Ijodga qanot imkoniyatlar

O’zbekiston Badiiy Akademiyasida o`tkazilgan “Tasviriy san`at festivali” haftaligi iqtidorli yoshlar uchun o’z ijod namunalarini namoyish etish va ijodida yangi sahifalar ochishlari uchun keng imkoniyatlar eshigini ochdi. Biz yosh rassomlarning ijodi bilan yaqindan tanishdik:

Otabek Abdurahmonov ana shunday iqtidor egalaridan. U poytaxtimizning Olmazor tumanidagi 106-zaif eshituvchi bolalar maktab-internatining 5-sinf o’quvchisi. Shuningdek, 21-Bolalar musiqa va san’at maktabining rassomchilik yo’nalishida ta’lim oladi. Uning o’z dunyosi, o’z ertaklari bor. Shundanmi, tabiat go’zalliklarini ertaklarda tasvirlashga xarakat qiladi.

O’zi ta’lim olayotgan bilim maskanida sinflararo «Asfaltga rasm chizish» yo’nalishida 1-o’rinni egallagach, unda o’ziga bo’lgan ishonch yanada ortgan edi. Keyinchalik Otabek 2012 yilda o’tkazilgan «Yangi avlod» Bolalar musiqa va san’at festivalining «Tasviriy san’at» «Ye» yo’nalishida faol ishtirok etib, ijodiy ishlari shahar bosqichida 1-o’rin, respublika bosqichida 2-o’ringa munosib deb topildi.

San’at xaftaligi doirasida o’tkazilayotgan ko’rgazmada u o’zining tabiat manzaralari, natyurmort, portret janridagi ijodiy ishlari bilan ishtirok etdi. Kelajakda mohir rassom bo’lish uning ezgu niyati.

Orzular – maqsadga yetaklar

Abbosjon Abdurahmonov poytaxtimizdagi 152-maktabning 6-sinfida tahsil oladi. Bir kuni otasi Ikrom aka uni o’zi mehnat qilayotgan «O’zbekfilm» studiyasiga olib bordi. U yerda animatorlar multfilm ishlayotgan edi. Bu jarayonni kuzatar ekan, Abbosjonda ana shu kasbga qiziqish uyg’ondi. Endi u o’qishdan bo’sh vaqtida hayolan ertaklar olamiga sho’ng’ib, o’zi sevgan ertak qahramonlarining suratini chizishga harakat qilyapti.

U shuningdek, sog’ligini mustahkamlash maqsadida 230-maktab qoshida tashkil etilgan suzish mashg’ulotlariga tez-tez borishni xush ko’radi. Ana shu harakatlari bois bu yil mart oyida suzish bo’yicha o’tkazilgan Respublika musobaqasida tengdoshlari orasida 2-o’rinni egallab, kumush medal sohibi bo’ldi.

Kelajakda milliy qahramonlarimiz hayoti va faoliyati aks etgan multfilm, animatsion va xujjatli filmlar yaratishini orzu qiladi.

Yurtim – ilhom bulog’im

– Bolaligimdan rasm chizishga qiziqardim. Chunki ijodiy ishda erkinlik bor. Boshqa fanlardan tutgan daftarlarimga ham rasm chizib qo’yaverardim. Keyin yangi daftar olishga to’g’ri kelardi,– deydi Respublika rassomlik kollejining 2-bosqich o`quvchisi Zahro Abdurahmonova.

– O’qituvchimiz Muxtor aka Zoirovdan tengdoshlarim qatori rangtasvir, chizmatasvir, kompozitsiya yo’nalishlari – rang tanlash, chizish qonunlarini qunt bilan o’rganyapman.

Yana o‘qing:  O‘zbekistonda 3D o‘lchamli kitoblar chop etilmoqda

Badiiy Akademiyada bo’lib o’tgan san’at xaftaligida ustozimiz o’tkazgan mahorat darslari menda katta taassurot qoldirdi.

Asosan fusunkor tabiat manzaralari, shahrimizga go’zallik baxsh etayotgan osmono’par imoratlar, bozorlarni to’ldirib turgan dehqon bobolarimizning peshona teri evaziga yetishtirilgan mahsulotlar menga ijodiy ilhom beradi. Mazkur san’at haftaligida natyurmort, portret, manzara, etyud yo’nalishlaridagi ijodiy ishlarim bilan ishtirok etdim.

Taniqli rassom O’rol Tan­siqboyevning manzara yo’na­lishidagi ijodi bilan ko’proq qiziqaman. O’zim ham ko’proq shu yo’nalishda ijod qilaman.

Kelajakdagi orzularim elimizning taniqli rassomlariga tenglashib, yurtimiz go’zalliklarini dunyoga tanitishdir.

Baxtli el farzandiman

– deydi Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti 1-bosqich talabasi Nazir ABDUQOROV.

– Men O’zbekistonning baxtli farzandiman. Chunki uning muqaddas tuprog’i men uchun naqadar ulug’ va qadrli ekanini vaqt o’tgan sayin yanada chuqurroq his qilmoqdaman. Bolaligimda ilk bor tog’am Shamsiddin Shernazarov tomonidan yaratilgan turli ko’zachalar, guldonlar, milliy idish-tovoqlarni ko’rganimda menda kulolchilik kasbiga mehr uyg’ongan. Birinchi bor dastgohga o’tirib, loydan guldon yasaganimda quvonchim ichimga sig’magandi.

Bugungi kunda o‘zim tahsil oladigan bilim dargohida ustozlarim Komiljon Siddiqov, Farhod Toshmuham­me­dov­lardan kulolchilik kasbining charxda ishlash, loy bilan ishlash, kompozitsiya qilish sirlarini qunt bilan o’rgan­moq­daman.

O’zbekiston Badiiy Aka­de­mi­ya­sida o’tkazilgan «Tasviriy san’at festivali» haftaligida o’z ijodiy ishlarim bilan ishtirok etdim. Charxni aylantirib turli guldonlar-u ko’zachalar yasayotganimda atrofimga bolalar yig’ilib kelishdi. Ularni qiziqtirgan savollarga javob berar ekanman, charxga o’tirib o’zlarining ilk mehnat mahsulidan bahramand bo’l­gandagi quvonchini ko’rib, tanlagan kasbimdan faxrlandim. Kelajakda yurtimiz markazlari, istirohat bog’lari, ko’cha­larimizning yanada go’zal va bektakror bo’lishiga o’z ijodim va mehnatim bilan munosib hissamni qo’shishni niyat qilganman. Ayniqsa, an’anaviy kulolchilikni zamonaviy badiiylikka uyg’un holda tasvirlasak, betakror go’zallik yaratamiz. Ulardagi shijoat va o`ziga bo`lgan ishonchni ko`rib chin dildan havas qildim va osmonlarga teng orzularining ushalishida omad tiladim.

M. QURBONBOYEVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: