalga oshiriladi. Avtomashinalar o‘z hududi bo‘ylab harakatlangani bois, yo‘llar tirbandligidan kelib chiqadigan tez yordam birigadalarining kechikishi kabi holatlarning oldi ham olinadi.
Tadbir davomida mazkur tizimning bugungi holati, tez tibbiy yordam xizmatining sifat va samaradorligini oshirish, shoshilinch tibbiy yordam sohasidagi ilmiy tadqiqotlar ko‘lamini kengaytirish hamda bu borada xalqaro hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha Prezidentimiz tomonidan belgilangan aniq vazifalar ijrosi haqida ham so‘z yuritildi.
Shoshilinch tibbiy yordam haqida so‘z borganda biz, avvalo, kafolatlangan, sifatli va tezkor tibbiy yordamni tasavvur qilamiz. Bugun yurtimizda ushbu sohani rivojlantirish yo‘lida belgilangan vazifalar va berilayotgan imtiyozlar, soha uchun ajratilayotgan zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar tizim mutaxassislari olib borayotgan ilmiy izlanishlarning saviyasini yuksak darajada oshirish, shoshilinch holatlarda diagnostika va davolashning yangi istiqbolli usullarini ishlab chiqish, rivojlantirish imkoniyatlarini yanada kengaytiradi.
Bu esa tez tibbiy yordam xizmatining sifat va samaradorligini oshirish, aholining har bir murojaatiga amaliy yordam bilan javob qaytarish, eng muhimi, xalqimizni ushbu tizim faoliyatidan rozi bo‘lishiga erishishga xizmat qiladi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi
Axborot xizmati